O‘zbekiston | 16:04 / 23.05.2020
87228
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘rikzor» bozori karantinga yopildi. Sotuvchilardan birida virus aniqlangan

Toshkentdagi «O‘rikzor» savdo majmuasida koronavirus infeksiyasi aniqlandi, bozor vaqtinchalik yopildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi hushyorlikka chaqirmoqda.

Ma'lum qilinishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan hududlar, jumladan, Toshkent shahri aholisi o‘rtasida koronavirus infeksiyasini erta aniqlash hamda tarqalishining oldini olish maqsadida barcha dehqon bozorlari va yirik savdo majmualari ishchi-xodimlari, sotuvchilari hamda yuk tashuvchilaridan profilaktika maqsadida koronavirus infeksiyasiga laborator tahlillar uchun surtma namunalari olish ishlari tashkil etilgan.

«Bugungi kunga qadar dehqon bozorlari va yirik savdo majmualarida ishlovchi 6251 nafar fuqaro profilaktik maqsadda koronavirus infeksiyasiga tekshirildi. Shu jumladan, kuni kecha «O‘rikzor» savdo majmuasi  MChJda jami 789 nafar fuqarodan surtmalar olingan. Tahlil natijalariga ko‘ra, mazkur savdo majmuasidagi oziq-ovqat do‘konida sotuvchi bo‘lib ishlovchi fuqaroda koronavirus infeksiyasi tasdiqlandi. Ayni paytda ushbu bemor bilan muloqotda bo‘lgan barcha fuqarolar o‘rnatilgan tartibda qat'iy karantin kuzatuviga olindi», degan Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi Malika Qudratxo‘jayeva.

Shunga ko‘ra, «O‘rikzor» savdo majmuasida epidemiologik surishtiruv ishlarini o‘tkazish hamda kasallik tarqalishining oldini olish, bozorda epidemiyaga qarshi va profilaktik tadbirlarni tashkil qilish hamda ta'mirlash, sanitar tozalash va zararsizlantirish ishlarini o‘tkazish maqsadida tuman hokimligi bilan kelishilgan holda, bozor ma'muriyati tomonidan savdo majmuasi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.

Bozorda epidemiologik surishtiruv ishlari yakunlanib, sanitar tozalash va zararsizlantirish tadbirlari amalga oshirilgach, majmua yana o‘z faoliyatini davom ettiradi.

«Ko‘rinib turibdiki, ayni kunlarda aholi orasida hamon koronavirus infeksiyasiga chalinganlar aniqlanmoqda. Ushbu holatlardan ayon bo‘lyaptiki, yon atrofimizda koronavirusga chalinganlar yo‘qligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Bu esa har qanday vaziyatda ham koronavirus yuqtirib olishning ehtimoliy xavfidan hushyor bo‘lishimizni, ehtiyot choralarini doimiy ko‘rishimizni talab etadi. 

Shu sababli Sog‘liqni saqlash vazirligi xalqimizdan, yana bir bor, ba'zi joylarda berilgan erkinlikni noto‘g‘ri tushunmasdan karantin qoidalariga, jumladan, ijtimoiy masofani saqlash, ya'ni qo‘l berib yoki quchoqlashib ko‘rishishdan tiyilish, jamoat joylarida to‘planmaslik, ayniqsa, yoshlarni zaruratsiz ko‘chaga chiqmasligini, qo‘llarni tez-tez va yaxshilab yuvish, tibbiy niqob taqish kabi qoidalarga qat'iy amal qilishlarini, shuningdek, muborak Ramazon hayiti bayramini uyda, oila davrasida bayramona kayfiyatda nishonlashlarini so‘raydi. Bu o‘zingiz va yaqinlaringiz xavfsizligi uchun juda muhim», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid