Jahon | 13:47 / 22.02.2021
23817
7 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoq rossiyalik korchalonlarga qarshi. Ro‘yxatda kimlar bor?

Yevropa Ittifoqi kengashi Rossiyadagi inson huquqlari buzilishi holatlariga qarshi sanksiyalar qo‘llashni ko‘rib chiqmoqda. Aleksey Navalniyning korrupsiyaga qarshi kurashish jamg‘armasi va Yevroparlament deputatlari sanksiyalarni rossiyalik oligarxlarga qarshi qo‘llashni taklif qilishmoqda. Sanksiyalar kimlarga daxldor bo‘ladi?

Yevropa tashqi ishlar vaziri Jozep Borrelning Moskvaga tashrifidan so‘ng Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llashi borasidagi talablar kuchayib ketdi. Ular orasida o‘nlab yevropalik siyosatdonlar imzo chekkan maktub ham bor. Sanksiyalarga javobgar Yevropa Ittifoqi davlatlarining tashqi ishlar vazirlari bu masalani 22 fevral kuni Bryusselda ko‘rib chiqadi. DeutcheWelle nashrining Yevroittifoqdagi manbalariga ko‘ra «Rossiyada inson huquqlarining qo‘pol, aniq va jiddiy buzilgani» uchun sanksiyalar tayyorlanish jarayonida.

Rossiyalik oligarxlarga qarshi sanksiyalar bo‘ladimi?

Undan tashqari, yevrodeputatlar Rossiya prezidenti Vladimir Putinni o‘z siyosatini o‘zgartirishga majbur qilishning yangi usuli haqida muttasil gapirib kelishmoqda. Yevroparlamentning chet el aralashuvi qo‘mitasi raisi, fransiyalik sotsial-demokrat Rafael Glyuksmann bu borada ancha faol.

Borrel bilan debatlarda u Putinning Yevroittifoq bilan hamkorlik qilishni istamayotgani va Bryussel buni tushunishi lozimligini uqtirishga urindi. «Chorasiz qolishni bas qilish va og‘riydigan joyga zarba berish kerak: karmonga. Kelinglar, hisoblarni muzlatamiz, yaxtalar hibsga olamiz, korchalonlarning pullarini bloklaymiz», deydi u.

Sanksiyalar qo‘llanadigan rossiyaliklar ro‘yxati esa bor. Ro‘yxatni Navalniyning korrupsiyaga qarshi kurashish jamg‘armasi tuzgan va 3 fevralda Yevroittifoq rahbariyatiga taqdim etgan. Ro‘yxatga asosan katta tadbirkorlar kiritilgan: Roman Abramovich, Alisher Usmonov, Oleg Deripaska va Shennadiy Timchenko.

Yevroittifoqning tashqi siyosat bo‘yicha rasmiy vakili Peter Stanoning bayonot berishicha, Navalniyning jamg‘armasiga kerakli vaqt va kerakli shaklda javob beriladi, lekin OAV orqali emas.

Yevropa Ittifoqining oligarxlarga qarshi sanksiyalar rejimi bormi?

Yevroittifoqda sanksiyalar joriy qilish qisman siyosiy masala. Bunday qadam tashlanishi uchun huquqiy asoslar zarur. Asoslar alohida davlatlarga bog‘liq. Rossiyaga qarshi sanksiyalar Ukrainaga tegishli Qrim yarimorolining anneksiya qilingani va Ukrainadagi holatni beqarorlashtirishga urinilgani uchun joriy qilingan.

Putinga yaqin bo‘lgan tadbirkorlar Arkadiy Rotenberg va Yuriy Kovalchukka aynan shunday sanksiyalar qo‘llangan. Rotenbergga sanksiya qo‘llanishi uning kompaniyalari Kerch ko‘prigini qurishda ishtirok etgani tufayli, Kovalchukka tegishli «Rossiya» banki esa anneksiya qilingan hududda faol ishlamoqda.

So‘nggi yillarda Yevroittifoq geografik joylashuvga bog‘liq bo‘lmagan bir necha sanksiyalar ham joriy qilgan: masalan, kimyoviy quroldan foydalanish va kiberhujumlar uchun. Navalniy «Novichok» kimyoviy moddasi bilan zaharlanishi mojarosidan keyin birinchi punkt bo‘yicha sanksiyalar joriy qilingandi. Biroq bunday sabablar bilan korchalonlarga sanksiya qo‘llab bo‘lmaydi. Navalniy jamg‘armasining maktubida aytilishcha, korchalonlar «Putin rejimiga xos qatag‘onlar va poraxo‘rlik» ishtirokchilaridir.

«Magnitskiy qonuni»ni korchalonlarga qo‘llash mumkinmi?

«Rossiya bilan muloqot qilsangiz, unga ta'sir qilib bo‘lmaydi. Biz ixtiyorimizda mavjud bo‘lgan instrumentlardan foydalanishimiz kerak. Masalan, ayrim oligarxlar aktivlarini muzlatib qo‘yamiz va ularga kirishni taqiqlaymiz. Bu instrumentlardan foydalangan holda biz rus xalqiga hujum qilmaymiz va o‘z biznesimizga zarar yetkazmaymiz», deydi Yevropa konservatorlari va Yevroparlamentda islohotchilar fraksiyasi raisi Assita Kanko.

Bunday instrumentni u geografik bog‘lanishsiz uchinchi rejim deb ataydi – buni inson huquqlari buzilishiga qarshi sanksiyalarni joriy etishga mo‘ljallangan «Magnitskiy qonuni» desa ham bo‘ladi. «Bizda aktivlarni muzlatib qo‘yish va Putinni qo‘llab-quvvatlovchi shaxslarga kirishni taqiqlab qo‘yish instrumenti mavjud. Shu yo‘sinda biz uning kleptokratiyasiga zarba berishimiz mumkin», deb hisoblaydi Kanko.

Bu rejim sanksiya kiritish mumkin bo‘lgan inson huquqlarining qo‘pol ravishda buzilishini nazarda tutadi. Xususan, bu qiynoqlar va g‘ayriinsoniy munosabatda bo‘lish, istagancha hibsga olish, tinch namoyishlar va so‘z erkinligi huquqlarining tizimli ravishda buzilishidir.

«Bizni, ayniqsa, Rossiyadagi inson huquqlari tashvishga soladi. Namoyishlarga chiqayotgan odamlarni ommaviy ravishda hibsga olishmoqda», deydi Yevroparlamentning tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi a'zosi, avstriyalik sotsial-demokrat Andreas Shider. U ham sanksiyalarning inson huquqlari buzilishi uchun munosib instrument deb hisoblaydi. «Bu maqsadli sanksiyalar demokratiyaga ters ish ko‘rayotganlar, hibsga va qo‘lga olishga buyurayotganlar va ularni moliyalashtirayotganlarga qarshi. Biz ayrim davlatlarda inson huquqlari bilan bog‘liq holat juda yomon ekani, bunga aybdor elita esa Yevropaga shoping uchun kelib, poytaxtlarimizdagi hayotdan rohat olib ketishlariga qarab tura olmaymiz», deya qo‘shimcha qilgan Shider.

Yevroittifoqda pul yuvishga qarshi kurash

Yevrodeputatlar, xususan, Kanko va Shider boshqa instrument haqida ham gapirib o‘tishgan – pul yuvishga qarshi kurash. Bu sanksiyalar bilan bog‘liqmas. Gap kelib chiqishi shubhali bo‘lgan pullarning huquqiy jihatdan o‘rganilishi haqida. AQShning Atlantic Council tahliliy markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, xorijda Rossiyadan shubhali tarzda olib chiqilgan 1 trillion dollar yashirilgan.

18 fevralda shu masala yuzasidan yevrodeputat Andryus Kubilyus uyushtirgan munozarada Litva moliya vaziri o‘rinbosari Andryus Lyutvinskas rossiyalik oligarxlar hisobi Yevroittifoqda muzlatilgani haqidagi savolga javob berishga qiynaldi. «Hozirgi cheklovlar bunga moslanmaganini tushunish kerak. Ular noqonuniy pul oqimiga qarshi yo‘naltirilgan», deyiladi DW nashriga. Yevrokomissiya matbuot xizmati esa rossiyalik oligarxlar tomonidan pul yuvilishi haqida umuman eslamagan. Lekin Yevrokomissiya tez orada pul yuvishga qarshi choralarni kuchaytirish bo‘yicha takliflar berilishini qistirib o‘tishgan.

Mavzuga oid