O‘zbekiston | 17:50 / 20.05.2020
49668
2 daqiqa o‘qiladi

Maktab bitiruvchilariga shahodatnoma berish tartibi ma'lum qilindi

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatovning «Umumiy o‘rta ta'lim maktablarida 2019–2020-o‘quv yilini yakunlash va o‘quvchilarni attestat (shahodatnoma) bilan ta'minlash to‘g‘risida»gi buyrug‘i e'lon qilindi. Unda maktab bitiruvchilariga attestat berish tartibi haqida ma'lumot berildi.

Joriy yilning 5 iyunigacha bitiruvchilarga attestat (shahodatnoma va sertifikat) blankalariga qo‘yiladigan yakuniy baholar attestat.uzedu.uz elektron tizimiga kiritiladi va belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi. 15 iyunga qadar chop etilgan attestatlar elektron shaklda (skaner) bitiruvchilarga yetkaziladi. Tayyorlangan attestatlar, oltin va kumush medallar hududda epidemiologik vaziyat yaxshilanib, o‘quvchilarga topshirilguncha ta'lim muassasasida xavfsizlik choralarini ko‘rgan holda saqlab turiladi.

Shuningdek, karantin cheklovlari olib tashlangandan so‘ng sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etgan holda  yillik baholar, IV chorakda masofaviy shaklda o‘tilgan mavzular sinf jurnaliga va o‘quvchining baholar tabeliga  qayd etiladi. 1 iyungacha o‘quvchilar yillik baholariga muvofiq sinfdan sinfga ko‘chiriladi. Sinf jurnallari, o‘quvchilarning baholar tabeli, attestat.uzedu.uz elektron tizimiga kiritilgan ma'lumotlarning to‘g‘riligi va haqqoniyligi uchun shaxsan maktab direktorlari javobgar hisoblanadi.

Bundan oldinroq Xalq ta'limi vazirligi O‘zbekistondagi maktablarda o‘tishi lozim bo‘lgan yakuniy imtihonlarni bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qilgandi. Unga ko‘ra maktablarga o‘quv yili davomidagi o‘zlashtirishga qarab yakuniy baholarni qo‘yish tavsiya etilgan.

Mavzuga oid