Jamiyat | 18:42 / 12.05.2020
34127
13 daqiqa o‘qiladi

Qo‘shnichilik odobi – mukammal iymon sharti. Xayrulla domla Turmatov bilan suhbat

Ba'zida qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida ayrim ko‘ngilni xira qiluvchi holatlar ro‘y berayotgani qulog‘imizga chalinib qoladi. Vaholanki. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: «Jabroil alayhissalom menga qo‘shni haqida shunchalik vasiyat qildilarki, qo‘shni qo‘shniga merosxo‘r bo‘lib qoladimi, deb o‘ylab qoldim», deganlari haqida hadislar bor.

Ramazon oyidagi suhbatlarimizning navbatdagisida Toshkent viloyati bosh imom xatibi Xayrullo domla Turmatov qo‘shnichilik haqlari va uning odoblari xususida so‘zlab beradi.

Islom qo‘shnilarni 3 toifaga ajratadi

Qo‘shnichilik bugungi kundagi dolzarb mavzu. Buni juda ahamiyatli ekanini shundan bilamizki, Alloh taolo Qur'oni Karimning Niso surasida shunday marhamat qiladi:

«Allohga ibodat qilinglar, unga hech narsani sherik qilmanglar, ota-onaga yaxshilik qiling va qarindoshlarga, miskinlarga, shuningdek, yetimlarga va yaqin qo‘shniga, yoningizdagi qo‘shniga, yon qo‘shniga yaxshilik qiling».

Bu oyatda 3 xil qo‘shnini alohida zikr qilib o‘tadi. Qur'oni karimda qo‘shnichilik oyatlarining zikr qilinishi bu munosabatning nihoyatda jiddiyligidan dalolat beradi va bu ma'no hadisi sharif bilan mustahkamlanadi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam aytdilarki: «Jabroil har safar kelganida, oyat keltirganlarida menga vasiyat qilardilar: «Qo‘shningizga ehtiyot bo‘ling, qo‘shnichilik munosabatiga ahamiyat bering», deb qayta-qayta aytardilarki, men yaqin orada insonning qo‘shnisi, farzandi kabi mol-u dunyosiga merosxo‘r bo‘lib qolsa kerak, deb o‘ylardim. Har safar kelganlarida qo‘shnichilik haqida aytardilar».

Kunlik taomingizda qo‘shnining haqi bor

Yana bir hadisda aytiladi: «Kimda kim Allohga iymon keltirsa, oxirat kunidan umidvor bo‘lsa, qo‘shnisiga yaxshilik qilsin».

Qo‘shnisiga yomonlik qilganlar-chi? Qo‘shniga yomonlik qilsa, demak, oxiratdan umidvorlik yo‘q, iymoni mukammal emas.

Hadislardan birida Payg‘ambar alayhissalom aytadilarki, «Kimda kim qo‘shnisi och bo‘lgan holda o‘zi to‘q bo‘lib tong orttirsa, iymoni mukammal emas».

Har kuni kechqurun qaynatgan qozoningizdagi bir kosa ovqatda qo‘shnining haqi bor.

Qo‘shni imorat qurishda qo‘shnidan izn oladi

Dinimiz qoidalariga ko‘ra, qo‘shni qo‘shnisining ruxsatisiz uning imoratidan baland imorat qurmasin. Imoratni o‘zining yeriga quradi, lekin qo‘shnisining imoratidan baland qilmasin. Nega? Uni quyoshdan to‘sib qo‘ymasin, uning roziligini olsin.

Odob yuzasidan imorat qurayotgan inson derazasini qo‘shni tomonga ko‘rinadigan qilib qurmaydi. Chunki bu birovning oilasiga nazar solish bo‘lib qoladi.

Qo‘shnichilik odoblari nimalar?

Qo‘shni orasidagi haqlar haqida gap ketar ekan, qo‘shni biror joyga safar qilsa, uyini o‘zinikiday muhofaza qilib turadi; muhtoj bo‘lsa, yordam beradi; bemor bo‘lsa, holidan xabar oladi; maslahat so‘rab chiqsa, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi; uning bilmagan narsasini o‘rgatadi, qo‘shnining xursandchiligidan xursand bo‘ladi, boshiga tushgan musibatdan tashvishga tushadi.

Bu – qo‘shnilar o‘rtasida lozim bo‘lgan odoblardir.

3 toifa qo‘shnilar kimlar?  

Yuqorida iqtibos keltirilgan oyatdan kelib chiqib, ulamolar qo‘shnilar 3 toifaga bo‘linishini aytishgan. Birinchi toifa shunday: u bilan sizning orangizda bitta haq, ya'ni qo‘shnichilik haqi bo‘ladi.

Shunday qo‘shni borki, u bilan sizning orangizda ikkita haq bo‘ladi. U ham bo‘lsa, qo‘shnichilik va musulmonlik haqi.

Shunday qo‘shni ham borki, uning qo‘shnisida uchta haqi bo‘ladi. Qarindosh qo‘shni musulmonlik, qarindoshlik va qo‘shnilik haqiga ega.

Insonning qo‘shnisi boshqa dinga e'tiqod qilsa, yuqoridagi sanab o‘tganlarimiz qo‘shnichilik haqlariga qiradi. Agar u musulmon bo‘lsa, islom huquqlari ham qo‘shiladi.

Musulmonning musulmonda haqi bor. Ko‘rishganda salom berish, aksa urganda sog‘ bo‘ling, deb qo‘yamiz. Hayotda yo‘lidan adashsa, to‘g‘ri yo‘lga solishga harakat qilish, vafot etsa, janozasida ishtirok etish musulmonlik haqi bo‘ladi.

Qo‘shniga aziyat berish 10 kishiga aziyat berish bilan barobar

Agar qo‘shni qarindosh bo‘lsa, 3ta haq bo‘ladi. Qarindoshlik haqi ham bor bu yerda. Bordi-keldi, maslahat, yaqin munosabat o‘rnatish shunga kiradi.

Yana shunday munosabat borki, qo‘shniga yomonlik qiladigan, qo‘shnichilik munosabatlarini bilmaydigan insonlarga ham hadislarda bir so‘z bor: inson qo‘shnisining bitta tovug‘ini o‘g‘irlasa, boshqa joyda o‘nta xonadonga o‘g‘irlik qilganga teng bo‘ladi.

Bitta qo‘shniga aziyat yetkazish, boshqa joyda o‘n kishiga aziyat yetkazish bilan barobar.

OAVda eshitamiz: falon mahallada o‘g‘irlik bo‘ldi, qotillik bo‘ldi, bezorilik bo‘ldi... Bir mahallada shunday gunoh sodir bo‘lsa, uni ikkinchi yurtdan kelib boshqa birov qilmaydi. Uni shu atrofni yaxshi bilgan, shu insonni tanigan, mol-mulkini bilgan inson qiladi. Demak, qo‘shni o‘g‘irlayapti yoki chetdan kelgan odamga uning qo‘shnisi ma'lumot beryapti. U – sherik. Uning qo‘shnisiga qilgan ishi o‘nta oilani tunagan bilan barobar.

Ichkilik ichib qo‘shnilarga aziyat yetkazish ko‘payib ketdi. Mana shunaqa holatlar ko‘payganidan qo‘shnilar orasida samimiyat yo‘qolyapti, natijada qo‘shni boshiga ish tushsa, odamlar yugurib chiqmaydigan bo‘ldi. Nimaga? U – qo‘shnichilikni bilmaydigan odam. U – bezori.

Musulmonlar bir narsani anglashlari kerakki, qanday aziyat yetkazadi yoki yo‘q unga yaxshi qo‘shnichilik munosabatini qilaverish kerak. Ayniqsa, shahar joylar, ko‘p qavatli uylarda ba'zi qo‘shnilar bir-birini tanimaydi.

Har tomondan 40 kishi qo‘shni sanaladi

Vaholanki, kitoblarimizda kelishicha, inson yashagan joyida bir tomondan 40tagacha, ikkinchi tomondan 40tagacha xonadon qo‘shni bo‘larkan.

Shuning uchun xalqimizda bir bolaga yetti mahalla ota-ona bo‘ladi, degan naql bor va yetti mahalla qo‘shnining bolasini tartibga chaqirishga haqi bor bo‘lgan.

Inson boshiga ish tushganda birinchi qo‘shni xabar oladi

Qo‘shnilar o‘rtasidagi munosabatlar darz ketishining bosh sababi – xalqimiz qo‘shnichilik munosabati farishta Jabroilning Payg‘ambar alayhissalomga qilgan vasiyatlari ekanini yaxshi tushunib yetmasligidandir.

Allohning inoyati, Qur'onda zikr qilingani, kuni kelib Jabroil alayhissalom vasiyatda shunday bardavom bo‘laversalar, inson mol-dunyosi farzandiga qoladigan bo‘lsa, qo‘shniga ham ulush ajratib qolsak kerak, degan darajaga borilishi qo‘shnichilik munosabatlarining ahamiyatini anglatib turadi.

Chunki inson boshiga ish tushganda oldiga birinchi keladigani qo‘shnisi bo‘ladi. Uzoqdagi qarindosh yetib kelgunicha qo‘shni chiqib mushkulingizni oson qiladi yoki farzandingiz holi haqida xabar beradi yoki xonadoningizga keladigan odamga siz haqingizda yaxshi axborot beradi.

Uydan oldin qo‘shni ol...

Arablarda bir maqol bor: «Uydan oldin qo‘shni ol, yo‘ldan oldin yo‘ldoshni so‘ra».

Bir joyga safarga borasan, desa yo‘l qancha masofa yoki u yerda qancha vaqt bo‘laman, deb emas, kim bilan boraman, deb so‘rang. Agar yo‘ldoshingiz yaxshi bo‘lsa, safarda mashaqqat ko‘rmaysiz.

Uy olaman desangiz ham, hovlisi, imorati qanday ekan, deyishdan oldin qo‘shnilari kimligini o‘ylash kerak. Qo‘shnilari iymonli, diyonatli bo‘lgan joyda har qanaqa muammo hal bo‘lib ketadi. Qasr uyda yashasangiz-u, qo‘shningiz nobop bo‘lsa, u joydagi hayotingiz farovon bo‘lmaydi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: «Sizlar Allohning yer yuzidagi guvohlarisiz», deb marhamat qilganlar. Bizning har qanday holatimizda guvohlikka o‘tadiganlar bu – qo‘shnilardir.

Ajdodlarimiz qo‘shnichilik masalasida hatto qabr qo‘shnim ham yaxshi bo‘lsin, deb niyat qilishgan. Axir, yonidagi qabrda inson rohatda bo‘lsa, bu qo‘shnigayam sharofati bor. Yonidagi qabrda olov bo‘lsa, yonidagi insongayam uning tafti bor.

Muso payg‘ambarning jannatdagi qo‘shnisi

Muso alayhissalom Allohdan hayotlik davrida jannatdagi qo‘shnisini ko‘rsatishni so‘rabdilar. U kishiga ilhom bo‘lib falon mamlakatdagi bir qassob jannatda qo‘shni ekani bildirilibdi. Izlab borib, qaragach, Muso alayhissalom qo‘shnim shumikan, deb ikkilanibdi. Keyin yaqinlashib, bir kunga uyidan joy so‘rab, bir kecha tunabdi. Qarasa, uyda savatda bir narsa osig‘liq ekan. Unda munkillab qolgan qariya onaxon. Qassob onasiga g‘amxo‘rlik qilish uchun uylanmay, faqat shu onasi uchun yashab, ishga ketganda shu savatga qo‘yib ketar ekanlar. Qaytganida sochini tarab, yuz qo‘lini yuvib, taom berarkan. Bir kechada Muso alayhissalom qassobning onasiga qilgan xizmatini ko‘rib, «ey Parvardigor, roziman», degan ekan.

Jannatdagi qo‘shnilarimiz ham ana shunday insonlar bo‘lishi uchun biz ham atrofimizdagi qo‘shnilarga chiroyli munosabat qilishimiz, ular Allohning huzurida ham bizning haqimizga yaxshilikka o‘tishlari uchun, eng asosiysi, Allohning buyurgan amri, Payg‘ambar alayhissalomning ko‘rsatmalariga muvofiq munosabat o‘rnatsak, shunda dunyoda va oxiratda saodat ahlidan bo‘lamiz.

Ikki kishining orasini isloh qilish uchun yolg‘onga ruxsat bor

Payg‘ambar alayhissalom hadisi shariflarida aytiladi: «Ikki insonning orasini isloh qilishning ajr-u savobi nihoyatda katta».

Qo‘shnilar o‘zaro kelishmay qolgan vaqtda o‘sha atrofdagi qolgan qo‘shnilarga, ular xoh ahli ilm bo‘lsin, oqsoqollar bo‘lsin, juda katta mas'uliyat tushadi. O‘zaro kelishmay turgan insonlarning orasini isloh qilish Islomda juda katta savob ish. Shu ikkita inson orasini isloh qilish nuqtayi nazaridan yolg‘on gapirishga dinimiz ruxsat beradi.

Yer talashgan yerniki...

Imom G‘azzoliy shunday hikoya qilgan: «Ikki kishi yer talashar ekan. Biri bu joy menga otamdan qolgan desa, ikkinchisi bu joyni hokim menga xatlab bergan, derkan. Ikkoviyam bir-biriga ketmon ko‘tarsa, Yer aytarkan: bunisiyam, unisiyam meniki. Bir kun kelib ikkoving ham menikisan».

Shunday ekan, dunyoda qoladigani – odamiylik, iymonlilik. To‘g‘ri tushuntirib bu dunyoda hal etilmaydigan muammoning o‘zi yo‘qligini uqtirish kerak.

Hadisda musulmon musulmonga birodar ekani aytiladi. Unga zulm ham qilmaydi, o‘z holiga ham tashlab qo‘ymaydi. Ikkita musulmon arzimas narsani deb bir-biriga zulm qilmasligi va atrofdagilar ham beparvo bo‘lib o‘z holiga tashlab qo‘ymasligi ham kerak. Qo‘ni-qo‘shnilar orasidagi kelishmovchilik ko‘pchilikning hushyorligi bilan muolaja qilinadi.

Payg‘ambarimiz yahudiy qo‘shnisini ham unutmagan

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning ko‘p hadislarida bu voqea keltirilgan. Ma'lumki, Madinada yahudiylar ko‘p bo‘lgan. Ular bilan murosa qilib yashalgan. Payg‘ambar alayhissalom bir kuni hazrati Ali va boshqa bir sahobiyga qurbonlik qilib, uning go‘shtini tarqatishni buyurdilar. Ular kimdan boshlashni so‘rashganida, «mana shu qo‘shnidan boshlang», deya yahudiy qo‘shnisini ko‘rsatdilar. Bu yahudiy-ku, deyishsa, «u qo‘shni», deb javob berdilar.

Hazrati Umar roziallohu anhuning hayotida ham bunday voqealar juda ko‘p bo‘lgan. U kishi qurbonlik qilib go‘sht tarqatgan paytlarida so‘yuvchi qassob va xizmatchilar go‘shtni maydalab tarqatgunlarigacha «yahudiy qo‘shni qolib ketmadimi», deb 3 marta qayta so‘raganlar.

Inson xayr-saxovatni ham, kechqurungi taomidan kim bo‘lishidan qat'i nazar qo‘shniga ilinishi bu – Islomning go‘zalligidir.

Mavzuga oid