Jahon | 21:12 / 01.06.2020
41175
3 daqiqa o‘qiladi
AQSh shaharlaridagi tartibsizliklar. Asosiy ma'lumotlar
AQShda afroamerikalik Jorj Floydning o‘limi sababli bir necha kundan buyon tartibsizliklar davom etmoqda. Mamlakatning o‘nlab shaharlarida komendantlik soati joriy etildi.
Voqealar rivoji
- AQShdagi tartibsizliklar bir haftacha avval, 25 may kuni afroamerikalik Jorj Floyd politsiya tomonidan qo‘lga olinish chog‘ida halok bo‘lganidan boshlandi.
- Namoyishlar Floydning o‘limi sodir bo‘lgan Minneapolisda boshlandi va tartibsizliklarga aylanib ketdi.
- Boshqa shaharlarda dastlab tinch namoyishlar bo‘lib o‘tayotgandi, ammo keyin ularda ham tartibsizliklar boshlandi.
- Namoyishlar davomida 4 mingdan ortiq kishi hibsga olindi, bir necha kishi halok bo‘ldi.
- Tartibsizliklar sababli milliy gvardiyaning 5 ming askari safarbar qilindi, yana 2 ming askar jangovar shay holatda turibdi.
- Noroziliklar bois 40ga yaqin shaharda komendantlik soati joriy etildi.
- CNN telekanalining xabar berishicha, Oq uy yaqinidagi tartibsizliklar chog‘ida AQSh prezidenti Donald Tramp rafiqasi Melaniya va o‘g‘li Berron bilan bir soatga yaqin vaqtini bunkerda o‘tkazgan.
Namoyishlar sababi
- 46 yoshli Floyd soxta puldan foydalanganlikda gumonlanib qo‘lga olindi. Politsiyachilardan biri Derek Shovin Floyd nafas ololmay qolganini aytishiga qaramasdan, uning bo‘ynini tizzasi bilan bosib turgan.
- Bu holat tasvirlangan lavha internetda tarqaldi.
- Floyd bir necha soatdan keyin kasalxonada vafot etdi.
- Uni qo‘lga olishda ishtirok etgan to‘rt politsiyachi ishdan bo‘shatildi.
- Shovin qotillikda ayblanib hibsga olindi.
- Ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, Floyd bo‘g‘ilishdan emas, salomatligi bilan bog‘liq muammolar va ehtimoliy zaharlanish oqibatida vafot etgan. Floydning qarindoshlari ekspertiza natijasidan norozi bo‘ldi va mustaqil ekspertlarga murojaat qilmoqchi.
Tartibsizliklarga nisbatan javob
- AQSh prezidenti Donald Tramp bu namoyishlarning adolatga hech qanday aloqasi yo‘qligini aytdi va mamlakatda boshboshdoqlikka yo‘l qo‘ymaslikka va'da berdi.
- Sobiq prezident Barak Obamaning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Syuzan Rays tartibsizliklarga Rossiya aloqador bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminni ilgari surdi.
- Kreml uningbu nuqtai nazarini xato deb atadi.
- Amerika amaldorlari ommaviy namoyishlar COVID-19 tarqalishi kuchayishiga olib kelishidan xavotirlanmoqda, deb yozadi The New York Times.