Sentyabrdan maktablar ochilishi bo‘yicha onlayn so‘rov o‘tkazildi: natijalar 50/50
Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev maktablarda o‘quv jarayonlarini boshlash muddati va shaklini belgilash uchun jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida onlayn so‘rov o‘tkazmoqda. Uning aytishicha, bir kun ichida 24 773 kishi so‘rovnoma savollariga javob qaytargan.
Qayd etilishicha, so‘rovda qatnashgan ota-onalarning 50 foizi maktablar o‘z faoliyatini sentabr oyidan an'anaviy shaklda tiklanishiga rozilik bildirgan, 50 foiz respondent bunga qarshi chiqqan.
«Maktablar qaysi sanadan o‘z faoliyatini qayta tiklashini istaysiz?» degan savolga respondentlarning 48,6 foizi «pandemiyadan keyin», 23,7 foizi 7 sentyabrdan, 18,6 foizi 14 sentyabrdan, 9,1 foizi 2 oktyabrdan deya javob berishgan.
So‘rovnomani to‘ldirgan ota-onalarning 51,2 foizi pandemiya tugamaguncha farzandini maktabga yubormasligini bildirgan, 48,8 foizi esa bunga xayrixohlik bildirgan.
Niqob taqish va antiseptik vositalardan foydalanish masalasida aksariyat ota-onalarning fikri bir joydan chiqqan. So‘rovda qatnashganlarning 93,6 foizi farzandining maktabda niqob taqishiga, 94,7 foizi antiseptik vositalardan foydalanishiga rozi bo‘lgan.
Qayd etilishicha, onlayn so‘rovnomani to‘ldirganlarning 20,4 foizi Toshkent shahridan, 13,2 foizi Toshkent viloyatidan, 9,2 foizi Farg‘ona, 9 foizi Qashqadaryo, 6,5 foiz Samarqand, 6,3 foizi Buxoro, 5,9 foizi Namangan, 5,6 foizi Xorazmda yashashini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Xalq ta'limi vazirligi ham ota-onalar o‘rtasida shu mazmunda onlayn so‘rov o‘tkazmoqda.
Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov maktablarni ochish bo‘yicha 3 xil ssenariy mavjudligi, ularning orasidan eng maqbuli ota-onalarning fikrlari orqali tanlanishini ma'lum qilgan.
«Ota-onalar o‘z fikri va uy sharoitidan kelib chiqib qaror qabul qilishi kerak. Buning bilan biz har bir maktab, hudud ahvolini bilib olamiz», deb aytgan Sherzod Shermatov.
XTV ota-onalarni o‘quv yilini boshlashga oid onlayn so‘rovda faol ishtirok etishga chaqirgan. So‘rovnomaga ushbu havola orqali o‘tish mumkin.
Mavzuga oid
18:06
Toshkentdagi maktabda boshlanib vazirlar darajasiga chiqqan mojaro – nimalar bo‘ldi?
14:13 / 26.09.2024
Chilonzorda o‘quvchini urgan o‘qituvchi boshqa maktabda hamkasbiga hujum qildi. U 7 sutkaga qamaldi
13:32 / 26.09.2024
Rossiya TIV Toshkent maktabidagi voqeaga munosabat bildirdi, Alisher Qodirov buni «ichki ishlarga aralashish» deb baholadi
16:18 / 25.09.2024