O‘zbekiston | 23:35 / 06.07.2020
25938
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 86 yoshli bemor koronavirus tufayli vafot etdi

19 iyun kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan 86 yoshli bemor koronavirus tufayli olamdan o‘tdi. Bu O‘zbekistonda koronavirus tufayli qayd etilgan 37-o‘lim holati bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentda koronavirus infeksiyasiga chalingan 86 yoshli bemor yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgani to‘g‘risida xabar berdi.

«Chilonzor tumanida yashovchi 86 yoshli Z.R. joriy yil 19 iyun kuni qon bosimi yuqoriligi, nutqi o‘zgarishi, qo‘l va oyoqlardagi kuchsizlik sabab Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan. 

27 iyun kuni ahvoli og‘irlashganligi sababli ushbu markazning reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan.

Unga insult, bosh miya shishi, gipertoniya kasalligi, yurak ishemik kasalligi, o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi, o‘tkir yurak va  nafas yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. 

Koronavirusga chalingan ushbu bemor (ayol) 20 yildan ortiq vaqt mobaynida gipertoniya kasalligi bilan og‘rib kelgan.

Markaz mutaxassislari tomonidan qator konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilib, davolashning doimiy nazorati ta'minlangan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor miya shishi, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

O‘zbekistonda bugun koronavirusdan 3ta o‘lim holati (qatorasiga ikkinchi kun) qayd etildi va jami o‘limlar soni 37taga yetdi. 

Hozirgacha Toshkentda 23, Namanganda 4, Samarqand, Buxoro, Surxondaryo va Jizzaxda 2tadan, Farg‘ona va Qashqadaryoda bittadan o‘lim ro‘y berdi.

 

Mavzuga oid