O‘zbekiston | 11:55 / 30.12.2020
25560
5 daqiqa o‘qiladi

Senat Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida qonun matnini e'lon qildi

Oliy Majlis Senati saytida «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun matni e'lon qilindi.

Asosiy o‘zgartirish Konstitutsiyaning 107-modda 1-qismi — sud tizimiga taalluqli. Bu qism quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«O‘zbekiston Respublikasida sud tizimi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, harbiy sudlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma'muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma'muriy sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari va tumanlararo ma'muriy sudlardan iboratdir».

Ushbu o‘zgartirish O‘zbekiston prezidentining 24 iyuldagi «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra kiritilayotgan bo‘lib, unga ko‘ra, 1 yanvardan boshlab sud tizimiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi lozim.

Shuningdek, 117-modda 8-qismining o‘zbekcha matnidagi «qonunlarga» degan so‘z «qonun hujjatlariga» degan so‘zlar bilan almashtiriladi.

Vazirlar Mahkamasi hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtiradi va davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqib bekor qilishni ta'minlaydi.

Ma'lum qilinishicha, ushbu qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2020 yil 24 noyabrda qabul qilingan va ayni vaqtda parlament yuqori palatasining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ishchi guruhi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Lekin «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida»gi qonunning 15-moddasiga zid ravishda birinchi o‘qishda qabul qilingan qonun loyihasi matni palata rasmiy saytida e'lon qilinmagan edi.

Deputat Rasul Kusherbayev bu o‘zgarishlardan maqsad – fuqarolarning sudma-sud sarson bo‘lib yurishiga barham berib, ularning muammosini bir joyda hal qilish, sud tizimini boshqarish masalalarini takomillashtirib, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarni tashkiliy, moliyaviy va moddiy-texnik ta'minlash ishini yaxshilash ekanligini aytgan edi.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev esa amaliyotda allaqachon umumyurisdiksiya sudlari uchun sudyalar lavozimga tayinlanayotganini tanqid qilgan.

«Masalan, yaqinda Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudi raisi lavozimga tayinlangani xabar qilindi. Tasavvur qilyapsizmi, hali yo‘q sudga, yo‘q lavozimga allaqachon rahbar tayinlanib bo‘lindi. Iya, bu qanaqasi? Balki Konstitutsiyaga o‘zgarish kiritilmas, balki deputatlar va senatorlar bu o‘zgarishlarni yoqlamas, deb savol berishingiz mumkin, albatta. Ha, endi bu faqat nazariy aytilayotgan gaplar, xolos. Men bu savollarga javob bera olmayman va javobini o‘zingiz ham yaxshi bilasiz. Hali Konstitutsiya o‘zgarmadi-ku, sal kutib tursak-chi hurmatini qilib?», deb yozgan u.

Eslatib o‘tamiz, Senat kengashi 11 dekabrdagi qarori bilan Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish masalasini palataning 18 dekabrdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritgan edi.

Bu qanday o‘zgarish ekani jamoatchilikka ma'lum qilinmadi. Qonunni deputatlar qachon qabul qilib ulgurgani haqida ham savollar paydo bo‘ldi.

18 dekabr kuni esa Senat yalpi majlisida rais Tanzila Norboyeva Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish haqidagi qonun bu majlisda ko‘rilmasligini, bu masalada xalq bilan bamaslahat ish qilinishini aytdi.

Ma'lum bo‘lishicha, yalpi majlisdan bir kun oldin Senat kengashining qarori chiqarilgan bo‘lib, unga binoan «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun yalpi majlis kun tartibidan olingan.

Ma'lumot uchun, 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Konstitutsiyasiga shu paytgacha 14 marta o‘zgartish kiritilgan.

Konstitutsiyaning eng so‘nggi 128-moddasi talabiga ko‘ra, Oliy Majlis tegishli taklif kiritilgandan keyin 6 oy mobaynida Konstitutsiyaga o‘zgartish va tuzatishlar kiritish to‘g‘risida keng va har taraflama muhokamani hisobga olgan holda qonun qabul qilishi mumkin.

Mavzuga oid