Jamiyat | 18:53 / 12.11.2020
29976
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda eri tomonidan tahqirlangan ayol ishi bo‘yicha sud jarayonlari boshlandi

Garchi sud ochiq tartibda o‘tishi belgilangan bo‘lsa-da ayblanuvchi tomon suddan OAV vakillari ishtirokini cheklashni so‘radi. Sudya tomonlarning fikri, qonun talablaridan kelib chiqib, OAV xodimlari va blogerlar ishtirokiga ruxsat berdi.

Davlat ayblovchisi, Samarqand shahar prokurori o‘rinbosari Umid Hakimov Sh.K.ga qo‘yilgan ayblovlarni o‘qib eshittirdi.

Unga ko‘ra, Sh.K. o‘zining turmush o‘rtog‘i Mustahkam Vahobovaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 103- (o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish), 105- (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) va 110- (qiynash) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Ammo Sh.K. faqat qasddan badanga og‘ir jarohat yetkazganini tan olishi, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video haqiqiy ekanini ta'kidlab, boshqa ayblovlarni tan olmasligini bildirdi. Shuningdek, ayblanuvchi, turmush o‘rtog‘i M.Vahobovadan xafa emasligi, hali ham bir-birini tushunib, kechirib, birga yashash tarafdori ekanini ta'kidladi.

M.Vahobova esa o‘z ko‘rsatmalarida buning aksini bildirdi:

«Men muttasil haqorat va xo‘rliklarga 9 yil davomida chidadim. Undan faqat bir martasi kamera tasviriga tushib qolgandi. Uni ham oxiri o‘zim olib tarqatdim. Chunki men ham odamday yashashim kerak. Uydagi tinimsiz haqorat, kaltaklash va xo‘rlashlardan tashqari, o‘z vaqtida ota-onam uyida, onamning ko‘z o‘ngida ham erim bostirib kirib meni kaltaklagan».

Sudda, muttasil xo‘rliklar natijasida Vahobova o‘z joniga qasd qilish maqsadida ko‘p miqdorda dori ichgani holati ham muhokama etildi. Uning turmush o‘rtog‘i bu holatga aloqasi yo‘qligi, chunki M.Vahobova bu vaqtda o‘z otasining uyida bo‘lgani, uyda yaqinlari uni yana oilasiga qaytib, birga yashashga undagani uchun ichgan bo‘lishi yoxud rashk oqibatida shu ishga qo‘l urgan bo‘lishi mumkinligini ta'kidladi.

M.Vahobova turmush o‘rtog‘i uni farzandining ko‘z o‘ngida tahqirlashi, xususan, axlat to‘la taglikni ham farzandi ko‘z o‘ngida yedirgani, bu kabi xo‘rliklar kam emasligini aytib, suddan turmush o‘rtog‘iga qonunda ko‘rsatilgan jazo berilishini so‘radi.

Sud 2020 yil 18 noyabr kuniga qadar tanaffus e'lon qildi.

Mavzuga oid