Jamiyat | 17:18 / 17.12.2020
36579
5 daqiqa o‘qiladi

Bekobodda ona o‘zi va ikki farzandini suvga oqizmoqchi bo‘ldi

Toshkent viloyatining Bekobod tumanida yashovchi 35 yoshli ona o‘zi va ikki o‘g‘lini kanalga tashlamoqchi bo‘ldi. Ma'lum bo‘lishicha, bunga ayolning erini rashk qilishi sabab bo‘lgan.

Voqea 15 dekabr kuni Toshkent viloyati Bekobod tumani va Sirdaryo viloyati Shirin shahrini bog‘lab turuvchi ko‘prikda ro‘y bergan.

Shirin shahar hokimligidan ma'lum qilishlaricha, ayol o‘z farzandlarini kanalga tashlamoqchi bo‘lgan vaqtda Shirin shahar Ekologiya bo‘limi xodimlari tomonidan to‘xtatib qolingan.

Internetda tarqalgan videodan ko‘rinishicha, ayol ekologiya xodimlarining savollariga: «Afsuslanaman tuqqanimga. O‘zimni ham tashlamoqchi edim, hayotdan qutulmoqchi edim», – deya javob beradi.

Ammo ayol video internetda tarqalgan kun – 17 dekabrda uyiga borgan mutasaddilarga «hech qachon o‘z bolalarini suvga tashlash niyati bo‘lmagani»ni aytgan.

Endilikda Vasiylik va homiylik organi vakillari bolalarning kelgusi taqdiri bo‘yicha qaror qabul qilishi kutilmoqda.

«Rashk ustida»

Rasmiy axborotlarga ko‘ra, videodagi ayol A.R. va uning farzandlari Bekobod tumani «Turkman» MFYda doimiy yashab keladi.

Bekobod tumani hokimining mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘rinbosari Yoqutxon Mo‘minova 17 dekabr kuni ayolning xonadonida bo‘ldi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati

«Dastlabki suhbatlardan ma'lum bo‘lishicha, ayol Sirdaryo viloyati Shirin shahri obodonlashtirish boshqarmasida ishlovchi turmush o‘rtog‘i telefoniga javob bermagani uchun jahli chiqqani, rashk ustida nojo‘ya gaplarni gapirganini aytgan.

Onaning so‘zlariga qaraganda, u va bolalari Toshkent viloyati Bekobod tumanidan Sirdaryo viloyati Shirin shahri «Farhod» MFYga o‘tadigan «Do‘stlik» kanalidan o‘tib bo‘lgach, Shirin shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi xodimlari tomonidan to‘xtatilib, videoga olingan.

[...] Ayol alam ustida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi xodimlariga keskin gapirgani, ammo hech qachon o‘z farzandlarini suvga tashlash niyati bo‘lmaganini, o‘g‘lining bosh kiyimi esa bexosdan suvga tushib ketganini aytmoqda.

Mazkur oila shu paytgacha tinch-totuv yashab kelgan, oilada muqaddam notinchlik kuzatilmagan», – deya Yoqutxon Mo‘minovaning izohini taqdim etdi Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati.

Shirin shahri hokimligi ham voqea yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasi bo‘yicha ma'lumot berdi.

«O‘rganishlar natijasida, ona o‘z turmush o‘rtog‘i E. Sh. boshqa bir ayol bilan ba'zi-ba'zida telefon orqali so‘zlashayotganini bilib, uni rashk qiladi va achchiq ustida, [...] o‘z farzandlarini kanalga tashlamoqchi bo‘lgan vaqtida, Shirin shahar Ekologiya va atrofni muhofaza qilish bo‘limi xodimlari tomonidan to‘xtatib qolinadi va kanalning ikkinchi qismi – Shirin shahar «Farhod» MFY hududiga olib o‘tiladi.

Shirin shahar IIB hamda «Farhod» MFY xodimlarining surishtiruvlari natijasida aniqlanishicha, 1985 yilda Toshkent viloyati Bekobod tumanida tug‘ilgan ayol (ona) A. R va uning turmush o‘rtog‘i E. Sh.lar o‘rtasida rashk tufayli hech qanday oilaviy mojarolar va janjallar bo‘lmagan»,deyiladi Shirin shahar hokimligi axborot xizmati xabarida.

«Ko‘prikning Bekobod tumani qismidan turib...»

Shirin hokimligi o‘z bayonotida voqea Shirin shahrida bo‘lmaganiga urg‘u bergan va shunday deb ma'lumot tarqatayotgan blogerlarga javobgarlik borligini eslatgan.

Ta'kidlanishicha, ayol bolalari va o‘zini ko‘prikning «Bekobod tumani qismidan» turib suvga tashlamoqchi bo‘lgan.

«Mazkur voqea Toshkent viloyati Bekobod tumani hududida va ushbu tuman fuqarolari ishtirokida bo‘lganini inobatga olgan holda, ijtimoiy tarmoqlarda bu voqea «Sirdaryo viloyati Shirin shahrida bo‘lgan» deya tarqatilgan noto‘g‘ri xabarlar yuzasidan ijtimoiy tarmoqlardagi faol blogerlar hamda kuzatuvchilardan tasdiqlanmagan, noto‘g‘ri axborot tarqatmaslikni va bu bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik mavjud ekanligini eslatib o‘tmoqchimiz», – deya qayd etgan Shirin shahar hokimligi axborot xizmati.

Mavzuga oid