O‘zbekiston | 21:41 / 08.07.2020
22878
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: «Chet elda qolgan hamma fuqarolarimizni albatta olib kelamiz»

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 iyul kungi videoselektor yig‘ilishida koronavirus pandemiyasi va kuchaytirilayotgan karantin masalasida xalqqa murojaat qildi.

«Chet ellardan shu bugungacha 90 mingdan ko‘p fuqarolarimizni qaytarib olib keldik. Yana bir marta xalqimizga murojaat qilib aytmoqchimanki, chet elda qolgan hamma fuqarolarimizni albatta olib kelamiz.

Bugun topshiriq berdik, chegaralarda, ayniqsa Qozog‘iston-Rossiya chegarasidagi fuqarolarimizni tizim bilan, tartib bilan albatta olib kelamiz.

Lekin bitta narsani bilishlaring kerak, hozir zararlanganlar soni ko‘payib ketgani uchun Maxsus komissiya qaror qabul qildi. 10 iyuldan 1 avgustgacha juda ko‘p masalalarda cheklov o‘rnatishga majburmiz.

Agar zararlanganlar shu tarzda ketaversa, viloyatlarimiz ham, markazimizda ham shifoxonalar bunday ko‘p zararlanganlarni qabul qilishga tayyor emas.

Bizda hamma zaxiralar mavjud. Mana, Zangiotada katta shifoxona qurdik, kechadan boshlab odamlarni qabul qila boshladi. O‘zlaring ko‘rdinglar, juda katta karantin zonalar – nafaqat O‘rtasaroydagi, viloyatlarda ham tayyorgarlik qilganmiz. Alohida-alohida kasalxonalarni ham tayyorgarlik qilganmiz. Lekin agar Maxsus komissiya qabul qilgan choralarni ko‘rmas ekanmiz, kasallik va o‘lim ko‘payib boryapti.

Ochiq gap, O‘zbekistonda o‘lim ko‘rsatkichi eng past edi. Lekin oxirgi 10 kunda o‘lim ko‘rsatkichlari ham kun sayin o‘sib boryapti. Meni shu tashvishga sola boshladi. Agar hozir odamlarning hayoti bilan bog‘liq narsalarga e'tiborni susaytirsak, ertaga ahvolimiz yaxshi bo‘lmaydi.

Biz o‘zimiz o‘zimizni asrashga e'tibor bermayapmiz. Mana, bozorlarni ochdik, 30 kishilik to‘ylarga ruxsat berdik... Lekin 30ta odam 130taga ko‘payib ketyapti. Joylarda oddiy talablarga e'tibor berilmayapti.

Shuni inobatga olib, Maxsus komissiya qarorini hamma bajarishi shart. Uning tagida juda katta mas'uliyat yotibdi, odamlarning xavfsizligi, sog‘ligi bilan bog‘liq bo‘lgani uchun Maxsus komissiya qarorini bajarishga majburmiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya-Qozog‘iston chegarasida 2 mingdan ortiq, Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidagi «Jibek joli» – «G‘isht-Ko‘prik» nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida 3 mingdan ortiq o‘zbekistonlik vatanga qaytish uchun to‘plangan.

8 iyul kuni charter reyslar kamaytirilishi, Maxsus komissiya xalqaro aviaqatnovlarni xorijiy davlatlardagi epidemiologik vaziyatni tahlil qilgan holda ikki baravarga qisqartirishga qaror qilgani ma'lum bo‘ldi.

Mavzuga oid