Jamiyat | 20:59 / 02.06.2020
45728
3 daqiqa o‘qiladi

«Avto 60 oy» ishi bo‘yicha tergov yakuniga yetdi

«Avto 60 oy» MChJning mansabdor shaxslariga nisbatan jinoiy ish bo‘yicha dastlabki tergov yakuniga yetdi. Ular soxta tadbirkorlik, pul mablag‘larini noqonuniy jalb etish, firibgarlik va boshqa jinoyatlarda ayblanmoqda.

«Avto 60 oy» kompaniyasining mansabdor shaxslariga nisbatan jinoiy ish bo‘yicha dastlabki tergov yakuniga yetdi. Bu haqda O‘zbekiston IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.

Ish bo‘yicha J. B., O. M., E. Q., M. X. va M. G. ayblanmoqda. Tergovda aniqlanishicha, ular 2018−2019 yillarda CATALEA MEDIA va Avto 60 oy kompaniyalariga asos solib, aholidan UzAuto Motors avtomobillarini dastlabki to‘lov va foizlarsiz bo‘lib to‘lashga sotib olish uchun pul to‘plagan. Buning uchun fuqarolarga mashina rusumidan kelib chiqqan holda 2 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha qiymatdagi maxsus flayerlarni sotib olish taklif qilingan.

Bu vaqt davomida «Avto 60 oy» 19,3 ming mijoz bilan shartnoma tuzib, 54,3 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ jalb qilgan, ushbu pullarning bir qismi kompaniya hisobiga kiritilgan bo‘lsa, bir qismi shaxsiy ehtiyojlar uchun sarflab yuborilgan. Tergov davomida yetkazilgan 47,7 mlrd so‘mlik moddiy zararning 36,8 mlrd so‘mi qoplangan.

J.B., O.M., E.Q., M.X.,ga Jinoyat kodeksining 179-modda (Soxta tadbirkorlik), 1881-moddasi 3-qismi «a,v» bandlari (Pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat), 184-moddasi 2-qismi «a» bandi, 184-moddasi 3-qismi (Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash), 168-moddasi 4-qismi «a,v» bandlari (Firibgarlik) va 243-moddalari (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan ayblov e'lon qilindi.

M.G.,ga nisbatan esa JKning 179-modda, 1881-moddasi 3-qismi «a,v» band, 184-moddasi 2-qismi «a» bandi, 184-moddasi 3-qismi, 168-moddasi 4-qismi «a,v» bandlari, 243-modda, 167-moddasi, 2-qismi «a, v, g» bandlari (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi 2-qismi «b» bandi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish), 228-moddasi 3-qismlari bilan avvalgi ayblov to‘ldirilib, shu kuni dastlabki tergov harakatlari tamomlangan.

«Avto 60 oy» mansabdor shaxslariga qarshi jinoiy ish o‘tgan yilning oktabr oyida qo‘zg‘atilgan edi.

Mavzuga oid