O‘zbekiston | 19:28 / 13.07.2020
75429
24 daqiqa o‘qiladi

Tartibsizlik, mavhumlik va janjallar. Karantin kundaligi

26 iyun kuni Nyu-Yorkdan charter reys orqali kelgan va Toshkent viloyatidagi O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan o‘zbekistonlik N.Darveshev tvitterdagi sahifasida karantindagi kunlarini hikoya qildi.

«Karantin zonada har kimning tajribasi har xil bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Chunki, mening nazarimda, umumiy tartib, yo‘riqnomalar yo‘q. Quyida mening tajribam keltirilgan», deya yozadi u.

Birinchi kun

Camolyot yerga qo‘nishi bilan tartibsizlik, mavhumlik boshlandi. Hech kim nima qilishimiz kerakligini, bizni nima kutayotganini aytmadi, karantin zonasiga joylashish jarayoni bo‘yicha tushuntirish bermadi.

Samolyotga oq «skafandr»dagilar chiqib, pasportlarni yig‘ib olib, keyin o‘tirib kutib turinglar, deb iltimos qildi. Shunga qaramay, hamma sekin-asta o‘rnidan turib, chiqishni boshladi. Tashqarida esa bizni avtobuslar, turli xodimlar va tartibsizlik kutardi.

Oramizda qancha odam mehmonxonaga joylashishni reja qilib kelgandi. Shu bois hammamiz ko‘zimizga ko‘ringan xodimdan qanday qilib mehmonxonaga joylashsa bo‘ladi, deb so‘ray boshladik. Tabiiyki, bu savolning javobini hech kim bilmasdi.

Bagajlarimiz nima bo‘lishi haqida ham hech kim tayinli gap aytmadi. Avtobus liq to‘la. Kimdir maskasini yechib tashlagan, kimdir shofyordan eshikni ochishini, chekishga chiqmoqchiligini so‘ragan, kimdir qachon yurishimizni, bagajni kutamizmi-yo‘qmi, shunga qiziqqan.

Shunday qilib, pastdagi tartibsizlikdan yo‘lovchilar ham tartibsizlashgan. Avtobus haydovchisi savollar ko‘pligi, javob bera olmasligidan oxiri eshiklarni yopib tushib ketdi. Avtobusda bir soatdan ko‘proq o‘tirdik. Orada kimdir chiqib, avtobusdagilarni naq to‘rt marta sanab ketdi.

Birozdan keyin avtobusimizdagi bir xola janjal ko‘tara boshladi. Va nihoyat, yana yarim soatlar o‘tib, avtobus yurdi. Xursand bo‘lgandik, u esa bizni sal nariga olib borib, kolonna tashkillashtirish uchun to‘xtagan ekan. Yana yarim soatlardan so‘ng karantin zonasi tomon yo‘l oldik.

Eski ToshMIga yaqinlashganimizda avtobus yana to‘xtadi. Yarim soatcha turdik shu yerda. Sababini bilmaymiz. Uzun-quloq gaplarga qaraganda, bir-ikkita pasport yetishmayotgan ekan. Orada odamlar haydovchidan eshikni ochishini talab qilib, kimdir nafas olish uchun, kimdir chekishga tashqariga chiqdi.

Karantin zonasiga yetib keldik. U yerda ko‘p to‘xtalmadik. Blok va qatorlar tayyor, bizni kutyapti. Lekin konteynerlarga joylashish tartibi yo‘q. Har kim o‘z-o‘zicha konteynerlarga joylashib olyapti. Kimlardir sig‘may, boshqa konteynerga mo‘ralagan.

Biz ham to‘rt kishi bo‘lib birga turamiz, deb kelishdik. Avtobusdan tushib konteynerga joylashmoqchi edik, qatorda odam ko‘payib ketdi, kuting deyishdi. Eshik oldi liq to‘lgan. Avtobusda orqadagilar ham xuddi nimadandir quruq qolayotgandek tiqilib kelgan. Bir oyoqda zo‘rg‘a turibmiz.

Konteynerlarga joylashishni hech kim nazorat qilmayapti. Hamma istalganiga joylashyapti. Biz ham bittasini topib, joylashdik. Endi, men bitta konteynerda to‘rt odam desam, bir konteynerni ikkiga bo‘lishgan ekan. Yarim konteynerda, 2,5ga 6 metr joyga 4 odam ekan. Allo, masofa saqlash?!

«Sharoitlar»ni ko‘rib lol qolgan vatandoshlar janjal ko‘tarib tashqariga chiqishdi. «Mehmonxonaga olib ket bizni», deb talab qila boshladik. Gapirayotgan odamlarimiz, vaholanki, oddiy personal ekan. Kattalardan, tashkillashtiruvchilardan hech kim yo‘q. Dardingni kimga aytasan?

Baqir-chaqir, janjallardan so‘ng bir soatlardan keyin kimdir keldi va mehmonxonalar hali tayyorgarlik ko‘rib ulgurmagani va bor variantlarda 14 kun joylashish 1,5 ming dollarga aylanishini aytdi. Ovozimiz o‘chdi. Yuzinchi marta «Iltimos, ichkariga kiringlar», degan gapdan keyin ichkariga kirdik.

Konteyner ichida sanitariya holati juda rasvo. Hojatxona, dushlari kir va sarg‘ayib ketgan. «Tozalab beringlar» desak, «Bizga ichkariga kirish taqiqlangan», dedi. «Latta, dezinfeksiya vositalari beringlar, o‘zimiz tozalaymiz», dedik. Xodimlari «xo‘p, xo‘p»dan nari o‘ta olmadi.

Karantin zonasida hech kim bizga tushuntirish bergani yo‘q. Hamma o‘z bilganicha, tushunganicha yuribdi. Oqibatda tinmay tanbeh eshitamiz. Ovoz kuchaytirgichdan ora-sira karantin zonasida tartib-qoidani buzganlarga chora ko‘rilishi haqida axborot yangrab turadi.

Bizni tinchlantirish uchun tahdidlar ham qilib ko‘rishdi. Qaysidir xodim: «Bunday janjal qilaversanglar, karantin 18-20 kunga cho‘zilib ketadi, bu yerda hech qanday haqqingiz ham, huquqingiz ham yo‘q», dedi. Bizni noshukrlikda ayblaganlari ham bo‘ldi.

«Ism-familiyang kim, qanday lavozimdasan, bu yer katta xolangning zonasimas, bu yer bizning pulga qurilgan», degan javoblardan keyin biz emas, ular tinchidi. Aslida ularni ham ayblash noo‘rin. Ular ham biz bilan bir, teng kelgan. Ularga ham hech kim yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmagan.

Tasavvur qiling, 100dan ziyod odam uch nafar xodimni bir vaqtning o‘zida «suv qani?», «sochiq qani?», «test qachon?», «bagaj qachon keladi?», «arzonroq mehmonxona topib bering», «bu yerdan mehmonxonaga keyinchalik chiqib ketsa bo‘ladimi?», «u-mi, bu-mi?» kabi savollar bilan ko‘mib yotibdi.

Ikkinchi kun

Kecha to‘rt kishiga besh litrlik katta idishda berilgan suv tugagan. Uydagilarga yaxshi ham 10 litrlik idishda uch-to‘rtta suv oldirib keltirganmiz. Bagajlarimizni hali ham berishmadi. Konteynerdan kimdir: «Darvoza oldida yotibdi bagajlar», degandi. Haqiqatan ham o‘sha yoqda ekan, yig‘ib, olib keldik.

Ikkita bagajimga sirtidan qulf urganman, uchinchisining zamogi ochiq. Ichini tekshirdim – hammasi joyida. Bagajlarni olib qaytayotganimizda qo‘shni konteynerdan bir boboy mo‘ralab, uchinchi yo to‘rtinchi xodimga qarab, bo‘sh 5 litrlik idishni ko‘tarib, «suv beringlar», deb baqirib turardi. Shu kuni suv berilmadi.

Qo‘shnimizning konteyneridagi telefoni ishlamayotgan ekan. Buvi: «Bolalarimga men keldim deb aytishim kerak-ku», deb aytayotgandi. Telefonimizni dezinfeksiyalab berdim. Qaytarib olgach ham yaxshilab dezinfeksiyaladim. Karantinning oxirgi kuni shu ayolni testga natijasi shubhali deb olib ketishdi.

Joylashishimizni hech kim yozib olmagandi. Har safar: «Bu yerda necha kishi?», deb kelib so‘rayverganiga, qog‘ozga ism-familiyalarimizni yozib, tashqariga osib qo‘ydik. Termometrning batareykasi «o‘lib» qolibdi. Batareyka berishmagan ekan. Kechasi 21:00larda kelib, haroratni o‘lchab ketishdi.

Uchinchi kun

Kir yuvish uchun sanuzeldan foydalanish kerak ekan. Suyuq sovun bor, lekin kiyimlarni osishga hech nima yo‘q. Uydan tozalash vositalari buyurtma qilgandim, kechqurun yetib keldi. Niqoblar va bir yo‘la yana ikkita katta idishda suv ham oldirdim. Shvabrani postdan o‘tkazmabdi.

Postdan ko‘p narsani o‘tkazmas ekan. Sarson bo‘lib postga olib kelmaguningcha, nima mumkin-u, nima mumkin emasligini bilmaysan. Ovqatni ham o‘tkazmas ekan, chunki posilkalar yig‘ilmagunicha, ular shu issiqda postda 4-5 soatlab turarkan. Post kir yuvish kukunini o‘tkazmabdi, lekin kir yoyish uchun ip o‘tibdi.

Test olish uchun laboratoriyadagilar hali kelmagan deyishgandi, kechqurun «skafandr» kiygan to‘rt-besh xodim kelib, test olib ketdi. «Test qayerniki?» degan savolimga, «bilmaymiz», deyishdi. Testi sifatsizdek ko‘rindi, rasmlarda ko‘rganimdek uzun emas. Shishalari ham sifatsizdek.

Test natijasi ikki-uch kunda ma'lum bo‘larkan. Test javobini faqat ijobiy natija bo‘lgandagina bilarkanmiz; javob musbat bo‘lsa, «tez yordam» kelib, darrov kasalxonaga olib ketarkan, xonada qolganlarning karantin muddati esa yana 14 kunga cho‘zilarkan. Negadir ishonmadim.

To‘rtinchi kun

Tonggi 4:00da konteynerlar orasidagi yo‘lakka yugurishga chiqdim. Boshqa konteynerdan to‘rt-besh kishi eshiklaridan mo‘ralab chiqishdi. Katalakdek joyda siqilib ketarkansiz, ichkaridagi 2x4 metr oraliqda yugurish bo‘lmadi. Bosh aylanib ketardi.

Ovqatlaridan nolishni noshukrlik desam bo‘ladi. Vaqtida beryapti. Tushlikka osh berildi. Ortib qolganini qo‘shimcha qilib ham berishdi. Tushdan so‘ng choy bilan bir qutidan «toplyonoye moloko» pechenesi tarqatishdi. Haroratni tekshiradigan hamshira opa juda xushmuomala.

Beshinchi kun

Konteynerimizdagilar bilan tungi soat 3:00da navbatma-navbat tashqaridagi yo‘lakchaga yugurishga chiqdik. Tushgacha uxlashni rejalashtirdik. Tunda sovuq tushgan. Peshinda 10 litrdan suv tarqatishdi. Sharoitlarga ko‘nikyapmiz.

Oltinchi kun

Tongda mendan tashqari yana besh nafar odam yugurishga, yurishga chiqdi. Soat 7:00larda haroratimizni o‘lchab ketdi. Kechqurun haroratim 36,8 darajani ko‘rsatdi. Testlarimizning natijasi chiqqan, lekin javobini bilmaymiz. Ichimizda halovat yo‘q. Mavhumlik va kutishdan yomoni yo‘q.

Shu orada xonadoshlarimizdan birining mazasi sal qochgandek. Uning burni bitgandek, qolgan hammamizning tomog‘imiz biroz xirillagan. Qizib ketgan konteynerni sovutish uchun konditsionerni past haroratga qo‘yganmiz – hammasini shundan ko‘ryapmiz. Haroratni endi kuniga ikki marta o‘lchashyapti.

Qo‘shni konteynerdagilar bugun ochlik e'lon kilib, ichkaridan qulflab olishibdi. Baqir-chaqir eshitilyapti. Karantinga olinganiga 20 kundan oshibdi. Ularning orasidan kasallangan chiqqan, u hatto davolanib chiqib ham ketibdi, lekin bularni kasallikka shubha bor deb ushlab turishgan ekan.

Yettinchi kun

Iloji bo‘lsa, konteynerga o‘zingiz muloqot qilganlar bilan birga tushishga harakat qiling. Ba'zilar sal beparvo edi – boshqa konteynerdagilar bilan sigaret, u-bu narsa almashgan. Xatosini tan olgisi kelmaydi. «Kemaga tushganning joni bir» kabi gaplar bilan o‘zini oqlaydi.

Aytsangiz, «aql o‘rgatma!» deganday yoshini ro‘kach qiladi. Asta-sekin hamma bir-biriga yoqmay boshlayapti. Misol uchun, kimdir yarim tunda ham baland ovozda kino ko‘radi – TVning ovozini baland qo‘yib, uxlab qolgan. Telefon olib o‘tganlar esa yarim tunda Amerika bilan gaplashyapti.

Test natijalari bo‘yicha hech kimni olib ketishmabdi. Menimcha, alomatlari yaqqol ko‘rinmaguncha alohida ajratishmaydi. Bu yaxshi emas. To‘rt kishining birida virus aniqlansa va uni darrov ajratib olishmasa, katalakdek kichik bu joyda qolgan uch odam ham virusni yuqtirishi aniq.

Shu kunlarda O‘rtasaroyga olib kelingan vrach virusdan olamdan o‘tgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Endi vrachki shu yerda to‘rt kunmikan qarovsiz yotgan bo‘lsa, karantinga joylashtirilgan fuqarolarning ahvoli qanday bo‘lishini tasavvur qilavering.

Sakkizinchi kun

Tongda yugurishga ko‘pchilik chiqibdi. Sal oyoqlarning chigalini yozdirmasangiz, bo‘g‘inlar og‘riyotgandek. Bizning qatordagi konteynerlardan test natijasi hammada manfiy chiqqanmish. Hech kimni olib ketishmadi. Lekin tashqaridan eshigimizni qulflab ketganday bo‘ldi.

Ichkarida kalitlar bor. Chiqsam, qo‘shni konteynerda kimlardir qarsak chalib, milliy qo‘shiqlarga raqsga tushishayotgan ekan. Tushlikdan keyin eshigimiz taqilladi. Chiqib qarasam, skafandrdagi bitta xodim: «Nos so‘raganmidinglar?», deb adashib keldi.

To‘qqizinchi kun

Ertalab 10 litr suv berishdi. Bugun sirenalar ovozini ko‘p eshitdik. Biroz xavotirlandik. Test natijasi yolg‘ondan manfiy chiqqan bo‘lsa-chi, degan xayollar o‘tdi. Vaqt endi sekinlashayotgandek. Keyin bilsak, sirenalar konteynerlar tomiga chiqib olganlarga ta'sir o‘tkazish uchun qo‘llanayotgan ekan.

O‘ninchi kun

Takroriy test bo‘yicha qarorni bugun qabul qilishar ekan. Hamshiramiz juda muloyim. Boshqa xodimlar ham karantinga olinganlar bilan munosabat qilishni endi o‘rgangandek. Sharoitlarga ko‘nikdik. Ovqatlarni xursand bo‘lib kutib olyapmiz.

O‘n birinchi kun

Bugun ertalab harorat tekshirgani kelishmadi. O‘tgan kuni bergan bo‘lsa-da, bugun ham yana 10 litrdan suv berishdi. Kechqurun ikkinchi – yakuniy testni olishdi. Testi bu safar chet elniki va rasmlarda ko‘rganimizdek, sifatli edi. Laborantlar juda muloyim. Kayfiyatimiz yaxshi.

O‘n ikkinchi kun

Vaqt sekin o‘tyapti. Sabr tugab boryapti. Munosabatlar ham yana taranglashib boshlagandek. Kimdir konditsionerning sovuq havosi menga yetib kelmayapti deb haroratini pastlatib qo‘yganigami, yo yugurib kelib sovuq tunda cho‘milib chiqqanimgami, shamollagandekman. Tomog‘imda og‘riq bordek.

Ishqilib, haroratim ko‘tarilmasa bo‘ldi. Tomog‘imni chayyapman. Hamshira ham aytgandi, shamollashingiz ehtimoli bor, deb. Kechqurun harorat o‘lchagani hech kim kelmadi. «Ikkinchi test natijalariga qarab, ertaga bizni qo‘yib yuboradi», degan gap-so‘z tarqaldi.

O‘n uchinchi kun

«Testlar yaxshi chiqdi, bizning qatorda hech kimda yo‘q», degan xabarlar keldi. Hamma xursand va ketishga tayyorgarlikka tushib ketdik. Endi avtobus kutyapmiz. Bu yerdan qanday chiqib ketishimiz haqida hech qanday ma'lumot yo‘q. «Qo‘lingizga manfiy natija qog‘ozini beradi», deyishdi.

Aytishlaricha, karantindagilarga to‘rttamikin avtobus xizmat ko‘rsatayotgan ekan. Karantindan chiqadigan 200–250 odamni, menimcha, to‘rt-besh soat tashisa kerak. Qayerga olib borib tashlashlari haqida ham aniq ma'lumot yo‘q. Tashkiliy ishlar noldan past darajada.

Bergan telefonlarini soat 10:30larda kelib, yig‘ib ketishdi. Vaqt to‘xtab qolgandek. Lekin endi negadir: «Xabarimiz yo‘q, biz bilmaymiz, sizlarga bugun chiqasizlar deb aytmadik», deyishyapti. Noadekvatroq xodimlardan biri «hali test natijalari chiqmadi», dedi.

Endi «laboratoriyadagilar qog‘ozlarni tayyorlab ulgurmayotgan ekan», degan gap tarqala boshladi. Ishqilib, testlarni chalkashtirib yuborgan bo‘lmasin-da. Keyin, yana, «transport yetishmayotgani uchun kechikyapti» degan taxminlar ham boshlandi.

«Noadekvat xodim» aniqroq ma'lumot talab qilganimiz uchun orada bizni noshukrlikda ham aybladi. Urush-janjal boshlandi. Orada boshqa urush-janjal videosi tarqalgan. Kechqurun harbiy formada kimdir keldi. Savollarimizga javob bera olmadi. U ham bir oddiy askar ekan.

O‘n to‘rtinchi kun

Ikki kundan beri yugurishga chiqmadim. Shamollaganman, burnim sal bitgan, ko‘p aksiryapman. Tong sahardan Isuzu avtobuslar kolonnasi o‘tganini bildik. Konteynerlarga joylashishimiz qanday janjal bilan boshlangan bo‘lsa, chiqib ketishimiz ham shunday janjal bilan o‘tyapti.

Bizning qatordagilar shovqin ko‘tarib, blokimiz nazoratchisini chaqirgan. Men shamollash alomatlari bo‘lgani uchun tashqariga chiqmayapman. Tushdan so‘ng ko‘chada baqir-chaqir boshlanib ketibdi. Chiqsam, Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligidan xodim kelib, tushuntirish olib borayotgandi.

Gaplariga qaraganda, test natijalari hali yetib kelmaganmish. Laboratoriya hech qanaqasiga ulgurmayotgan ekan. Kattalar «qachon javob aniq bo‘ladi» degan talab qolib, «muomala yaxshi bo‘lmadi» va sharoitdan nolishlarga o‘tib ketdi. Orada odamlar o‘rtasida o‘zaro janjal ham bo‘ldi.

Kimdir «suv berib turishdi», deganiga boshqasi: «Suv umuman bermadi, men uydan oldirib turdim», deb ichkaridan idishlarini ko‘rsatib, baqirib ketdi. Tartibsizlik o‘z oramizda ham kuchaygan. Kattalar o‘rnak bo‘lmadi.

Keyin, bir amallab vaziyatni qo‘lga olib, agentlik xodimiga ikki soat ichida aniq ma'lumot topib kelib, bizga xabar berishini zimmasiga yukladik. Va'dasida turib, lekin to‘rt soatlardan keyin kelib, ertaga ertalabdan boshlab hammani uyma-uy tarqatish boshlanishini ma'lum qildi.

Agentlik xodimining gaplariga ko‘ra, birinchi test yaxshi chiqqan. Ko‘pchilik eshitmadi buni va xursand bo‘lib ketdi. Ba'zilar maskasiz edi. Shu kuni ba'zi qo‘shnilarimiz uxlamadi, ko‘chada gaplashib o‘tirdi. Biz vaqt o‘tkazish uchun konteynerdoshlar bilan kompyuterda o‘yin o‘ynadik.

Tashqariga ko‘p chiqmadim. Aksiraman, ovozim ham sal o‘zgargan. Orada ma'lumot qidirib tashqariga chiqqanimda, menga maskangizni yechib yuravering, deb mutoyiba qilib ham qo‘yishdi. «Agentlik xodimi faqat birinchi testni aytdi» desam, gapimga e'tibor berishmadi.

Tashqaridagilar bir-birlari bilan telefonlarini almashishgan, unga bu bergan, bundan u olgan, asosan sigaret almashishdi. Maskaga endi e'tibor berishmayapti. Ba'zilar o‘zi shundoq ham maskani burnining, iyagining ostidan taqib yurardi.

O‘n beshinchi kun

Tong bilan ko‘pchilik ko‘chaga chiqib olgan. Vaqt o‘tmayapti. Shamollash alomatlarim pasaygan. Burnim, tomog‘im ancha yaxshi. Haroratim ko‘tarilmadi shu kunlarda. Xursandman. Uydagilarni ogohlantirib qo‘ydim, qo‘yib yuborishsa, uyda maskada yurishim haqida.

Ertalabki soat 8:00lardan «qachon ketamiz», deb yana talab qilishni boshladik. Ko‘pchilik ko‘chada. Sanepidem va osoyishtalik agentligi xodimiga telefon qila boshladik. Kechagina: «Ertaga ertalabdan olib chiqaman», deb va'da bergan odam bugun: «Hozir boraman, gap bor», deyapti.

Yana tushunmovchilik, yana mavhumlik. Hech kim nima bo‘layotganini tushunmayapti. Tushlikni soat 11:00lardan o‘tib berishdi. Shu bilan biroz vaqt o‘tdi, aldanib turdik. Keyin telefon va pasportlarimizni qaytarib berishdi va konteynerdan chiqmasligimizni so‘ray boshlashdi.

Xodimlar va hamshiralar yana skafandrlarga burkanib olishdi, ko‘zoynaklarini taqishgan. Biroz eskirgan maskalarini ikki qavatlab taqib olishibdi. Menimcha, ular haqiqatan ham himoya vositalari bilan yetarlicha ta'minlanmayapti. Ishqilib, «bu yerda nimadir bor», degan xayol o‘tdi.

Bizga birinchi test toza chiqdi deyishgandi. Ikkinchi test ham yaxshi chiqqan, chunki hech kimni olib ketishga kelmadi, deb xursand qilgandi. Aslida esa bizning qatorda virusga chalinganlar bor ekan. Telefonda: «Sizlarda 130ta yangi holat aniqlandi», degan ekan.

Bu 130 holat 805 odam saqlanayotgan blokdami, butun zonadami yoki Nyu-Yorkdan kelgan reysdami, bunisini bilmadik. Tushga yaqin vrach hamma xonasida bo‘lishi kerakligini, birinchi galda kasallar, keyin ular bilan bir konteynerda bo‘lganlar, shundan keyingina qolganlar olib chiqilishini tushuntirdi.

Soat 12:00larda bizning qatordan uch yoki to‘rt nafar hamyurtimizni xonasidan olib chiqib ketishdi. Ular orasida men telefon berib turgan yoshi katta xola ham bor edi. Kechagina «hammada test natijasi manfiy» deyishgandi-ya. Shuncha odam maskasiz muloqotlar qilgandi-ya.

Vaqt sekinlashib qoldi. Aytganidek, bizning navbat keldi. Tushdan so‘ng soat 15:00larda sekin qo‘zg‘ala boshladik. Lekin qo‘limizga va'da qilingan qog‘ozni bermadi. Orada oldimizga kelib, «sizlardan ham kasal chiqdimi?», deb so‘rab ketdi. O‘zlari ham bilmaydimi, deb qo‘ydik.

Soat 16:00larda Isuzu avtobuslari keldi. Darvoza oldida odamlar to‘plangan. Ba'zilar maska taqmagan. Kutdim oxirlashini. Isuzu’larning yarmi odamga, yarmi bagajlarga to‘ldi. Men to‘rtinchimi avtobusga chiqdim. Oyoq qo‘ygani joy yo‘q. Ichi to‘la. Konserva bankadek.

Avtobus biroz yurib to‘xtadi. Bizni qayerga olib borishi xaqida aniq javob yo‘q: kimdir Janubiy vokzalga desa, kimdir Sobir Rahimovga deydi. Haydovchi ham bilmas ekan. Viloyatdan kelganlar sarson. Ertadan poyezdlar qatnovi to‘xtaydi. Avtobus turibdi boshqalarni kutib.

Biz: «Yana uchta Isuzu qo‘shilsa, kolonna tayyor bo‘ladi va yuramiz», deb o‘ylagandik. Yarim soatdan keyin yurdik. Lekin KPPga yaqinlashishimiz bilan avtobus yana to‘xtadi. Nega to‘xtadik, nimani va qancha kutishimizni haydovchi ham bilmaskan. U ham birinchi marta chiqqan ekan.

Nechta avtobusni kutganimizni bilmayman. Bosh KPP oldida ham bir soatcha turdik. Kimningdir chaqaloqi baqirib yig‘layapti. Avtobus ichida havo qolmagan, isib, qaynab ketdi salon. Karantin zonada faqat Uzmobile ishlarkan.

Uydagilarga bizni qayerda kutib olishni ayta olmayapmiz. Kimdir KPPdan chiqish bilan deyapti. Haydovchi: «KPPdan keyin to‘xtamayman», deganiga qaramay, yana nimanidir kutish uchun KPPdan o‘tib yarim soat to‘xtab turdik.

Odamlar avtobusdan tushib, oldida duch kelgandan so‘rayapti: «Qayoqqa olib boradi bizni?», «Viloyatlarga ketishimiz qanaqa bo‘ladi?», «Soat 19:00dagi poyezd yurib ketdi» va hokazo. Soat ham 19:00 bo‘lib qolgandi. Har doimgidek hech kim hech nimani bilmaydi.

Shimoliy vokzalga yaqinlashganda haydovchi bilan bizni Janubiy vokzalga olib borishini kelishdik. Uydagilarga aytdik. Janubiy vokzal yonidagi ko‘prikka kelganda avtobusimiz vokzalga qarab o‘ngga kirib ketdi, boshqalar esa Sobir Rahimovga yo‘l oldi.

Foto: Google Photos

Umumiy qilib biror nima deyish qiyin. Lekin:

  1. Tartibsizlik. Har qadamda tartibsizlik va mavhumlik;
  2. Katalakdek konteynerda virusdan saqlanishda eng muhim hisoblangan jihat – masofa saqlashning iloji yo‘q;
  3. Dezinfeksiya uchun hech nima berilmaydi. O‘zingiz bilan niqob, antiseptik oling;
  4. Yo‘lingizda uchragan hamma o‘zini boshliqday tutadi, lekin hech nimani bilmaydi. Hammasining ko‘ngli nozik. Aniq savollarga javob yo‘q;
  5. Aniq mas'ullardan hech kimni topolmaysiz. Blok, zona nazoratchisi, kattasiga chiqishning iloji yo‘q;
  6. Zonaga tushsangiz, keyin mehmonxonaga ko‘cha olmaysiz.

Mavzuga oid