Jahon | 22:13 / 08.11.2020
103316
13 daqiqa o‘qiladi

Jo Bayden kim: AQShning yangi prezidenti haqidagi asosiy ma'lumotlar

77 yoshli Jo Bayden AQShning navbatdagi prezidenti bo‘ladi. Quyida uning hayotiga oid asosiy ma'lumotlar keltiriladi. 

Andrew Harnik-Pool / Getty Images / AFP / Scanpix / LETA

35 yildan ortiq vaqt davomida Delaver shtatidan senator bo‘lgan va 44-prezident Barak Obama ma'muriyatida vitse-prezident lavozimini egallagan Bayden demokratlar partiyasining eng obro‘li va tajribali vakillaridan biri hisoblanadi. 2021 yil 20 yanvarda bo‘lib o‘tadigan inauguratsiya marosimi vaqtida u 78 yoshda bo‘ladi: shu tarzda Bayden AQSh tarixidagi eng yoshi ulug‘ prezidentga aylanadi.

Yoshligi
Kichik Jozef Robinett Bayden 1942 yilda Pensilvaniya shtatining Skranton shahrida tug‘ilgan. U amerikan-irland katoliklari oilasida to‘rt farzandning to‘ng‘ichi bo‘lgan. Otasi katta Jozef Robinett Bayden (1915-2004) bankrotga uchragan tadbirkor edi. U Jo o‘rta maktabda o‘qiyotganida yana oyoqqa turadi va muvaffaqiyatli avtomobil sotuvchisiga aylanadi.

Jo Bayden 25 yoshida, 1967 yil / ALAMY

Maktabda tutuqlanib gapirgani uchun Baydenning jig‘iga tegishardi. Ammo bo‘lg‘usi vitse-prezident oyna qarshisida she'r o‘qish mashqlari bilan nutqidagi kamchiliklarni tuzatadi.

Bayden dastlab Delaver shtatidagi universitetda tarix va siyosatshunoslik bo‘yicha o‘qiydi. Keyin esa Nyu-Yorkdagi Sirakuza universitetida huquqshunoslikni o‘rganadi hamda bu yerda birinchi rafiqasi Neliya bilan tanishadi.

O‘qishni tamomlagach Bayden Delaver shtatining Uilmington shahridagi yuridik firmada faoliyatini boshlaydi.

Rafiqasi va qizini yo‘qotishi
Jo Bayden o‘z yaqinlarini yo‘qotish nima ekanligini juda yaxshi biladi. Oilasidagi fojialar sababli u siyosiy faoliyatini bir emas, ikki marta to‘xtatish yoqasiga kelgan.

Bayden, rafiqasi Neliya va o‘g‘illari 30 yoshli senatorning g‘alabasini nishonlashmoqda. 1972 yil 20 noyabr

Birinchi marta bu 1972 yilda ro‘y bergandi. Bayden o‘shanda 29 yoshida Delaver shtatidan senatorlik posti uchun tajribali respublikachi Jyeyms Kalebu Boggsga chaqiriq tashlagandi.

Saylovoldi budjeti haddan tashqari ixcham bo‘lganiga qaramay u saylovda g‘olib chiqadi. Ammo bir necha hafta o‘tib yosh siyosatchining hayotini o‘zgartirib yuborgan fojia ro‘y beradi: rafiqasi Neliya va bir yoshli qizi Naomi avtohalokatda vafot etishadi, o‘g‘illari Bo va Hanter jiddiy jarohatlanishadi.

30 yoshli senator
Avvaliga Bayden senatorlikdan voz kechmoqchi bo‘ladi, ammo yakunda uni siyosatda qolishga ko‘ndirishadi. U farzandlari davolanayotgan shifoxonada qasamyod qabul qiladi.

1973 yil yanvari. Jo Bayden o‘g‘li Bo yotgan shifoxonada senatorlikka qasamyod qilmoqda

Singlisi Valeri jiyanlariga qarash uchun akasinikiga ko‘chib o‘tadi. U akasining uyida 1977 yilgacha, Bayden hozirgi rafiqasi Jill Jyeykobsga uylanguniga qadar yashaydi. 

1980-90-yillar
Vashingtondagi faoliyatining dastlabki 14 yilida Bayden birinchi rafiqasi o‘limidan keyin barbod bo‘lgan oilaviy hayotini yana qayta qurishga muvaffaq bo‘ladi. Farzandlarining yonida bo‘lish va ularga g‘amxo‘rlik qilish uchun yosh senator har kuni poyezdda Delaverdan Vashingtonga ishga qatnab, kechqurun yana uyga qaytardi.

1977 yilda u maktab o‘qituvchisi Jill Jyeykobsga uylanadi, keyinroq ularning oilasida qiz farzand - Eshli tug‘iladi.

Bayden senatning Yuridik qo‘mitasiga kiradi va mamlakat bo‘ylab dovrug‘ qozona boshlaydi. 1987 yilda u ilk marta prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun nomzodini ilgari suradi, ammo plagiat bo‘yicha ayblovdan keyin nomzodini qaytarib olishga qaror qiladi. Uning saylovoldi chiqishlaridan biridagi nutqi Britaniyadagi Leyboristlar partiyasi yetakchisi Nil Kinnokning nutqlaridan biriga o‘xshash edi.

Jo Bayden 1987 yilgi prezidentlik poygasidan chiqayotganini e'lon qilmoqda. Yonida rafiqasi Jill
ARNIE SACHS / GETTY IMAGES

1991 yilning 11 oktyabrida Amerika jamoatchiligining nigohi teleekranlarga muhrlangandi. Oklahoma universiteti huquq professori, afroamerikalik Anita Hill senatning Yuridik qo‘mitasida ko‘rsatma berardi. Bu tinglov AQSh Oliy sudiga respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lgan Klarens Tomasga (u ham afroamerikalik) aloqador edi. Hill xonim Klarens Tomas bilan Reygan ma'muriyatida birga ishlagan vaqtida u tomonidan ko‘p marta jinsiy zo‘ravonlik holatlari bo‘lgani haqida guvohlik beradi.

Senatorlar Jo Bayden va Ted Kennedi Klarens Tomasning nomzodligi bo‘yicha tinglov vaqtida
WALLY MCNAMEE/ GETTY IMAGES

Jo Bayden qo‘mita raisi bo‘lgan, uning o‘sha vaqtdagi qarori shu kungacha tanqid qilib kelinadi. O‘shanda senat Hillga ishonmagan va Tomas uchun ovoz bergandi. 

OAV Bayden Hillning so‘zlarini tasdiqlamoqchi bo‘lgan bir necha ayolni ko‘rsatma berish uchun chaqirishga rozi bo‘lmaganiga urg‘u qaratgandi. Los Angeles Times respublikachilar Bayden bilan kelishuv tuzgani haqida yozib chiqqandi. Konservatorlar esa Hillning ko‘rsatmasi Oliy sudda respublikachi sudya bo‘lishini istamagan demokratlar tomonidan sahnalashtirilganini iddao qilishgandi. 

2019 yildagi intervyusi vaqtida Bayden o‘sha vaziyat uchun afsusdaligini bildirdi.

2008 yilda Bayden AQSh prezidentligi uchun saylovda demokratlar partiyasidan yana bir bor nomzodini ko‘rsatadi, ammo birlamchi saylovlarni erta tark etadi. O‘shanda asosiy bosqichga partiyadan Barak Obama chiqqan va u prezidentlikka ham saylangan, Bayden esa siyosiy faoliyatida yangi bosqichga ko‘tarilgan - Obama hukumatida vitse-prezident sifatida ish boshlagan.

Jo Bayden Barak Obama uni vitse-prezidentlik uchun nomzodi sifatida e'lon qilganidan keyin chiqish qilmoqda, Illinoys shtati
JOE RAEDLE / GETTY IMAGES

Obama va Bayden tandemi ikki prezidentlik muddatida hamkorlik qiladi. Ular shu qadar yaqin ediki, Bayden tez-tez Obamani o‘z ukasi deb atardi.

Prezidentligining so‘nggi kunlarida Barak Obama Jo Baydenni prezidentlik medali - AQShda fuqarolar uchun oliy mukofot bilan taqdirlagandi.

Yovuz taqdir Baydenni ta'qib qilishda davom etadi. 2015 yilda u Barak Obama bilan birga daromadi kam bo‘lgan millionlab oilalarga tibbiy xizmat ko‘rsatishni kafolatlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi ustida ishlardi. Shu vaqtda uning katta o‘g‘li Bo 46 yoshida miya saratonidan vafot etadi. Uni siyosat osmonidagi yorqin yulduzlardan biri sifatida hisoblashardi. U 2016 yilgi saylovlarda Delaver shtati gubernatorligi uchun nomzodini qo‘ymoqchiligini e'lon qilgandi.

Bu o‘lim tufayli 2016 yilgi prezidentlik saylovlariga nomzodini qo‘yishni rejalashtirgan Bayden poygani tark etishga qaror qiladi.

«Imillagan» Baydenning davri keldi
To‘rt yil o‘tib u baribir AQSh prezidentligiga saylandi. Missuri universiteti professori Mitchell MakKinni demokratlar nisbatan yosh nomzodlardan ko‘ra tajribalisini afzal ko‘rishgani hayratlanarli emasligini ta'kidladi. U Baydenni sog‘lom fikrli, uzoqni ko‘ra biladigan, xalqni o‘ylaydigan va uni «imillagan Jo» deb ataydigan Trampning aksi - ziyrak siyosatchi deb hisoblaydi.

Qishda praymerizlarning boshida muvaffaqiyatsizlikka uchragan Bayden «superseshanba»dan keyin yaqqol yetakchiga aylanib olgandi

Bayden qarashlari o‘zgacha bo‘lgan hamkasblari bilan ham aloqalarni yaxshi o‘rnata olgan siyosatchi sifatida ma'lum. «U Kongressda uzoq vaqt ishlagan va barchaning tilini topa olgan», deydi DW bilan suhbatda politolog, Ostindagi Texas universiteti professori Bryus Byukenen.

«Vashingtonda Jo Baydenni yoqtirmaydigan biror odamni topish qiyin. U ko‘p yillar mobaynida Kongressda respublikachilar bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilgan do‘stona va dilkash inson sifatida nom qozongan», deya qayd etadi u. Ayrim respublikachi senatorlar saylovlar arafasida Bayden bilan ishlashga tayyorliklarini bildirishgandi.

Baydenning maqsadi - Amerikani birlashtirish
Jo Bayden qarama-qarshiliklar girdobida qolgan Amerikani birlashtirishni maqsad qilgan. «Agar menga prezidentlikni ishonsangiz, men zulmatning emas, yorug‘likning ittifoqchisi bo‘laman», degandi u 20 avgust kuni AQSh prezidentligi uchun Demokratik partiyadan rasman nomzod bo‘lganida. «Barchamiz uchun birlashish vaqti keldi», deya qo‘shimcha qilgandi siyosatchi va barcha uchun, shu jumladan, o‘ziga ovoz bermagan amerikaliklar uchun ham «qattiq mehnat qilishi»ni aytgandi.

Bayden millionlab yangi ish o‘rinlari yaratishni va'da qilgan va buning uchun zarur investitsiya Donald Tramp ma'muriyati davrida badavlat kishilar uchun bekor qilingan soliqlarni qayta tiklash evaziga kelishi mumkinligini aytib o‘tgan.

AQShning yangi saylangan prezidenti iqlimni muhofaza qilish masalalariga ham alohida e'tibor bilan qaramoqda. Tramp bir necha marta iqlim o‘zgarishi inson faoliyati tufayli ro‘y berishiga shubha bildirgan bo‘lsa, Bayden AQShni 2050 yilga qadar to‘liq qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tkazmoqchi.

Baydenning Rossiyaga nisbatan siyosati qanday bo‘ladi?
Baydenning tashqi siyosat bo‘yicha qarashlari ko‘pchilikka ma'lum. Uning asosiy va'dasi - «AQShning jahon maydonidagi munosib hurmati»ni tiklash. Bryussellik ekspert Bruno Lete Bayden NATO doirasidagi hamkorlikka bu hamkorlikka «sen - menga, men - senga» prizmasi orqali qaragan Trampga nisbatan jiddiyroq yondashishini qayd etadi.

Lete Bayden AQSh va Rossiya munosabatlarini rivojlantirish borasida ko‘plab ko‘ngilsizliklarni boshdan kechirganini eslatib o‘tgan. U vitse-prezident bo‘lganida, o‘sha vaqtdagi davlat kotibi Hillari Klinton Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bilan birga 2009 yilda Moskva bilan munosabatlarning yangi bosqichi sifatida «qayta boshlash» tugmasini bosishgandi. «Bayden Rossiyaga do‘stlik qo‘lini cho‘zish borasida qilingan harakatlar qanday zoye ketganiga yaqindan guvoh bo‘lgan», deya qo‘shimcha qiladi ekspert.

Vashingtondagi Hans Zaydel (Hanns-Seidel-Stiftung) nomidagi fond bo‘lim boshlig‘i Kristian Forstner ham Bayden prezidentligi davrida Vashingtonning Rossiyaga nisbatan siyosati o‘zgarishsiz qolishini aytib o‘tgan. «AQShda hozir Moskvaga ishonch darajasi juda past. Kongress ham, Senat ham, demokratlar ham, respublikachilar ham Rossiya bilan munosabatlarda qat'iy pozitsiya tanlashni ma'qul ko‘rishadi. Bu Ukraina, Gruziya va boshqa turli sabablar bilan bog‘liq», deydi ekspert. Shu tufayli Bayden nimanidir o‘zgartirishni istasa ham, uning qo‘llari bog‘liq, deydi Kristian Forstner.

Koronavirusga qarshi kurash – Baydenning ustuvor yo‘nalishlaridan biri
Jo Bayden koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon mamlakat aholisiga ko‘p marta murojaat bilan chiqdi va vafot etgan bemorlarning yaqinlariga hamdardlik bildirishga vaqt ajratdi.  

Baydenning bu mavzudagi chiqishlari amaldagi prezident Donald Trampning fikrlaridan keskin farq qiladi. Trampning o‘zi koronavirusga chalinib tuzalgan va shifoxonadan Oq uyga qaytganidan so‘ng bu kasallikdan qo‘rqish kerak emasligini aytgandi. 

Jo Bayden esa amerikaliklarni niqob taqish, ijtimoiy masofaga rioya qilish va kasallikka jiddiy qarashga chaqirmoqda. Bayden Oq uyga kelganidan so‘ng birinchi kundanoq pandemiyaga qarshi kurashish bo‘yicha rejasini taqdim etish va federal miqyosda niqob taqish rejimini joriy etishga va'da bergan. 

Jo Bayden 10 oktabr kuni Delaver yo‘lida OAV vakillari bilan gaplashmoqda
ROBERTO SCHMIDT / GETTY IMAGES

«Men g‘alaba qozonganimdan keyin ham bu pandemiyani tugatish uchun qarshimizda uzoq davom etuvchi va qiyin ish turadi. Men va'da qilamanki, biz birinchi kundanoq to‘g‘ri yo‘nalishda ishlay boshlaymiz», degan Bayden.

Mavzuga oid