O‘zbekiston | 11:21 / 15.04.2020
35697
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda aholini qo‘llab-quvvatlashning ikki-uchta yo‘li o‘rganilmoqda - Qo‘chqorov

Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Kun.uz'ga intervyu berdi. Unda hukumatning iqtisodiy-moliyaviy bloki pandemiya ortidan paydo bo‘lgan inqirozni yengib o‘tish, uning oqibatlarini yumshatish haqida fikr va mulohazalar bildirildi.

Foto: KUN.UZ

«Qiyin ahvolga tushib qolgan aholini qo‘llab-quvvatlash masalasi birinchi kunlardanoq muhokamada bo‘ldi. Klassik sxema bu. Hozirgi inqirozda talab ham, taklif ham yo‘q. Odamlarning daromadi tushib ketyapti. Vaziyatimiz murakkabroq. Norasmiy ishlayotganlar ko‘p, shu sababli buni amalga oshirish qiyinroq bo‘lyapti. Gap katta mablag‘lar haqida boryapti.

Xalqaro valuta jamg‘armasi mutaxassisi budjet va davlat sektorida oylik-maoshlarni vaqtincha qisqartirish kerakligi haqida tavsiya berdi. Masalan, 4 mln so‘mdan yuqori hamma oyliklar qisqartirilishi lozim. Iqtisod qilingan pulni hammaga bo‘lib berish, buni jamoatchilik ko‘tarib chiqishi kerak, birdamlik lozimligi aytildi. Shunda jami millat inqirozdan chiqib ketadi. Bu inqiroz hukumatning aybi bilan yuzaga kelmadi. Bu XVJ xodimining gaplari.

Aholini qo‘llab-quvvatlashning ikki-uchta yo‘li o‘rganilmoqda. Birinchisi, bolalar orqali to‘lash. Kim xohlamasa, olmasin, chunki hammadan ma'lumotnoma to‘plashga vaqt ketadi, bungacha inqiroz ham o‘tib ketadi. Bitta salbiy tomoni - bolasi bo‘lmagan yoshlar, oila qurmagan mustaqil yigit-qizlarimiz bor. Ular chetda qoladi.

Ikkinchisi, oilalarga berish. Bunda har bir oilaga pul to‘lash. Oiladagi bolalarni hisobga olmasak, to‘g‘ri bo‘lmaydi. Farzandlarini uyli-joyli qilgan, shundoq ham pensiya olayotgan keksalar, oylik olayotgan oilalarga bunday yordam berilishi kerakmi yoki yo‘q. Bu masalada vaqt yetishmaydi. Rahbariyat bir necha marotaba ushbu masalani o‘rganish topshirig‘ini berganlar», - dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Mavzuga oid