Iste'molchilar uchun yangi yig‘im turlari joriy etilishi mumkin
Avtomobil yonilg‘isining har bir litri uchun 25 so‘mdan yig‘im va avtotransport vositasiga egalik qilish uchun yillik yig‘im joriy etilishi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari moliya bosh boshqarmalari huzuridagi Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armalari faoliyatiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” hukumat qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Ushbu qaror loyihasiga ko‘ra, avtomobilga yonilg‘i va gaz quyish stansiyalari tomonidan:
- avtomobil benzini;
- dizel yoqilg‘isi;
- suyultirilgan va siqilgan gazni oxirgi iste'molchilarga sotishda ulardan yoqilg‘i birligi (litr, m3) uchun 25 so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda mintaqaviy yo‘llarni rivojlantirishga maxsus yig‘im undirilishi belgilanmoqda.
Avtomobilga yonilg‘i va gaz quyish stansiyalari tomonidan undiriladigan maxsus yig‘im Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya bosh boshqarmalari huzuridagi avtomobil yo‘llarini rivojlantirish hududiy maqsadli jamg‘armalariga o‘tkazib beriladi.
Eslatib o‘tish joiz, O‘zbekistonda transport vositasiga benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq 2019 yil 1 yanvargacha ham mavjud bo‘lgan. 2019 yil 1 yanvardan ushbu soliq o‘rniga oxirgi iste'molchiga benzin, dizel yoqilg‘isi va gazni realizatsiya qilayotganda undiriladigan aksiz solig‘i joriy etilgan edi va mazkur soliq yangi tahrirdagi Soliq kodeksining 283-moddasida ham keltirilgan.
Agar loyiha qabul qilinadigan bo‘lsa, avtomobil benzini, dizel yoqilg‘isi, suyultirilgan va siqilgan gazning oxirgi iste'molchilari ushbu mahsulotlar iste'moli uchun ham aksiz solig‘i, ham majburiy maxsus yig‘im to‘lashiga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, loyihada keltirilgan yana bir nizomda, transport vositasi dvigatelining quvvatidan kelib chiqib, avtotransport vositasiga egalik qilish uchun mahalliy budjetlarga to‘lanadigan yillik yig‘im joriy etilishi nazarda tutilgan.
Nizom loyihasida quyidagilar ushbu yillik yig‘imdan ozod etilishi belgilangan:
- davlat budjetidan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlari va budjetdan mablag‘ oluvchilar;
- temir yo‘l, dengiz, daryo va havo transporti;
- nogironlar uchun maxsus jihozlangan avtotransport vositalari.
Mavzuga oid
11:25 / 23.12.2024
Xitoyda 2024 yilning eng yaxshi avtomobillari e’lon qilindi
10:56 / 22.12.2024
2024 yil 11 oyda qancha yengil avtomobil ishlab chiqarilgani ma’lum qilindi
15:01 / 17.12.2024
Andijonda fuqarolarning mashinalarini ijaraga olib, ularni yo‘q qilish bilan shug‘ullangan yirik uyushgan guruh ustidan sud boshlandi
21:48 / 23.11.2024