O‘zbekiston | 13:10 / 19.01.2021
50855
16 daqiqa o‘qiladi

Aqto‘be fojiasiga 3 yil. Qurbonlar yodi va oilalarning keyingi taqdiri

Bundan roppa-rosa 3 yil muqaddam – 2018 yilning 18 yanvar kuni o‘zbekistonliklarni olib Rossiyaga ketayotgan avtobus Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati hududida yonib ketgan edi. Fojia oqibatida avtobus salonida bo‘lgan 57 kishidan 52 nafari halok bo‘ldi.

Qurbonlarning 31 nafari Namangan, 16 nafari Farg‘ona, 2 nafari Andijon, 1 nafari Surxondaryo viloyati, 2 nafari Toshkent shahrida yashashgan.

Ularning eng kichigi 18, eng kattasi 50 yoshda edi. Tiriklayin yonib ketgani aytilgan Aqto‘be qurbonlari orasida 47 yoshdagi ota va uning 20 yashar o‘g‘li, 31 va 26, 23 va 21 yoshdagi aka-ukalar, amaki-jiyanlar ham bo‘lgan.

Chimkent–Samara trassasida sodir bo‘lgan fojia ishtirokchilari O‘zbekistondan Rossiyaning Qozon shahriga yo‘l olgan bo‘lib, kimdir uylanish, kimdir uy qurish, mashina olish uchun pul topishni niyat qilishgan edi.

Ularning orasida 23 va 37 yoshdagi ikki toshkentlik yigit ham bo‘lib, biri Rossiyada qolib ketgan otasini qaytarish uchun, ikkinchisi esa uy-joyini tiklash maqsadida safarga otlangandi.

Muhiddinjon Umarjonov

Sanobar Umarjonova (Muhiddinjon Umarjonovning onasi):

– O‘g‘lim 24 yoshda edi. Kasbi oshpaz edi. Kuniga 25 ming so‘mga ishlardi. Fojiadan keyin: «Xorijda nima bor edi, shu yerda ishlashsa bo‘lmasmidi», deb hamma gapirdi. Lekin o‘g‘lim Rossiyaga ishlashga ketmagandi.

Gap shundaki, xo‘jayinim ishlashga Ufa shahriga ketib, qaytib kelmagan. Shu yoqda boshqa turmush qurgan. Qiz farzandli bo‘lgan. Men bu yoqda ikki o‘g‘il bilan qolib ketdim. Ro‘y bergan ishlar sog‘lig‘imga qattiq ta'sir qildi, yotib qoldim.

Ammo oilamdagi gapni ko‘chaga olib chiqqan ayol emasman. Hatto jigarlarim, uyimdagilarga aytmaganman erim boshqaga uylanib olganini. Farzandlarimga-ku umuman bildirmaganman. O‘shandan keyin besh yil gaplashmay ketgan bo‘lsak-da, har zamonda qo‘ng‘iroq qilib qolganida hech narsa bo‘lmaganday so‘rashib, «Dadangiz sizlarni so‘rayapti» deb telefonni bolalarimga berib qo‘yardim. Oilamizda otaning sha'ni, o‘rniga hech qachon dog‘ tushirmaganman.

Erim Rossiyadan 100, 50, gohida 30 dollar yuborib turardi. Biroq bu ikki o‘g‘ilni yedirib-ichirish, mening dori-darmonlarimga yetmasdi. Shu sababli kattam kun bo‘yi, kichkinam darsdan keyin ishlardi. Bu yerda topish-tutish kamligidan o‘g‘lim ustozi bilan qo‘shilib Qozog‘istonga ishlashga ketdi. O‘sha yerda yaxshi ishlab keldi. Ikkinchi safar ketganida Rossiyadagi o‘rtoqlari otasining uylanganini aytib qo‘yishibdi.

Erim Rossiyaga ketishidan oldin bir xonali uyimizni sotib, to‘rt xonali uyga ko‘chib o‘tgandik. Xo‘jayinim uyning pulini berganini aytgandi. Keyin bilsak, u uy shunchaki erimning nomiga olingan, aslida birovning uyi ekan. Uyimizning pulini o‘zi bilan olib ketgan ekan. Uy egasi 2017 yilning dekabrida – yangi yil arafasi qo‘ng‘iroq qilib, 8 yil yashadinglar, yo uyni bo‘shatinglar, yo pulini beringlar deb aytganda mazam bo‘lmay qoldi. Yig‘lab o‘tirganimda o‘g‘lim Qozog‘istondan telefon qilib qolgandi, alam ustida bu gapni aytib qo‘yibman-da.

Sanobar Umarjonova

Otasining uylangani bir zarba, uysiz qolishimiz xavfi bolamga yana bir zarba bo‘lgan-da, endi ko‘chada qolamizmi deb o‘ylab, nima qilarini bilmay qolgan kap-katta yigit. Shu bo‘ldi-yu shoshilinchda Qozog‘istondan qaytib kelib, Rossiyaga qarab yo‘lga otlandi. Men bu vaqtda o‘rtoqlari otasining uylanganini aytib qo‘yganidan bexabar bo‘lganman. Oradan ancha vaqt o‘tib, o‘g‘limning raqamini tiklatib, telefonidagi xabarlarni o‘qiganimdan keyin bildim bularni. Menga ishlashga ketyapman, kelib sizni davolataman, degandi.

Men ketishiga qarshilik qildim, ammo u oyoq tirab turib oldi. Keyin bilsam, otasini O‘zbekistonga qaytarib olib kelish niyatida Rossiyaga qarab otlangan ekan. Samolyotga chipta olib, aeroportdan otasiga telefon qilgan. Biroq otasi bolamning kelishini xohlamasdan, uni Rossiyaga borish fikridan qaytarish uchun: «Og‘ir kasal bo‘lib yotib qoldim, holim xarob, bu yerga kelma, hujjat qilish qiyin, mening ahvolim bu, sen kelsang battar qiynalamiz», deb aytgan.

Bolam bechora otasini yaxshi ko‘rardi, dadam chindan qiynalib qolibdi, hech kim qaramay qo‘yibdi deb o‘ylab, shartta bir necha kundan keyinga olingan aviachiptasini qaytarib topshirib, avtobusga chipta olibdi. Avtobusga chiqayotganiniyam menga so‘nggi damlarda aytdi. Keyin yo‘lda mana shu voqea sodir bo‘ldi.

O‘g‘lim o‘tirgan avtobus yonib ketganini uning ustozlaridan eshitdim. U kunlarni eslagim kelmaydi.

Xurshidxon Tursunov va Muhiddinjon Umarjonov safar oldidan

Gulnora Tursunova (Xurshidxon Tursunovning onasi):

– O‘g‘lim hammaga birday mehribon, uyim-joyim deydigan bola edi. Boquvchimiz edi. Qo‘lidan kelgancha hammaga yordam qilardi. Birovning dilini og‘ritmagan.

Nazarbekda hovlimiz bor edi. Hammamiz o‘sha yerda yashardik o‘g‘illarim bilan. Kattam shu hovlimizni sotib, pulini tijoratga sarmoya qilib kiritdi. Boshida harakatlari yaxshi samara berdi, ammo keyin ishi orqaga ketib, bor-budimizdan ayrilib qoldik. Mana shu xatomni to‘g‘rilayman, uy-joy qilaman deb safarga ketgandi.

Bolamni ko‘p urishardim. Lekin chetga ishlashga ketishiga qarshi bo‘lganman. Mana uch yil bo‘ldi, nom-nishonsiz. Qaytib kelsin, bolalariga bosh bo‘lsin deb xudodan har kuni so‘rayman. Ikki nafar farzandi bor bolamning.

Fojiadan so‘ng Toshkent viloyati va Toshkent shahri hokimliklaridan mas'ullar bizni yo‘qlab kelishdi, ahvolimizdan xabar topishdi. Mening propiskam ota uyimda qolgani uchun Uchtepa hokimligi 5 yil muddatga vaqtincha boshpana berishdi. Hozir bizga ijaraga berilgan ikki xonali uyda o‘g‘illarim bilan birga yashab kelyapmiz. Sharoitimiz og‘ir bo‘lgani, yashashga joy kamligi uchun kelinim ayni paytda bolalari bilan otasinikida yashamoqda.

Gulnora Tursunova

Xurshidxondan keyingi o‘g‘illarim 34 va 32 yoshda. Oilaviy ahvolimiz bunaqaligidan hali oila qurisholgani yo‘q. 2018 yilning 23 yanvar kuni uyimizga shahar hokimi kelganlar, bolamning tobutini olib kelishganda ikkala o‘g‘lingizga ham uy ajratamiz, qonun bo‘yicha sizlar davlatdan uy olishga haqlisizlar deb va'dalar berishgandi. Biroq bu gaplar gapligicha qolib ketdi. 9 oy Toshkent viloyati hokimligi, 3 oy Toshkent shahar hokimligi sarson qilgani qoldi. Natija bo‘lmadi. Hozir hech kim holimiz bilan qiziqayotgani ham yo‘q.

Hozir ko‘zim yaxshi ko‘rmaydi. Do‘xtirlar operatsiya qilish kerak degan. Hozircha sal-pal ko‘rib turibman, xudoga shukur qilaman. Operatsiyaga imkonim ham yo‘q. Pensiya haligiday, shu holimda davlat ishida ishlayman. Ammo topganimiz ro‘zg‘or, kommunal to‘lovlardan ortmaydi.

O‘g‘illarim ham, biz ham Xurshidxonning o‘lganiga ishonmaymiz. Qachondir uyga kirib keladi deb kutamiz. Boshqacha edi to‘ng‘ichim...

***

Surxondaryolik Ramil Turg‘unboyev 28 yoshida Aqto‘be fojiasi qurboni bo‘ldi. Uning ortidan onasi va opasi, Ramil bilan atigi 8 oy hayot kechirgan bevasi bo‘zlab qoldi. Otasining vafotidan so‘ng tug‘ilgan qizaloq hozir ikki yarim yoshda.

Yevgeniya Savchuk

Yevgeniya Savchuk (Ramil Turg‘unboyevning onasi):

– Ikki farzandim bor, bir o‘g‘il, bir qiz. Aslida farzandlarim Moldovada tug‘ilishgan. O‘g‘lim bir yoshga to‘lganda Surxondaryoga ko‘chib kelganmiz.

Qizimni uzatganman, hozir Denovda yashashadi. O‘g‘limni 2017 yilda uylantirgandim. Kelinim bilan atigi 8 oy yashashdi. Keyin esa: «Aya, Rossiyaga borib kelib ishlab topgan pulimga mashina olaman», dedi. Men: «Turmushimiz yaxshi, ro‘zg‘orimizda kamchiligimiz yo‘q, borma, qo‘y», deb aytdim. Ayoli ham ketmang deb qancha aytdi. Lekin mashina olgach, keyin shu yerda ishlayman, Rossiyaga boshqa bormayman degandan keyin noiloj rozi bo‘lgandik.

Chunki oldin ikki yil borib ishlab kelgandi. Keyin kelib uylangandi. Bunday voqealar bo‘lishi tushimizga ham kirmagandi. Ramil ketayotganda ayoli olti oylik homilador edi. Keyin qizi tug‘ildi. Davlat tomonidan avval 3 mln, keyin 6 mln so‘m yordam puli berildi. Mahalla-ko‘y ma'raka-marosimlarimizga qarashishdi. Hech kim qarab turgani yo‘q.

Ramil Turg‘unboyevning bevasi Navbahor Turg‘unova qizi Mubina bilan

O‘g‘lim juda mehribon, aqlli bola edi. Ishonganim shu edi. «Ayajon, men o‘zim sizni boqaman, o‘zim qarayman derdi», derdi. Afsus, umri qisqa ekan. Taqdir ekan, bo‘lmadi. Xudoga shukur, undan zurriyod qolgan. Shularning boriga shukur.

***

Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida yashagan ikki do‘st ham Aqto‘be fojiasi qurbonlari ro‘yxatida. Ismlari ham bir xil bo‘lgan bu bo‘z yigitlar endigina 19 va 20 yoshni qarshilashgandi. Biroq oilasidagilar ularning o‘lganiga ishonishmaydi. Haligacha umid bilan kutishadi.

Qizlarxon Hojiboyeva

Qizlarxon Hojiboyeva (Islomjon Karimjonovning onasi):

– Farzandim o‘rtog‘i Islombek bilan yaxshi niyatlarda Rossiyaga ishlashga ketishgandi. Uch-to‘rt yil ishlab kelaman, qaytganimdan keyin uyni o‘nglaymiz degandi. Hokisor, sodda bolalar edi ikkalasiyam.

Bir nafas ham to‘xtamasdan xudodan shularning kirib kelishini kutyapmiz. Uch yil bo‘ldi, mana, Alloh noumid qilmasin. Onaning ko‘ngli sezadi: bolam tirik. Aniq bilaman. Xudo xohlasa, qaytadi...

Islomjon eng katta farzandimiz edi. Undan keyin qizim va o‘g‘lim bor. Endigina 20 yoshni to‘ldirib, 21ga o‘tgandi. Katta bo‘lib, endi yonimizga kirib qolgandi.

Islomjon Karimjonov

O‘tkirbek Hojiboyev (Islomjon Karimjonovning otasi):

– Oxirgi marta o‘g‘lim bilan amakisi gaplashgan. Chegaradan o‘tib ketyapmiz degan. Shundan beri dom-daraksiz, nima voqea bo‘lgan, bilmaymiz.

Uyda televizor ko‘rib o‘tirsam, Samaraga ketayotgan avtobus yonib ketgani haqida xabar berib qolishdi. Shu lavhani ko‘rgan zahotim qo‘shnimnikiga yugurdim, uyida interneti bor edi-da uning. Internetga kirib ko‘rsak, aynan o‘g‘lim ketgan avtobus yonib ketgan bo‘lib chiqdi. Toshkentlarga telefon qildik, o‘sha avtobusda bo‘lgan deyishdi.

O‘zi u «Gazel»da ketishi kerak edi. Nimadir bo‘lib eski, sug‘urtasi yo‘q avtobusga chiqarvorishgan ularni. Keyin yo‘lda shu voqea bo‘lganini eshitdik.

O‘sha paytlari o‘zim Rossiyadan kelganimga ko‘p vaqt bo‘lmagandi. Hali o‘g‘limning diydoriga to‘yib ulgurmagandim. U Toshkentda bo‘lardi, men goh Rossiyada, goh boshqa joyda yotib ishlab qolardim. Uyda bir vaqtda kam bo‘lardik.

Irodaxon Adapova

Irodaxon Adapova (Islombek Norboyevning onasi):

– Biz u yerda holatni, bolam qanday holatda nima bo‘lganini ko‘rganimiz yo‘q. Nima bo‘lganini hech kim bilmaydi, uni yolg‘iz Alloh biladi. Rossiyaga borib, ishlab pul topib, dadamni davolataman, pasportini olib beraman deb ketgandi. Xo‘jayinim Qirg‘iziston fuqarosi edi, shu sabab doim kirdi-chiqdidan qiynalardik. Qolaversa, xo‘jayinim og‘ir kasal edi, davolatishga pul kerak edi.

Sharoitimiz qiyinligi uchun ham bolam ota-onamning ishonchini oqlay, duosini olay, ukalarimga yordam beray deb safarga ketayotgandi. Shunday fojia bo‘ldi. Bunday hol bo‘ladi deb xayolimga ham kelgani yo‘q. To bolamning tobutini olib kelguncha uning o‘lganiga ishonganim yo‘q. Hozir ham tasavvur qilolmayman, bolamning murdasini ko‘rganim yo‘q, buni endi Alloh biladi. Farzandning dog‘i juda qiyin, ota-ona o‘zidan o‘tganini o‘zi biladi.

Islombek Norboyev (chapda) do‘sti Islombek Karimjonov bilan

Farzandim 8 yoshidan beri ham maktabga borib, ham ustaga shogird tushib ishlardi. Chunki oilamizda men yolg‘iz o‘zim ishlardim. Xo‘jayinim disk churrasi bilan og‘rigani uchun ishlolmasdi. Muolajalardan keyin hozir ancha ahvollari yaxshi, ammo haliyam qo‘llarida kuchli qaltiroq bor. Farzandim bizning qiynalganimizni ko‘rib-bilib, ota-onamga yordam beraman deb ishlashga ketgandi.

***

Prezident Shavkat Mirziyoyev Aqto‘be fojyeasiga O‘zbekistonda kerakli ish joylari yaratilmagani sabab bo‘lganini ta'kidlab: «Xalqimizning oldida hali qarzimiz ko‘p. Odamlarimizga sharoit yaratmaganimiz uchun ular begona yurtlarga borib ish qidirib yurishibdi», degan edi.

O‘zbekistonliklarni olib Qozonga otlangan avtobus qoldiqlari
Foto: Reuters

52 nafar o‘zbek o‘g‘lonlari ham vatanda ish topa olmaganidan, orzularini amalga oshirish imkoniyati yo‘qligidan, o‘g‘il uylash, qiz chiqarish uchun mablag‘ topish niyatida izg‘iringa qaramay yo‘lga chiqishgandi. Afsuski, ularning ortidan tobutlari qaytdi.

Oradan uch yil o‘tib, fojia qurbonlari oilalari holidan xabar olarkanmiz, ularning hayotida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lmagani, aksariyat oilalar hamon ishsizlikdan qiynalishayotgani, garchi yo‘qotishlar jarohati hali bitmagan bo‘lsa-da, oilaning navbatdagi farzandlari ilojsizlikdan baxtini rus tuprog‘idan qidirishga majbur bo‘layotganiga guvoh bo‘ldik.

Chimkentdan Qozonga ketayotgan avtobus 2018 yil 18 yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati hududida yonib ketgan edi

Aqto‘be fojiasi qurbonlarining Namangan viloyati Kosonsoy va To‘raqo‘rg‘on tumanlari, Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida yashovchi oila a'zolarining bugungi kuni, turish-turmushi haqida navbatdagi maqolamizda hikoya qilamiz. Bu haqda batafsil yuqoridagi videolavhada tomosha qilishingiz mumkin.

Kun.uz muxbirlari:
Jamshid Niyozov
Gulmira Toshniyozova
Sarvar Ziyayev
Tohirjon Tursunov
Yulduz Yo‘ldosheva
Abduvali Qurbonov
Sherzod Sodiqov
Abror Qurbonmurodov

Tasvirchilar:
Muhiddin Qurbonov
Asad Allanazarov
Jahongir Mahmudov


Montaj ustasi:
Muhammadjon G‘aniyev

Mavzuga oid