O‘zbekiston | 13:20 / 29.07.2020
97662
2 daqiqa o‘qiladi

Moliya vaziri o‘rinbosari Yorqin Tursunov koronavirusdan vafot etdi

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari Yorqin Ergashevich Tursunov 29 iyul kuni 55 yoshida vafot etdi. Ushbu ma'lumot Moliya vazirligi rasmiy vakili Kun.uz'ga tasdiqlagan.

Manba ma'lumotiga ko‘ra, Yorqin Tursunov koronavirus infeksiyasini yuqtirib olishi oqibatida olamdan o‘tgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda rasman 127 kishi koronavirusdan vafot etgani qayd etilgan.

1965 yilda Samarqand viloyatining Xatirchi tumanida tug‘ilgan marhum Yorqin Tursunov 1990 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini tamomlagan. Mutaxassisligi moliyachi.

Mehnat faoliyatini 1990 yilda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahri hokimiyati moliya bo‘limi aholini ijtimoiy himoyalashni moliyalashtirish bo‘yicha nazoratchi inspektor, budjet inspeksiyasi I toifali iqtisodchisi lavozimidan boshlagan.

1993- 2002 yillarda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahri hokimiyati moliya bo‘limi mudiri o‘rinbosari – budjet inspeksiyasi boshlig‘i, keyinchalik bo‘lim mudiri bo‘lgan.

2002-2006 yillarda Navoiy viloyati hokimiyati moliya boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

2006-2012 va 2016-2018 yillarda Moliya vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

2012-2016 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Ijtimoiy va moliyaviy ta'minot xizmati boshlig‘i bo‘lgan.

Yorqin Tursunov 2018 yilning martida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori lavozimiga tayinlangan.

2019 yil martida esa yana Moliya vaziri o‘rinbosari lavozimiga qaytgandi.

Mavzuga oid