O‘zbekiston | 21:42 / 15.10.2020
31825
9 daqiqa o‘qiladi

Navbatdagi urinish: O‘zbekistondagi bog‘chalar qachondan to‘liq ochiladi?

15 sentabr holatiga respublika bo‘yicha 8291ta bog‘cha faoliyat yuritmoqda. Shundan 1860tasi davlat, 6611tasi nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari hisoblanadi. Davlat tasarrufidagi bog‘chalar qachondan to‘liq ochilishi ish boshlashi hozircha ma'lum emas.

Maktabgacha ta'lim vazirligi 15 oktyabrdan ota-onalar farzandlarini bog‘chaga qabul qilishni so‘rab elektron navbatga turishi mumkinligini ma'lum qildi. Pandemiya davrida maktabgacha ta'lim muassasalariga elektron qabul to‘xtatib qo‘yilgan edi.

Yo‘llanmalar elektron navbat orqali beriladi
MTV xabarida qayd etilishicha, 15 oktyabrdan e'tiboran davlat bog‘chalariga qabul uchun talabnomalarni elektron tarzda yuborish tizimi qayta ishga tushadi. Tizimga kelib tushgan yo‘llanmalarga elektron generatsiya yordamida ishlov berilgach, ota-onalar o‘zi yashayotgan hududdagi davlat xizmatlari markaziga borib yo‘llanmani olishi kerak bo‘ladi.

Farzandi bog‘chaga qabul qilinishi so‘ralgan talabnomani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuborgan ota-onalar esa davlat xizmatlari markaziga borib o‘tirmay, yo‘llanmani printer orqali bosib chiqarishi mumkin.

Agar maktabgacha ta'lim tashkilotidagi mo‘ljallangan guruh hali ochilmagan bo‘lsa yoki epidemiologik vaziyat tufayli ota-onalarning istagi bilan bola uyda qoldirilsa, u holda ota-onalar bola masofaviy o‘qitishga o‘tkazilishiga oid yozma ravishda xabarnoma taqdim etishi kerak bo‘ladi. Bu vaziyatda bolaning bog‘chadagi o‘rni saqlanadi, shuningdek, ushbu davrda ota-onalardan hech qanday to‘lov undirilmaydi.

Vazirlikning ogohlantirishicha, yo‘llanmani 15 kun davomida MTTga taqdim etib, bola qabulini rasmiylashtirish talab etiladi. Berilganiga 15 kundan ko‘p bo‘lgan yo‘llanmalar esa kuyadi.

Bog‘chalar ochilishini mahalliy kengashlar hal qiladi
Maktabgacha ta'lim vazirligi axborot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayevaning ma'lum qilishicha, hududlardagi maktabgacha ta'lim muassasalari ish boshlashi uchun xalq deputatlari tuman-shahar kengashlari va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati ruxsati talab etiladi.

«Vazir hamma bog‘chalarning ochilishiga ruxsat bergan. Lekin bog‘cha ochilishi uchun xalq deputatlarining hududlardagi mahalliy kengashlari xulosasi talab etiladi. Chunki bu masalaga deputatlar va mahalliy hokimliklar mas'ul hisoblanadi.

Shu sababli, viloyatlar kesimida xalq deputatlarining barcha tuman va shahar kengashlari xulosalarini olamiz. Ular bog‘chalarning ochilishiga ruxsat berishgan taqdirda butun respublika bo‘ylab maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyati tiklanadi.

Shu o‘rinda yana bir gap. Mahalliy hokimliklar bog‘chalarni dezinfeksiya vositalari bilan ta'minlashi shart. Ushbu vositalar bilan ta'minlanmagan, pandemiya davrida faoliyat yuritishga tayyor bo‘lmagan, shuningdek, isitish tizimi o‘zida bo‘lmagan, ya'ni ayni paytda yetarlicha isitish imkoni yo‘q maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyatiga ruxsat berilmaydi. Bu tartib faqatgina davlat bog‘chalariga tegishli, maktabgacha ta'lim tashkilotlariga taalluqli emas», deydi u.

Asqarxo‘jayevaning qo‘shimcha qilishicha, vazirlik tomonidan 14 sentyabrdan maktabga tayyorlov guruhlari, ya'ni 6-7 yoshdagi bolalar qatnaydigan guruhlar faoliyatiga ruxsat berilgan.

Avvalroq O‘zbekistonda 900dan ortiq bog‘chada ichimlik suviga aloqador muammo borligi, pandemiya sharoitida bog‘chalar faoliyat yuritishi uchun esa maktabgacha ta'lim tashkilotlarida kamida 5 kunlik ichimlik suvi zaxirasi bo‘lishi talab etilishi ma'lum qilingan edi.

10 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida MTV boshqarma boshlig‘i Umida Muhiddinova pandemiya sharoitida bog‘chalar faoliyati uchun sanitariya-epidemiologiya normalari ishlab chiqilgani, unga ko‘ra, MTTlarning kirish qismida xlorli to‘shaklardan foydalanilishi, biroq dezinfeksion yo‘laklar o‘rnatilmasligini aytgandi.

Xilma-xil bayonotlar, turli muddatlar...
Bugungacha bog‘chalar faoliyati tiklanishi xususida rasmiylar bir necha marta bayonot berishgan. Maktabgacha ta'lim tashkilotlari ochilishi bo‘yicha turli muddatlar ilgari surilgandi. Biroq aksariyat hollarda aytilgan muddatlarda bog‘chalar ishga tushirilmadi, jamoatchilikka buning sabablari tushuntirilmadi.

Pandemiya davrida «yashil» va «sariq» hududlarda xususiy bog‘chalar faoliyatiga 15 iyundan ruxsat berilgan, davlat maktabgacha ta'lim muassasalari esa 1 iyuldan ochilishi kutilgandi. Biroq keyinchalik bu muddat ortga surildi.

Maktabgacha ta'lim vazirligi 20 iyun kuni «yashil» va «sariq» hududlardagi davlat bog‘chalari 1 avgustdan ochilishini ma'lum qilgan, jarayon jadval asosida, bosqichma-bosqich amalga oshirilishi aytilgandi. Vazirlik, shuningdek, davlat tasarrufidagi MTT hamon yopiq qolayotganiga ham izoh berishga uringandi. Ammo 1 avgustda ham bog‘chalar faoliyati tiklanmadi.

5 avgust kuni Maktabgacha ta'lim vazirligi bog‘chalar faoliyatini tiklashga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma'lum qilgan, lekin bu safar aniq sana tilga olinmagandi.

«Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida koronavirus infeksiyasi pandemiyasi sababli to‘xtatilgan faoliyat jarayonini tiklashga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Ushbu faoliyatni tiklashdan maqsad, xodimlar va tarbiyalanuvchilar uchun xavfsiz muhitni ta'minlash orqali, bolalarni normal maishiy hayot, o‘yinlar va ta'lim jarayoniga qaytarishdir.

Bunda virus tarqalishi va uni yuqtirib olish xavfini bartaraf etish maqsadida joriy etilgan taqiq choralarini hisobga olgan holda, qo‘shimcha xavfsizlik choralari ham tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan. Ammo bolalar o‘rtasidagi oraliq masofa, ularning ijtimoiy faolligi, amaliy mashg‘ulotlari va rivojlantiruvchi o‘yinlariga xalaqit bermasligi lozim», deyilgandi vazirlik axborot xizmati tomonidan tarqatilgan xabarda.

15 iyundan ochilgan, ammo respublikada koronavirus bilan kasallanish holatlari ko‘payishi va karantin cheklovlari kuchaytirilishi ortidan qayta yopilgan xususiy bog‘chalar faoliyati 15 avgustdan qayta tiklandi, biroq davlat bog‘chalari qachondan ochilishi noma'lumligicha qolgandi.

18 avgust kuni Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Rustam Ikromov umumta'lim maktablari va maktabgacha ta'lim tashkilotlarining yaqin kunlarda ochilishi uchun tayyorgarlik ishlari ko‘rilayotgani, jumladan, Maktabgacha ta'lim vazirligi va Xalq ta'limi vazirligi bilan hamkorlikda ta'lim muassasalarida amal qiluvchi sanitariya me'yorlari ishlab chiqilayotgani, mazkur me'yorlar Adliya vazirligi tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi, bajarilishi barchaga birdek majburiy bo‘lishi, shundan keyin maktabgacha ta'lim tashkilotlari va umumta'lim maktablariga faoliyatini boshlash uchun ruxsat berilishini aytgandi.

10 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin bog‘chalar MTTlar bosqichma-bosqich ochilishi rejalashtirilgani, ularning ochilishi uchun xalq deputatlari mahalliy kengashlarining roziligi talab etilishini aytgandi.

«14 sentyabrdan birinchi navbatda katta guruhlar, ya'ni 5-6 yoshli bolalar guruhlari ochiladi. Chunki bu yoshda bolalar ijtimoiy masofa saqlash, sanitariya qoidalariga amal qilishni tushunishadi.

Keyinroq, 1 oktyabrdan o‘rta yoshli bolalar guruhlarini ochishni, noyabrdan esa kichik, ya'ni 3 yoshli bolalar guruhlarini ochishni rejalashtirganmiz.

Kichik yoshli bolalar guruhlari hali tartib-qoida nimaligini bilmaydi, ular orasida ijtimoiy masofa saqlash juda qiyin. Shuning uchun biz MTTlarni ochishni bosqichma-bosqich o‘rgangan holda amalga oshirmoqchimiz», – degan Agrippina Shin matbuot anjumanida.

Shu bilan birga, 14 sentyabrdan viloyatlarda ham bog‘chalar ochilishi boshlanishi, biroq ochilish muddatlari mamlakatdagi epidemiologik vaziyatga qarab o‘zgarishi mumkinligi ma'lum qilingan edi.

Vazir yil yakunigacha maktabgacha ta'lim qamrovi 59,5 foizga yetkazilishiga va'da bergan.

Pandemiya va bog‘chalar
O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor rasman qayd etilishi ortidan 16 martdan boshlab respublikadagi barcha ta'lim muassasalari, jumladan, bog‘chalar yopilgan, tarbiyalanuvchi va MTT xodimlari ta'tilga chiqarilgandi.

Bog‘cha tarbiyalanuvchilarga televideniye orqali masofaviy mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilgan, maktabgacha ta'lim vaziri karantin davrida ota-onalarni farzandlari bilan ko‘proq birga bo‘lishga chaqirgan edi.

Maktabgacha ta'lim vaziri matbuot kotibi Mavluda Asqarxo‘jayevaning ta'kidlashicha, 12 oktyabrdan o‘rta (4-5 yoshdagi bolalar) guruhlar o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsa, noyabr oyi boshidan kichik (3-4 yoshdagi bolalar) guruhlarga bolalarni qabul qilish boshlanishi rejalashtirilgan.

MTV 15 sentabr holatiga respublika bo‘yicha 8291ta bog‘cha faoliyat yuritayotganini ma'lum qilgan. Shundan 1860tasi davlat, 6611tasi nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari hisoblanadi. Davlat tasarrufidagi bog‘chalar qachondan to‘liq ochilishi ish boshlashi hozircha ma'lum emas.

Jamshid Niyozov

Mavzuga oid