Jahon | 19:10 / 31.05.2020
132991
6 daqiqa o‘qiladi

Havo nega isib ketmoqda: insoniyatga qanday xavf bor?

So‘nggi paytlarda dunyo iqlimi misli ko‘rilmagan o‘zgarishga yuz tutmoqda. Muzliklar eriyapti, dengiz sathi ko‘tarilmoqda, o‘rmonlar yonib ketmoqda, yovvoyi hayvonlar ham jon saqlashga tobora qiynalmoqda. Afsuski, bu kabi salbiy holatlarning ortida inson omili turibdi.

Foto: AFP

Tabiat ham qo‘l qovushtirib turgani yo‘q: inson to‘pponchadan o‘q uzsa, u zambarak bilan javob qaytaryapti.  

Ortda qolayotgan hafta boshida Jyenevada o‘tkazilgan virtual matbuot anjumanida BMT Jahon meteorologik tashkiloti (WMO) vakili Klare Nullis yil boshidan beri olinayotgan o‘lchov natijalariga asoslangan holda, 2020 yilda shimoliy yarimsharda harorat rekord darajaga ko‘tarilishi mumkinligini aytdi.

U koronavirus epidemiyasi bu bo‘yicha profilaktika choralarini ko‘rishni qiyinlashtirishini ta'kidlar ekan, aholi punktlari va odamlarni himoya qilish zarurligini aytdi. Haddan tashqari yuqori haroratga tayyor turish kerakligi haqida ogohlantirdi.

Issiqdan himoyalanish uchun qanday tavsiyalar berildi?

WMO’ning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari orqali tarqatilgan chora-tadbirlar to‘plamida quyidagi tavsiyalar berildi:

  • tashqarida issiqdan asrovchi soyabonli bosh kiyimda yurish;
  • yetarli miqdorda suv ichish;
  • bilaklarni sovuq suv bilan ishqalab yuvish;
  • oyoqlarda qon aylanishini tezlashtirish uchun spirt bilan massaj qilish;
  • peshona va yelkaga muz kompresslarini qo‘yish;
  • elektr jihozlari va sun'iy yoritish yoki boshqa har qanday issiqlik manbasi bo‘lgan vositalarni o‘chirib qo‘yish.

Internetda e'lon qilingan ushbu ma'lumotnomada Covid-19 xavfini oshirmagan holda ehtiyot choralarini ko‘rish lozimligi, chunki issiq havo insonlar sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligi alohida ta'kidlangan.

Shuningdek, epidemiya sharoitida yuqori harorat bilan bog‘liq kasalliklar va o‘limlar sonini kamaytirish uchun yangi harakatlar rejasi tuzish, favqulodda yordam olish uchun yangi aloqa kanallarini yaratish zarurligi qayd etilgan.

Global isish dunyo xaritasini qanday o‘zgartirmoqda?

Bugungi kunda shimoliy yarimshardagi muzlar shiddat bilan erishda davom etmoqda. Afsuski, buni hech kim to‘xtata olmayapti. Xo‘sh, ahvol shunday davom etsa, ertaga insoniyatni nimalar kutmoqda?

Kristian Aid tomonidan nashr etilgan hisobot global isish natijalari insoniyatga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Agar barcha muzliklar erib ketsa, dengiz suvi o‘rtacha 65 metrga qadar ko‘tariladi. Bu esa dengiz sathiga yaqin quruqliklarning suvga g‘arq bo‘lishini anglatadi.

Hisobotga ko‘ra, muzliklar erishi eng katta ta'sir ko‘rsatadigan mamlakatlardan biri bu Angliyadir.

Angliya. Hozirgi kunda
Angliya. Muzlar erigandan so‘ng.

Suratlarga diqqat bilan razm solinsa, Irlandiya Respublikasi va Buyuk Britaniya qirg‘oqlari suv ostida qolishini, orollar kichrayib ketishini ko‘rish mumkin.

Dunyo 137 yil davomida qanday o‘zgarishga yuz tutdi?

O‘tgan davrda NASA xavf ko‘lamini ko‘rsatish uchun 1880 yildan 2017 yilgacha bo‘lgan iqlim o‘zgarishlarini aks ettiruvchi materiallarni nashr etgandi.

Unda global iqlim isishining nechog‘lik shiddat bilan o‘sib borayotgani aks etgan.

1880 yil
2017 yil

Bu nimani anglatadi?

Shu oy o‘rtalarida Afina milliy rasadxonasi tomonidan berilgan bayonotda esa keyingi 150 yil ichidagi eng issiq kun 16 may yakshanba kuni Egey va O‘rta Yer dengizida kuzatilishi, harorat birdaniga eng kamida 10 daraja ko‘tarilishi ma'lum qilingandi.

Olimlarning ta'kidlashicha, 2050 yilga borib, muzliklar erishi bilan dengiz sathi bir futdan 2,3 futgacha ko‘tariladi. Bu esa ob-havo yanada ekstremal bo‘lishini, kuchli bo‘ronlarni, qurg‘oqchilik ortishini, o‘simliklar va hayvonlar yashay oladigan maydonlar kisqarishini, tarixan muzliklardan kelib chiquvchi suv ta'minotining butkul yo‘qolishini anglatadi.

Hamma ofatlarga o‘zimiz sababchimiz

AFP

Turk muhandislar va me'morlar palatalari ittifoqining (TMMOB) Meteorologiya muhandislari palatasi prezidenti Ahmet Ko‘sening ta'kidlashicha, dunyo harorati 1960 yilga nisbatan 2 darajaga ko‘tarilgan. Ushbu jiddiy o‘sish o‘z navbatida muzliklarning erishiga sabab bo‘lyapti. Global iqlim o‘zgarishi nafaqat Turkiyada, balki dunyoning juda ko‘p mamlakatlari bo‘ylab kuchli yomg‘ir, qisqa do‘l va bo‘ronlar – tabiiy ofatlarni keltirib chiqarmoqda. Shamol tezligining keskin oshishi esa aholi turar-joylari va qishloq xo‘jaligi ekinlariga jiddiy zarar yetkazmoqda.

Ko‘se, shuningdek, dunyoda har yili taxminan 410 million odam meteorologik ofatlardan aziyat chekayotgani, 7 ming 600 kishi hayotdan ko‘z yumgani va tabiiy ofatlarning 6 foizi o‘limga, 16 foizi esa jarohatlarga sabab bo‘lganini ta'kidladi.

Ko‘se global iqlim o‘zgarishi natijasida kelib chiquvchi bunday ofatlar davom etishiga urg‘u qaratdi.

«Bu ofatlarga, aslida, o‘zimiz sababchimiz. Karbonat angidrid «issiqxona effekti»ni keltirib chiqarmoqda. Karbonat angidrid ortishiga esa ortiqcha energiya iste'moli, transport sabab bo‘lmoqda. Bugun dunyo bo‘ylab millionlab transport vositalari harakatlanmoqda, millionlab uylar isitilmoqda. Eng yomoni, insonlarning iste'mol madaniyati buzildi. Ilgari bir nechta kiyim bilan kifoyalanardik, endi esa javonlar liboslarimiz uchun torlik qilib qolyapti. Birgina kostyumning o‘zi taxminan 17 tonna suvdan iborat», deydi u.

Ayni paytda ko‘plab iqlimshunos mutaxassislar agar qisqa vaqt ichida dunyo harorati 2 S° (3,6° F) dan oshib ketsa, katta ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik falokatlar ro‘y beradi, degan fikrni ilgari surishmoqda. Bu esa insoniyatni jiddiy xavf kutib turganini, tabiat bilan bog‘liq har qanday masalada o‘ylab qadam bosish lozimligini anglatadi.

Mavzuga oid