O‘zbekiston | 22:16 / 20.03.2021
35701
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston hududiga kirib kelish bo‘yicha yangi tartib o‘rnatildi

25 martdan boshlab O‘zbekistonga kirishda faqat tan olingan laboratoriyalarning koronavirusga PZR tekshiruvlari natijasi so‘raladi. PZR tekshiruvi ma'lumotnomasi yo‘q fuqarolar avtoyo‘l chegara punktlarida ekspress-test topshirishi mumkin.

Respublika maxsus komissiyasining tegishli qarori bilan, O‘zbekiston hududiga kirishning yangi tartibi o‘rnatildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ma'lum qildi.

Yangi tartibga ko‘ra:

  • O‘zbekiston Respublikasiga havo, temir yo‘l transporti va chegara punktlari orqali kirayotgan barcha shaxslardan o‘z hisobidan aeroport, vokzal yoki chegara punktida koronavirus antigenini aniqlash uchun ekspress test olish tartibi 2021 yilning 15 martdan boshlab bekor qilindi;
  • Havo va temir yo‘l qatnovlari orqali kelayotgan shaxslar O‘zbekistonga kelish uchun havo yoki temir yo‘l qatnoviga ro‘yxatdan o‘tishdan oldin, so‘nggi 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda koronavirusga PZR (polimera zanjiri reaksiyasi) orqali tekshirilib, manfiy natijali deb topilgan ma'lumotnomani taqdim etishi talab etiladi;
  • Avtoyo‘l chegara o‘tkazish punktlari orqali O‘zbekistonga kirib kelayotgan shaxslar so‘nggi 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda koronavirusga PZR orqali tekshirilib, manfiy ko‘rsatkichga ega deb topilgan ma'lumotnomani taqdim etsa O‘zbekiston hududiga kiritiladi. PZR natijasi bo‘lmagan hollarda esa chegara o‘tkazish punktlarida faoliyat yuritadigan maxsus klinika yoki laboratoriyalarda koronavirus antigenining ekspress testi orqali manfiy natija qayd etilgan ma'lumotnoma taqdim etilishi zarur.

Avtoyo‘l chegara o‘tkazish punktlari orqali kirib kelayotgan O‘zbekiston fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarda ekspress test musbat natija bersa, ular tegishli hududda joylashgan tibbiyot muassasalariga yuboriladi.

So‘x tumani, Shohimardon, Cho‘nqara, Toshtepa aholi punktlariga kirishda hamda ulardan O‘zbekiston Respublikasi tomon tranzit tarzida borayotgan O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolaridan koronavirus infeksiyasiga hech bir turdagi test tahlillarini topshirish talab etilmaydi.

2021 yilning 25 martidan boshlab, xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga tashrif buyuruvchilardan faqat tan olingan laboratoriyalarning koronavirusga PZR tekshiruvi  ma'lumotnomasiga ega shaxslargina havo yoki temir yo‘l qatnoviga ro‘yxatdan o‘tkaziladi, yoxud avtoyo‘l chegara o‘tkazish punktlari orqali O‘zbekistonga ekspress test o‘tkazmay kiritiladi.

Tan olingan laboratoriyalarning (kamida 10 ta) ro‘yxatini Sanitariya-epidemiologiya xizmati shakllantiradi.

PZR tekshiruvi natijasi haqidagi ma'lumotnoma ingliz yoki rus tilida bo‘lishi talab etiladi.

Shuningdek, O‘zbekistonga kirish vizasini rasmiylashtirishning markazlashtirilgan elektron tizimida viza olish uchun arizalar qabul qilinishi qayta yo‘lga qo‘yiladi.

Yuqoridagi tartib bilan birga, tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofa saqlash, dezinfeksiya ishlarini o‘tkazib borish talabiga rioya qilish belgilandi.

Mavzuga oid