O‘zbekiston | 12:26 / 22.07.2020
71448
2 daqiqa o‘qiladi

Kirish imtihonlari sentyabrda o‘tkazilishi ham mumkin

O‘zbekistonda oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari karantin cheklovlari bekor qilingandan keyingina o‘tkazilishi mumkin. Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov AOKAda o‘tkazilgan brifingda 2020-2021 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari muddati bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berdi.

«Ma'lumki, 1 avgustga qadar karantin cheklovlari belgilangan. Shu bilan bog‘liq ravishda, test sinovlarini keyingi muddatlarga ko‘chirish bo‘yicha taklif berganmiz. Karantin cheklovlari bekor qilingandan keyin kirish imtihonlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Ya'ni cheklovlar 15 avgustda bekor qilinsa, 15 avgustdan keyin, 1 sentyabrda bekor qilinsa, 1 sentyabrdan keyin o‘tkaziladi», deya boshqarma boshlig‘ining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, test sinovlari o‘tkaziladigan hududlar bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berildi.

«Imtihonlar o‘tkaziladigan joylar hali tasdiqlanmagan. Tasdiqlangandan keyin ma'lum qilamiz. Bemorlarni davolash va karantin uchun statsionarga aylantirilgan pavilonlarda imtihon o‘tkazilmaydi.

Qanday joy tanlanishidan qat'i nazar bu inshootlar katta sig‘imli, videokuzatuv ostida, keng jamoatchilikka jarayonni ko‘rsatish imkoni mavjud bo‘lgan tarzda tayyorlanadi», deydi DTM mas'uli.

Qo‘shimcha qilinishicha, kirish imtihonlariga kelgan abituriyentning tana harorati 37 darajadan yuqori bo‘lsa, imtihonga kiritilmaydi. Bunday abituriyentlar uchun kirish imtihonlarining barchasi yakunlangandan keyin 4 kun o‘tib, alohida sinovlar tashkil etiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 10 iyuldan 1 avgustgacha qat'iy karantin joriy etilgan. Epidemiologik vaziyat og‘irlashishda davom etsa, Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra bu muddat uzaytirilishi ham mumkin.

Mavzuga oid