O‘zbekiston | 19:29 / 07.12.2020
19456
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar prokurori - poytaxtdagi noqonuniy qurilishlar haqida

Prokuratura shahar hokimi qarori bilan berilgan qurilish obektlari bo‘yicha kiritgan protestlar soni bir yilda 3 barobarga ortdi.

Toshkent shahar prokurori Bahriddin Valiyev ommaviy qabullar haftaligi doirasida, Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Toshkentdagi yer ajratish va qurilish ishlari haqidagi fikrlarini bildirdi.

«Toshkent shahrini olsangiz, juda ko‘p qurilishlarga ruxsat berilib ketgan. Nazarimda, buni shahar hokimiga bog‘lash noto‘g‘ri bo‘ladi. Men buni o‘rganib ko‘rganman.

Bilasizmi, qurilish qilayotgan fuqaro yerni bir maqsadda oladi, ikkinchi maqsadga ishlatadi. Masalan, bir qavatli bino yoki ofis quraman, deydi. Keyin ikkinchi marta murojaat qiladi-da, 8-9 qavatli uy quraman deydi.

Bu yerda asosiy manfaat – tezda sotib, tezda boyish. Shuni xohlaydigan, boshidan g‘irromlik qiladigan odamlarimiz ham bor. Bunga yo‘l qo‘yib berayotgan mutaxassislarimiz ham yo‘q emas.

Prezidentimiz tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatla, degan talabni qo‘yyapti. Biz ularni qo‘llab-quvvatlaymiz deb qancha harakat qilyapmiz, ayrim tadbirkorlar esa bu sa'y-harakatlarimizdan noto‘g‘ri foydalanyapti.

Buni shahar hokimining qarori desak, bu bitta odamga yoki bir guruh odamlarga bog‘liq bo‘lib qolmayapti. Buning boshdan bosh noto‘g‘ri ketib qolgan joylari ham bor.

Biz shahar hokimi bilan gaplashganmiz. Ularning ham fikri biz bilan bir xil – qonun ustuvorligini, jazo muqarrarligini ta'minlash. Birorta noqonuniy joy berilib, ertaga buzilish darajasiga borishiga yo‘l qo‘ymaslikka kelishib olganmiz», – deydi shahar prokurori.

Uning aytishicha, ayni paytda shahar prokuraturasi tomonidan 60ta holatda qurilish obektlarining qonuniy berilishi yuzasidan o‘rganish o‘tkazilmoqda.

«Bizga xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi tomonidan shahardagi 60 ta qurilish obektlarining qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri berilganini o‘rganib chiqish bo‘yicha xat kelib tushgan.

Hozircha yarim qismini o‘rganib chiqdik, qamrov juda katta. Kengashga o‘z xulosalarimizni beramiz. Agarda noqonuniy deb topadigan bo‘lsak, shahar hokimining qarorini bekor qilish to‘g‘risida protestlar keltirib boryapmiz», – dedi Bahriddin Valiyev.

Ma'lum qilinishicha, poytaxt prokuraturasi shahar hokimi qarori bilan berilgan qurilish obektlari yuzasidan 2019 yilda 14 ta, 2020 yilda 47 ta protest kiritgan.

Mavzuga oid