O‘zbekiston | 17:53 / 01.12.2020
8689
2 daqiqa o‘qiladi

Shayx Abdulaziz Mansurning «Koran. Kratkiy kommentariy» kitobi nashr etildi

Islom sivilizatsiyasi markazi direktori o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansur hazratlarining «Koran. Kratkiy kommentariy» – Qur'oni karim oyatlari ma'nolarining rus tilidagi tarjimasi yozilgan kitobi taqdim qilindi 

30 noyabr kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar bo‘limi bilan hamkorlikda taniqli olim shayx Abdulaziz Mansur hazratlarining «Koran. Kratkiy kommentariy» (Qur'oni karim oyatlari ma'nolarining rus tilidagi tarjimasi) kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar berdi.

«Tadbirda so‘zga chiqqanlar Qur'oni karimning bashariyat uchun beqiyos va mukammal manba ekani, u dasturulamal sifatida insonlarni oila va jamiyatda poklik, halollik, to‘g‘rilik va samimiyat ruhida tarbiyalashi, shu bois barcha musulmon xalqlari uni o‘z ona tilida o‘qishni xohlashini ta'kidladilar, o‘zbek olimining Qur'oni karim ma'nolarini rus tiliga tarjima qilishi mamlakatimizdagi bag‘rikenglik siyosatiga hamohangligi, ushbu xayrli ish xalqimizning rusiyzabon vakillari, diniy ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan rusiyzabon talaba va tadqiqotchilar uchun ayni muddao bo‘lgani alohida qayd etildi», – deyiladi xabarda.

Ayni paytgacha Qur'oni Karimning ma'nolari xorijda va Rossiyada rus tiliga 16 marotaba tarjima qilingan. 2018 yilda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf qalamiga mansub «Tafsiri hilol» kitobi ham rus tilida e'lon qilindi.

Ma'lum qilinishicha, shayx Abdulaziz Mansur hazratlari Qur'oni karimning qisqa sharhli arabcha matnini to‘g‘ridan to‘g‘ri rus tiliga tarjima qilgan. Uning tahririga filologiya fanlari doktori Gulxumor To‘ychiyeva, tarix fanlari doktori Ahadjon Hasanov, professor Ubaydulla Uvatovlar jalb qilingan.

Mavzuga oid