Jahon | 21:56 / 10.07.2020
66870
6 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus havodan yuqishi mumkinmi: Bu haqida nimalarni bilish muhim?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining koronavirus havo tomchilari orqali yuqishini istisno eta olmasligi haqidagi bayonoti qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Foto: EPA

Mazkur masala bo‘yicha bir necha oylar davomida olib borilgan tadqiqotlarda koronavirusning havo orqali yuqishi aniqlandi. Keyingi paytlarda esa havo orqali yuqish jarayoni qanday sodir bo‘lishi haqidagi tadqiqotlar olib borilmoqda.

Ushbu tadqiqot natijalariga ko‘ra, koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha qabul qilingan choralarga o‘zgartirish kiritilgan taqdirda qo‘lni tez-tez yuvib turish va ijtimoiy masofa saqlash kabi tadbirlar qatoriga yangi qoidalar qo‘shilishi mumkin.

Ayni paytda koronavirusga asosan kontakt orqali yuqadigan virus sifatida qaralmoqda va tegishli choralar ham shundan kelib chiqqan holda joriy etilmoqda.

Xo‘sh, tomchi yo‘li va havo yo‘li orqali yuqish o‘rtasida qanday farq bor?

Tomchi yo‘li bilan yuqish (5 mikrondan ko‘p)

Yo‘talish yoki aksirish natijasida sochilgan tomchilar boshqa bir kishining ko‘z yoki og‘ziga kirishi mumkin. 

Havo yo‘li bilan yuqish (5 mikrondan oz)

Mayda zarralar uzoq muddat davomida havoda osig‘liq holda qoladi va u havo oqimi bilan yanada uzoqroq va kengroq maydonga tarqaladi. Agar bu havodan kimdir nafas olsa, havo yo‘li bilan yuqish sodir bo‘ladi. 

Havo yo‘li bilan yuqish uchga bo‘linadi:

  • To‘g‘ridan to‘g‘ri;
  • Bilvosita;
  • tomchilarning sochilishi bilan.

Tomchilarning sochilishi kasal odamning «gapirish, kulish, aksirish, yo‘talish orqali atrof-muhitga sekretsiya chiqarishi» deb ta'riflanadi va ular havoda 1 metrgacha tarqalishi mumkinligi aytiladi.

Tomchi yo‘li orqali yuqadigan kasalliklarga ko‘k yo‘tal, gripp va pnevmoniya misol bo‘la oladi.

Hozirgi vaqtda koronavirus to‘g‘ridan to‘g‘ri, bilvosita va tomchilar orqali yuqadigan kasallik sifatida tavsiflanmoqda.

Havodan yuqadigan kasalliklarning eng muhim xususiyati shundaki, virus havoda nisbatan uzoqroq osig‘liq holda turadi va katta hududga tarqala oladi.

Koronavirusning havo orqali yuqishiga oid qanday xulosalar mavjud?

Laboratoriya tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, sun'iy ravishda ayerozollangan (sepilgan) koronavirus havoda kamida uch soat davomida tirik qolishi mumkin. Biroq olimlar laboratoriya muhitida olib boriladigan ushbu tadqiqotlar muhiti haqiqiy hayotiy sharoitlari bilan bir xil emasligini ta'kidlashmoqda.

Shu bilan birga, turli joylarda uchraydigan ba'zi super yuqumli holatlar havo yo‘li bilan yuqish haqidagi shubhalarni kuchaytirmoqda. Masalan, AQShning shimoli-g‘arbida joylashgan Vashington shtatidagi Vernon tog‘ida xor mashg‘ulotlarida bir odam kamida 45 kishiga virus yuqtirgani aniqlandi. Eng qizig‘i, repetitsiya paytida ayrim odamlar virus yuqtiruvchi odamga 2 metrdan ortiq masofada yaqin kelmagan.

Shunga o‘xshash voqea Xitoyning Guangju shahrida ham sodir bo‘lgan. 24 yanvar kuni kechqurun restoranda ovqatlanib, koronavirusni olib yurgan kishi o‘sha joydagi yana to‘qqiz kishiga virus yuqtirgan.

Restoranda olib borilgan tadqiqotda virusni yuqtirgan to‘qqiz kishi konditsioner havo puflagan yo‘nalishda o‘tirgani ma'lum bo‘lgan. Havo oqimining namunalari konditsioner virusni 6 metrga qadar olib bora olishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Olimlar ayni paytda Covid-19 xastaligini keltirib chiqaradigan yangi turdagi koronavirusning barcha turlari havo orqali yuqish-yuqmasligi, bu jarayon qanday sodir bo‘lishi haqida chuqur tadqiqotlar olib borishmoqda. Shu paytgacha olingan natijalar esa havo orqali yuqishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Virusning havo orqali yuqishini aniqlash nima uchun muhim?

Kasalliklarni yuqtirish usullari qabul qilinadigan choralarni belgilashda muhim rol o‘ynaydi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan e'lon qilingan qo‘llanmada qo‘llarni sovun bilan 20 soniya davomida yuvish va ijtimoiy masofa qoidalariga rioya qilish tavsiya etiladi. Dunyoning ko‘plab mamlakatlari ushbu doirada chora ko‘rmoqda va jangovar siyosatni ishlab chiqmoqda.

Olimlarning ta'kidlashicha, bu choralar katta ahamiyatga ega, ammo ular havo orqali yuqadigan kasalliklarga qarshi yetarli emas. Shu bois konditsionerli muhitlarda, jamoat transporti va ofis kabi gavjum joylarda yangi choralarni ko‘rish kun tartibiga kiritilishi lozim.

Olimlar insonlarni nimadan ogohlantirdi, JSST nima dedi?

Ushbu haftada 32 mamlakatdan bo‘lgan 239 olim ushbu masala bo‘yicha ochiq xat e'lon qilishdi. Maktub JSSTni koronavirus bilan bog‘liq chora va ko‘rsatmalarini yangilashga chaqirdi.

Olimlar tomonidan sanab o‘tilgan chora-tadbirlar esa quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • jamoat binolarida odamlarning haddan tashqari ko‘p bo‘lishining oldini olish;
  • ichki makonlarning havosini to‘g‘ri almashtirish;
  • havo filtri tizimlariga antiseptik ultrabinafsha chiroqlarni qo‘shish. 

JSSTning infeksiyaning oldini olish bo‘yicha global muvofiqlashtiruvchisi Benedetta Allegransi ushbu masala bo‘yicha xulosalar kelishda davom etayotganini ma'lum qildi.

«Biz ushbu xulosalar haqida ochiqchasiga fikr yuritishimiz va buning oqibatlarini, shuningdek, amalga oshiriladigan choralarning ta'sirini ham yaxshi anglashimiz kerak», dedi u.

JSST tomonidan koronavirusning havo orqali yuqishi haqidagi xulosa qabul qilinishi garchi muhim qadam bo‘lsa-da, yangi qarorlar qabul qilishdan oldin aniq natijalarni ko‘rib chiqish lozim.

JSSTga infeksiya xavflari to‘g‘risida maslahat bergan professor-doktor Devid Xeymanning ta'kidlashicha, tashkilot koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha yangi strategiyalar va tavsiyalar ishlab chiqishdan avval yanada keng qamrovli tadqiqotlarning aniq natijalarini kutadi.

Mavzuga oid