O‘zbekiston | 18:10 / 09.07.2020
47203
3 daqiqa o‘qiladi

Jahongir Ortiqxo‘jayev koronavirus masalasida poytaxt aholisiga murojaat qildi

Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxt aholisiga murojaat qildi hamda sanitariya-gigiyena talablariga qat'iy rioya etishga, zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslikka va onlayn xizmatlardan ko‘proq foydalanishga chaqirdi.

Murojaatda so‘nggi oylar davomida Toshkent shahrida epidemiologik vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarganligi sababli oilaviy tadbirlar, to‘y-hashamlarning o‘tkazilishiga ruxsat berilgani, ishlab chiqarish korxonalari, qurilish va xizmat ko‘rsatish obektlarining faoliyati qayta yo‘lga qo‘yilgani, biroq karantin talablariga amal qilinmagani vaziyatni yana keskinlashtirgani qayd etilgan.

«Xotirjamlikka berilganligimiz, sanitariya va epidemiologiya nazorati talablariga to‘liq rioya etmaganligimiz, to‘ylarni 30dan ortiq kishi ishtirokida o‘tkazganimiz, boshqa oilaviy tadbirlarni ham ko‘paytirganimiz, jamoa bo‘lib yig‘ilishlar ortgani kabi karantin talablariga zid bo‘lgan harakatlar oqibatida oxirgi o‘n kunda poytaxtimizda kasallikka chalinish holatlari keskin oshib, kunlik 30-40tadan o‘rtacha 150-200tagacha ko‘paydi, o‘lim holatlari ham ortdi», deyiladi shahar hokimi murojaatida.

Jahongir Ortiqxo‘jayev aholini «koronavirus menga ta'sir qilmaydi, mendan uzoqda» degan fikrda bo‘lib, adashamaslikka chaqirdi. «Xavf ortda qolishi uchun hammamiz sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq amal qilishimiz, beparvolikka yo‘l qo‘ymasligimiz, zarurat bo‘lmaganda ko‘chaga chiqmasligimiz, jamoa bo‘lib yig‘ilmasligimiz, avvaldan mo‘ljallangan jamoaviy tadbirlarni ortga surishimiz lozim», deya qo‘shimcha qilgan u.

Murojaatda bugun aksariyat xizmatlar, hatto savdo-sotiq ham onlayn yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, har birimiz undan unumli foydalanishimiz zarurligi qayd etilgan.

Ma'lum qilinishicha, 10 iyuldan uy sharoitida davolanayotgan bemorlar hamda karantinga olingan shaxslarga tibbiy maslahat hamda axborot berishga qaratilgan tun-u kun uzluksiz faoliyat ko‘rsatuvchi 1105 qisqa raqamli Call-markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Uy sharoitida davolanayotgan bemorlar hamda karantinga olingan shaxslarga joyiga chiqqan holda tibbiy yordam ko‘rsatishga ixtisoslashgan mobil guruhlar tashkil etiladi.

Shuningdek, shahar hokimi toshkentliklarni salomatligida biror noxushlik va kasallik alomatlarini his qilganda befarq bo‘lmaslikka, darhol shifokorlarga murojaat qilish va nazoratda bo‘lishga, o‘zini yakkalash va zarur muolajalarni o‘z vaqtida ko‘rishga chaqirdi.

«Koronavirusni jamiyatning birligi, jipsligi va bu borada belgilangan barcha qoidalarga rioya qilishi bilangina yengishimiz mumkin. Bu masalada bizga yordam bering, salomat bo‘ling», deyiladi murojaat yakunida.

Mavzuga oid