O‘zbekiston | 17:37 / 01.10.2020
7252
3 daqiqa o‘qiladi

Matbuotga qarshi kurashish emas, u bilan ishlash kerak – Komil Allamjonov

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov yana bir bor OAV vakillariga bosim o‘tkazishga urinish holatlarini qoralab chiqdi.

«Matbuot sohasida qabul qilingan har qanday qonun jurnalist va blogerlarni  huquqiy tomondan yanada chiniqtiradi. Bu kasb egalariga jazo qanchalik og‘ir bo‘lsa, shunchalik xato qilmaslikka harakat qiladi, o‘z ustida ishlaydi.

Ijodkor xalqi doim shunday bo‘lgan. Cho‘lpon va Abdulla Qodiriylar yashagan davrlarda ijodkorlarga o‘lim jazosi bilan ham tahdid qilingan. Bu bilan ular ijodni to‘xtatib qo‘yganmi? Yo‘q! Ular yashirincha ijod qilaverishgan. Hozir ham xuddi shunday.

Jazo har qancha og‘irlashsa ham jurnalist yoki bloger baribir yozishni to‘xtatmaydi. U anonimga aylanadi yoki qonunlarni buzmagan holda mustahkam asoslangan haqiqatni yozishda davom etadi.

Yozaveradi, yozaveradi, qonunni buzmagan holda yozaveradi. Bu soha vakillari ancha ziyrak, zukko va vatanparvar. O‘z jonini garovga qo‘yib bo‘lsa-da, yozaveradigan hamkasblarimiz bor. 

Kecha Prezidentimiz aytganlaridek, hurmatli mutasaddilar matbuot bilan ishlashni o‘rganmas ekan, faqat o‘ziga zarar bo‘laveradi. Matbuot bilan kurashish emas, ular bilan ishlash kerak. Xohlagan ishni qiladigan davr o‘tdi.

Axborotni yashirib bo‘lmasligini tushunadigan payt allaqachon kelgan. Hozir har bir smartfon egasi blogerga aylanishi mumkin. Belgilangan qonunlarga asoslanib ham.

Biz kuchli fuqarolik jamiyati barpo etyapmiz. Juda katta g‘ildirak joyidan qo‘zg‘algan. Endi chindan ham orqaga yo‘l yo‘q. Zamon talabi ham faqat shu! Adolatparvar ijodkorlarni yaratgan ustozlarga ta'zim. Bayramingiz muborak!», degan Allamjonov telegramdagi sahifasida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 sentabr kuni o‘qituvchilar bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda mamlakatda so‘z erkinligini ta'minlash borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tgandi.

«O‘zbekiston hozirgi kunda ochiq, endi uni avvalgiday yopib qo‘yishning iloji yo‘q. Endi chegaralarni yopmaymiz, endi internet uzluksiz ishlaydi. OAV xodimlariga yana bir bor minnatdorchilik bildirmoqchiman. Ular bilan muloqot qilmagan rahbarlarning kelajagi bo‘lmaydi. Katta sinovlardan o‘tyapmiz, ba'zilar OAV ning savollariga, OAV muhitini yaratishga chiday olmayapti, adolat ovozini eshitishni xohlamayapti. Lekin eshitishga majbur bo‘ladi yoki xayrlashamiz», dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev 2019 yilning noyabrida ham «ba'zi rahbarlar xalq va matbuot bilan muloqot qilishda muloqot madaniyatini unutib qo‘yishini» ta'kidlagan edi.

Mavzuga oid