O‘zbekiston | 20:15 / 10.06.2020
7600
3 daqiqa o‘qiladi

Parlament qo‘mitasi raisi dunyoda ro‘y berayotgan jarayonlarga baho berib o‘tdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining bugun bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishida dunyoda kechayotgan voqealar, xususan turli davlatlardagi namoyishlar va So‘x voqealari bo‘yicha parlament qo‘mitasi a'zolarining pozitsiyasi ma'lum qilindi.

Yig‘ilishda so‘z olgan qo‘mita raisi Erkin Solihov dunyoda ro‘y berayotgan tartibsizliklar haqida so‘z yuritib, So‘x tumanidagi mojaroga ham munosabat bildirdi.

«Bugun biz tez sur'atlar bilan o‘zgarib borayotgan, shiddatli va ayni paytda o‘ta murakkab zamonda yashamoqdamiz. Mamlakatning tinchligi, sarhadlarining daxlsizligi nafaqat harbiy xizmatchilarga, balki fuqarolarimiz qonunlarga rioya etishlariga hamda qadriyatlarimizni hurmat qilishlariga ham bog‘liq.

Jahonda ruy berayotgan ommaviy chiqishlar bilan bog‘liq voqea va hodisalarning sabablari ham turlidir. Ayrim hollarda fuqarolar o‘z erki va huquqlarini himoya qilish, shuningdek yig‘ilib qolgan ijtimoiy va iqtisodiy muammolarga e'tiborni qaratish maqsadida qonun doirasida o‘tkazayotgan norozilik namoyishlaridan davlatning asoslariga zarba berishga intiluvchi g‘araz niyatli kuchlar o‘z maqsadlarida foydalanmoqdalar.

Yer yuzining qaysidir bir chekkasida yuz bergan voqeadan bir necha soniya ichida butun dunyo ahli xabar topmoqda. Bugun AQSh, Yevropaning qator davlatlarida bo‘lib o‘tayotgan ko‘p kunlik namoyishlar, butun dunyo jamoatchiligi tomonidan xadik va xavotir bilan kuzatilmoqda», – dedi Erkin Solihov.

Ta'kidlanishicha, har qanday noqonuniy namoyish tartibsizlikning sababi bo‘lib, jamiyatning ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishiga salbiy ta'sir etadi.

Qonunchilikda mitinglar, namoyishlar, yig‘ilishlar fuqarolarning siyosiy huquqlarini amalga oshirish mexanizmi bo‘lib, ular demokratiyaning muhim prinsiplaridan biri hisoblanadi.

Ammo, tinch namoyishlar tartibsizlik hamda o‘zgalarning hayoti va mulkiga zarar yetkazishdan farqlanishi, unda yurt tinchligi va xavfsizligiga tahdid soluvchi, vayronkor g‘oyalar va yovuz niyatli kuchlar tomonidan boshqarilmasligi hamda amalga oshirilmasligi lozim.

 «So‘x tumanidagi tartibsizliklar qanday kelib chiqqani maxsus komissiya tomonidan o‘rganilyapti. Natijalar keng jamoatchilikka yetkaziladi.

Shuningdek, prezidentning oxirgi uch yillikdagi siyosatiga ko‘ra qo‘shni davlatlar bilan yaxshi munosabat davom ettirilishi, mavjud muammolar dialog va muzokaralar bilan hal qilinishi kerak», – deya ta'kidladi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi.

Kengaytirilgan yig‘ilish davomida qonun loyihasi muhokamasi bilan bir qatorda qo‘mita a'zolari va yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan mamlakat tinchligi va xavfsizligiga tahdid soluvchi voqea va hodisalarning oldini olishga qaratilgan fikr va mulohazalar ham bildirildi.

Mavzuga oid