Jamiyat | 02:25 / 14.05.2020
53070
5 daqiqa o‘qiladi

«Mavhumlik qiynayapti». Sardobaliklar bilan suhbat

1 may kuni «Sardoba» suv ombori 6-piket devori yorilishi oqibatida yirik toshqin ro‘y bergandi. Birinchi kunning o‘zida qariyb 70 ming odam xavfsiz hududga evakuatsiya qilindi.

Hozirga qadar boshpanasini yo‘qotgan aholi soni aniq hisoblanmagan. Negaki, ayrim uylar toshqindan so‘ng batamom yo‘q bo‘lsa, boshqalari yashash sharoitiga ega emas. Joylarda toshqin oqibatlarini bartaraf etish ishlari jadal davom etyapti. Ammo paydo bo‘lgan manzara dilni xira qiladi.

Mash'um voqeadan 12 kun o‘tib, Sardobadagi suv bosgan mahallalar oralab, jabr ko‘rgan aholini suhbatga tortdik.

Laziz Sanaqulov

«Yurtdosh» mahallasida istiqomat qilgan sardobalik Laziz Sanaqulov oila a'zolarini xavfsiz joyga ko‘chirib, xarobaga aylangan uyini tartibga solmoqchi.

«Otam rahmatli shu yerdagi xo‘jaliklarda mehnat qilgan. Men ham shu yerda tug‘ilib, ulg‘aydim. Oliy ma'lumotliman, Toshkent davlat agrar universitetini tamomlab, o‘z yo‘nalishim bo‘yicha ishladim. Ikki yildan beri bekorchi bo‘lib qoldim, yerlarimizni klaster o‘ziga oldi. U yerga meni ishga qabul qilmadi.

Kasbga qayta tayyorlash kurslari tashkil etilgandi, u yerda muallimlik qilishni boshlaganimda pandemiya tufayli ishlar to‘xtadi. Uch farzandimning kattasi maktab o‘quvchisi, uyda teledarslarni qoldirmay tomosha qilib, darslarni qilayotgandi. Hech kim kutmagandi bu voqeani. Hech narsa ko‘zga ko‘rinmay, bolalarni qo‘lga olib, katta ko‘chaga chiqdik», - deydi u.

Undan boshpanani qanday tiklashi, daromad topishi va bu yilgi qishdan omon chiqish uchun o‘ylab qo‘ygan rejalari haqida so‘radik.

«Tasavvurimga sig‘dirolmayman, bir nima deyish ham qiyin. Kattaroq, tushunadigan odam kelib, unday bo‘ladi yo bunday ish qilamiz, deya yo‘naltirsa ekan, mayli edi. Ish tartib bilan ketmayapti. O‘ylab o‘yimga yetolmayapman. Farzandlarimiz o‘qishi-chi? Bundan keyingi ahvol-chi?

Qizim har kuni qo‘ng‘iroq qilib: dada, qachon uyga ketamiz, deydi. Nega bizning uyimiz oldida suv ombor qurishgan, deb savol beradi. Xalq qiynaldi-da, nima bo‘lsayam», - deya ko‘zdagi yoshni yashirolmadi u.

Shu mahallada istiqomat qilgan Bobur esa toshqin tufayli o‘ylab qo‘ygan rejalari barbod bo‘lganidan tushkun kayfiyatda qolgan.

Bobur Xursandov

«Darvozaxonada ikki xonali uyim bor edi. Mehmonxonalarga kirib bo‘lmaydi. Tizza bo‘yi loy to‘lgan. Barcha mebel yaroqsiz bo‘libdi, o‘tinga aylangan. O‘zim Guliston davlat universitetida 4-bosqich talabasiman. Shu sharoitda darslarni onlayn topshiryapman. Aloqa yo‘qolib qolgandi, endi paydo bo‘ldi. Imtihonlar topshirishim kerak.

Toshqinga qadar rejalarim ko‘p edi. Lekin hozir boshpanani tiklab olishim kerak. Qolaversa, o‘qishda diplom himoyasini bajarishim kerak. Hamma narsa noma'lum. Oilamizning asosiy daromadi hovlida tomorqa va chorvadan edi. Ular ham yo‘q, o‘qish uchun to‘lov qilishim kerak. Mablag‘ni qayerdan olaman? Ammo shu sharoitga ko‘nishga majbur bo‘lyapman», - dedi u.

Universitetni hali bitirmagan talaba Bobur fojiadan omon qolgan kuchugining boshidan silab, ho‘l bosgan kitoblarni oftobda quritmoqda.

«Bu kitoblar juda qimmat. Undan tashqari, bir qancha badiiy asarlarni saqlab qoldim. Negaki, kitoblarni topish juda qiyin. O‘tkir Xoshimov ijodiga qiziqaman, Oybek, Qahhor, Abdulla Qodiriy - har xil kitoblar bor. Ammo ulardan keyin foydalanish mumkinmi, bilmayman», - deya achinish hisi bilan kitoblariga qaradi talaba Bobur.

Umuman olganda sardobaliklarni mavhumlik qiynayapti: bundan keyin aholi turmushini qayta tiklanishi uchun nimalar qilinishi haqida aniq reja yo‘qligi odamlarni siqib qo‘ygan.

Kimdir sizlarga ko‘p qavatli uy qurib beramiz, deb ketadi. Boshqasi hovli joyni ta'mirlaymiz, desa, yana biri bu uylarda endi yashab bo‘lmasligi, barchasi buzilishi haqida gapiradi. Vaqt esa o‘tib boryapti...

Alisher Ro‘zioxunov
Tasvirchi: Abdusalim Abduvohidov

Mavzuga oid