O‘zbekiston | 18:59 / 17.08.2020
41179
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston bosh vaziriga yangi maslahatchi tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi elchixonasining Moskva shahridagi Bosh konsuli lavozimida ishlab kelayotgan Mehriddin Akmalovich Xayriddinov O‘zbekiston bosh vaziriga maslahatchi bo‘lgan.

Kun.uz manbasining tasdiqlashicha, u Bosh vazir maslahatchisi – Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va  qo‘llab-quvvatlash masalalari departamenti mudiri lavozimiga tayinlangan.

Ushbu lavozimda 2019 yil avgustidan buyon Komil Rashidov ishlab kelayotgandi.

Mehriddin Xayriddinov 1977 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. U 1999 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetini tamomlagan. G‘ijduvon tumanidagi 46-maktabda 2000–2001 yillarda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. 2001–2008 yillarda Mehriddin Xayriddinov Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 1, 2, 3-toifa muhandisi, tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimlarida mehnat qilgan.

Mehriddin Xayriddinov Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida 2008–2010 yillarda yetakchi mutaxassis, 2010–2014 yillarda O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchixonasining 1-kotibi, 2014–2017 yillarda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Konsullik boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan, so‘ngra 2017–2018 yillarda O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi bosh konsuli bo‘lgan.

Bosh vazirning tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi prezidentning 2019 yil 20 avgustdagi chet elda ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari va ularning oilalarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish to‘g‘risidagi farmoni bilan Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasiga kiritilgan.

Mavzuga oid