O‘zbekiston | 11:39 / 13.04.2020
192973
7 daqiqa o‘qiladi

Karantin uzoq davom etsa, qishloqni qanday qutqaramiz?

Hozirgi sharoitda qishloqlarda bir kishida 100 gektar yer, atrofdagi oilalarda esa «hech nima» bo‘lishi noto‘g‘ri. Mavjud holatni zudlik bilan o‘zgartirish kerak.

O‘zbekiston aholisining yarmidan ko‘pi qishloqlarda yashaydi. Shu bilan birga, o‘zbek qishlog‘i deyarli har tomonlama o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, o‘tgan asrning 90-yillaridayoq o‘z-o‘ziga havola etilgan ijtimoiy qatlamdir. Shundan buyon qishloq hayot uchun qo‘lidan kelgancha kurashib kelyapti. Aynan qishloqdan ketgan millionlab mehnat migratsiyasi — buning isboti.

Qishloqning unutilgani, ya'ni tadqiqotlardan, ijtimoiy-iqtisodiy monitoringdan chetda qolgani, buning oqibatida uning ochiq va yashirin muammolar maskaniga aylangani aynan hozirgi holatda — davomli karantin sharoitida kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin. Zero, qishloq muammolari ko‘lamini... deyarli hech kim bilmaydi.  

Yuzaga kelgan holat go‘yo barmog‘ini bigiz qilib bizga buyuk ijtimoiy-iqtisodiy nomutanosibligimizni — 4 million gektar atrofida ishlov beriladigan yerlarimiz bo‘la turib, ko‘p millionlik qishloq ishsizligiga, buning oqibati o‘laroq ko‘p millionlik mehnat migratsiyasiga duchor bo‘lib turganimizni aytib turibdi (darvoqe, mehnat migrantlari endilikda uylariga qaytishdi, qishloqdagi ishsizlar armiyasi safini kengaytirib).

Agarda shahar bu — ko‘plab aholi, idoralar, muassasalar, tashkilotlar jamlanmasi bo‘lsa, qishloq unday joy emas. Boz ustiga, shahar odamlarining huquqiy ongi birmuncha shakllangan, qishloqda esa unday emas. Shaharlik qo‘qqisdan favqulodda qiyin ahvolda qolsa ko‘chaga chiqib yordam so‘rab xitob qilsa ham (bu hozirda aql bovar qilmaydigan holat bo‘lib ko‘rinsa-da, favqulodda holatda bunaqa manzarani tasavvur etish qiyin emas) unga mahalliy idoralar va jamoatchilikning e'tibori tushadi. Qishloqda esa bu kabi holatda xitobingizni hech bir yuqori idora eshitmaydi.

Mamlakatning uzoq tumanlariga yana bir narsa xos — markazdan uzoqlik sababli mansabdorlar o‘z majburiyatlariga nisbatan sovuqqondir. Shuning uchun, masalan, shu tobda qishloq aholisiga yordam tarzida markazdan ajratilayotgan mablag‘larni talon-toroj qilish yuqori ehtimol bilan ko‘plab marta sodir bo‘ladi. Va bu yomon niyatda emas, balki shunchaki odat bo‘lib qolgani sababidan yuz beradi.

Holat nihoyatda ekstremal tus olmasidan avval, uni yaxlit anglamoq lozim — karantin cheklovlari yana biroz davom etsa qishloq oilalari iqtisodiy inqirozga yuz tutadi: chet eldan pul jo‘natmalar barham topdi, zaxiralar tugaydi, shaharliklardan farqli o‘laroq, qishloq odamlarining aksari korxona va tashkilotlarda ishlamaydi — oylik maoshi olishmaydi. Qishloq ahlining daromadi aksar kunlik urinishlar, kommunikatsiyalar, bozor kon'yunkturasiga bog‘langan.

Nima qilish kerak?

Hozirgi — salbiy oqibatlarini avvaldan aytib bo‘lmaydigan favqulodda vaziyatda tez fursatda qishloq oilalariga kichik (deylik, 0,5–1 gektar) yer maydonlarini berib, ularni foydali iqtisodiy faoliyat bilan band qilish maqsadga muvofiq bo‘lib ko‘rinyapti. Bu qaror odamlarning bir joyga to‘planishi oldini olgan holda ularni ish bilan ta'minlash imkonini beradi. Buni hozir qilishni boshlash kerak, bir necha oydan keyin hosil olinib, oilalar daromad ko‘rishi uchun.

Mamlakat yangi tarixida bu tajriba qo‘llangan — 1990-yillarning boshida, sobiq SSSR qulagani oqibatida iqtisodiy aloqalar uzilganidan so‘ng o‘zbek qishloqlarini gumanitar inqirozga aylanib ketishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy inqirozdan aynan oilalarga yer ajratish qarori qutqarib qolgan edi.

O‘shanda millionlab oilalar meva-sabzavot yetishtirish bilan band bo‘ldilar, bozorlar mahsulot bilan to‘ldi, davlat esa oziq-ovqat xavfsizligi tashvishidan deyarli qutuldi. Asosiysi — inqirozdan chiqib olindi.

Oilalarga erkin foydalanishga yer berishning mazkur muvaffaqiyatli tajribasi keyinchalik — inqirozdan o‘tib olgandan so‘ng unutildi. Ammo bu boshqa mavzu.

Hukumatimiz tomorqachilikni rivojlantirish uchun oilalarga subsidiya berishga qaror qildi va bu juda yaxshi. Bu tadbir tomorqasi bor-u, ammo undan foydalanish uchun mablag‘i bo‘lmay turgan oilalar uchun rosa asqotadi.

Biroq qishloqda yashovchi oilalarning katta qismi hozirda yetarlicha tomorqaga ega emas — 90-yillarda oilalarga ajratilgan tomorqalarning aksari allaqachon bu davr ichida ulg‘aygan farzandlarga oila boshliqlari tomonidan bo‘lib berilgan va bu joylarda uylar qurilgan — yangi oilalar umrguzaronlik qilishyapti, o‘z navbatida, ular ham o‘z farzandlarini katta qilishyapti. Shuning uchun hozir oilalarni iqtisodiy foydali faoliyatga to‘laqonli jalb etish uchun yana yer ajratish kerak bo‘ladi.       

Shu yerda aytib o‘tish kerakki, ba'zi tumanlardagi mansabdorlar tomonidan «odamlar tomorqalarida yaxshi ishlamayapti», deb berilayotgan «svodka»lar o‘zni chekkaga olib qochib, odamlarni aybdor qilishdan boshqa narsa emas. Qaysidir tumanda tomorqachilik yaxshi rivojlanmagan bo‘lsa, bunga ma'lum obektiv sabablar bor va ayni o‘sha muammolar sabab tomorqachilikdan odamlarning ko‘ngli sovigan. Mahalliy hokimlar bu sabablarni o‘rganib chiqishi lozim, hammasini sub'yektiv sabablarga to‘nkab qo‘ymasdan. Odamlar hamma joyda bir xil, sharoitlar turlicha.

Afsuslanarlisi shuki, bunday «svodka»lar mamlakat yuqori rahbariyatini odamlarga yer berish masalasida ikkilantirmoqda, to‘g‘ri qarorlar qabul qilishga to‘siq bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, meva-sabzavot eksporti uchun maksimal qulaylik muhitini yaratish favqulodda ahamiyat kasb etadi. Zero, busiz yuqoridagi chora natija bermaydi. Eksport uchun yo‘llarni katta ochmoq lozim. Oziq-ovqat xavfsizligi uchun lozim bo‘ladigan mahsulot zaxirasi esa davlat kuchlari bilan shakllantirilishi kerak bo‘ladi. 

Hozirgi sharoitda bir kishida 100 gektar yer, atrofdagi oilalarda esa «hech nima» bo‘lishi noto‘g‘ri bo‘ladi. Mavjud holatni o‘zgartirish kerak. Vaziyat birqancha hududlarda fermerlarning faoliyatini to‘xtatib turib, yerlarni qismlarga (kvadratlarga) bo‘lib, bu qismlarni raqamlab, yerda ishlashni istayotgan oilalarga ijaraga berishni va bu oilalarni meva-sabzavot yetishtirish uchun kerakli narsalar bilan ta'minlashni taqozo qilmoqda.

Zero, hozir qishloqlarda odamlarni band qiladigan va iqtisodiy ta'minlaydigan yerdan boshqa manbaning o‘zi yo‘q.

Shokir Sharipov.

Mavzuga oid