Takomillashayotgan lotincha imlo: Qonun loyihasiga ayrim takliflar
Lotincha imloga asoslangan o‘zbek alifbosi masalasi yana kun tartibiga chiqdi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga havola etdi. Milliy alifbodagi noqisliklar va ularning salbiy oqibatlari haqida o‘ylanib yurgan ziyolilar loyihani mamnuniyat bilan kutib olishdi.
O‘zi nega shu vaqtgacha lotin imlosi ommalashmadi?
Yodingizda bo‘lsa, mustaqillikka erishganimizdan so‘ng ilk marta 1993 yilda lotin yozuviga o‘tdik. 1995 yilda alifbo tahrirga uchradi va o‘shandan buyon maktablarda o‘quvchilarning savodi yangi alifboda chiqmoqda. 26 yil bo‘libdi shunga ham. Lekin jamiyatda hamon kirill alifbosidan teppa-teng foydalanilmoqda.
Nima uchun lotincha alifboga Ozarboyjon, Turkmaniston kabi davlatlarda bo‘lganidek birdaniga o‘tib keta olmadik? Buning bir necha sababi bor.
Shulardan biri – 1995 yilda isloh qilingan alifboning o‘ta noqulay ekanidir. O‘shanda qabul qilingan qo‘sh belgili «Sh», «Ch», «O‘» va «G‘» harflarini yozish uchun bir necha klavishlardan foydalanish kerak. Buning natijasida yoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zaro so‘zlashuvlarda, fikr bildirish jarayonida ushbu harflarning o‘rniga «w», «4», «6» kabi simvollardan ham foydalanishga o‘tib ketishdi.
Qolaversa, shu o‘tgan davrda badiiy kitoblar va ayniqsa o‘qiladigan yagona axborot manbayi bo‘lib turgan bosma nashrlar mudom kirillcha imlodan foydalanishda davom etishdiki, yangi alifboning ommalashuviga bular ham salbiy ta'sirini o‘tkazmay qolmadi.
So‘nggi 5-6 yilda internetning keng quloch yoyishi, internet nashrlar, Telegram, Instagram, Facebook kabi ijtimoiy tarmoqlarning ommalashuvi natijasida lotincha imlodan foydalanish miqdori keskin ortdi va joriy lotincha alifboning ko‘plab nuqsonlari yaqqol yuzaga chiqa boshladi.
Alifboni isloh qilish zaruriyati
So‘nggi yillarda mamlakatimizda o‘zbek tilining nufuzini oshirish borasida jiddiy ishlar izchil amalga oshirilmoqda. Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etildi. O‘zbek tilini rivojlantirish ushbu oliy o‘quv dargohining asosiy vazifasi etib belgilandi.
Mutaxassislar oldiga ona tilimizni rivojlantirishga oid qator vazifalar, xususan, lotin imlosiga batamom o‘tish masalasi qo‘yildi. Shaxsan davlat rahbari va hukumatimiz bu borada o‘zining qat'iy pozitsiyasini namoyon etib kelmoqda. Prezident farmoni qabul qilindi. Hukumat qarorlari chiqarildi.
Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Departament qoshida o‘zbek alifbosini isloh qilish bo‘yicha ishchi guruh tuzildi. Unga tilchi olimlar bilan bir qatorda jurnalistlar, blogerlar, dasturchilar ham kiritildi. Alifboni qulaylashtirish va takomillashtirish bo‘yicha ko‘plab yig‘ilishlar o‘tkazildi, turli fikrlar eshitildi. Nihoyat bir to‘xtamga kelinib, qonun loyihasi xalq muhokamasiga qo‘yildi.
Qusurlardan qutulib, ixchamlik sari yo‘l
Albatta, takomillashayotgan alifbo ham hammaga birday yoqmayapti. Uni tanqid qilayotganlar ham chiqyapti. «Hozirgi joriy alifbo qolaversin», deganlar ham bo‘lyapti. Hattoki, yoqilgan ko‘priklarni tiklab, «kirillchaga qaytish kerak», deganlar ham chiqmoqda. Lekin bunday e'tirozlarning aksariyati ilmiy mantiqdan yiroq, shunchaki quruq gapdan bo‘lak narsa emas.
Keling, joriy alifboda qanday qusurlar borligi va takomillashgan alifboda ular qanday bartaraf etilgani, isloh qilinayotgan alifboning nimasi qulayligi haqida gaplashaylik.
1. Joriy alifboda «O‘» va «G‘» harflarini ifodalashda tasdiqlangan bir tirnoq o‘rniga turli simvollardan foydalanish avj olib ketgan, buning natijasida bir so‘zni 8-9 xil ko‘rinishda yozish ham mumkin bo‘ldi.
Bularga endi yana «Ò», «Ó», «Õ», «Ö», «Ō», «Ŏ» kabi turli harflardan foydalanib yozayotganlarni qo‘shing.
Eng alamlisi — millatimiz va Vatanimiz nomi «O‘» harfidan boshlanadi. Shaxsiy va sub'yektiv fikrimcha, «o‘» tovushini ifodalash uchun «O‘» — harf+simvol birikmasini joriy etgan shaxs, yumshoq qilib aytganda, millatimizning do‘sti emas. «O‘zbek», «O‘zbekiston» so‘zlarini ifodalashda tuturuq bo‘lmagandan keyin yana nima deyish mumkin?
2. Mavjud holat Internet tarmog‘ida o‘zbek tilida qidiruvni juda murakkablashtiradi. Chunki birtirnoq doimo so‘zni bo‘lib yuborgan. «O‘» va «G‘» ishtirok etgan so‘zlarni ikki, uchga bo‘lib tushunadi kompyuter.
Masalan, WinWord dasturida biror so‘zning harflarini kattalashtirish zaruriyati bo‘lsa, so‘zni to‘liq Shift+F3 bilan belgilab olish kerak, chunki dastur birtirnoqqacha qabul qiladi: QORAKO‘lliklar, QARG‘alar kabi.
Axborot asrida kun tartibida trendga chiqqan mavzular topish va kuzatish oson bo‘lishi uchun heshteg bilan ifodalanadi. Bu holatda ham «O‘» va «G‘» ishtirok etgan co‘zlardan heshteg yasab bo‘lmaydi:
3. Xuddi mana shunaqa vajlar bilan «O‘» va «G‘» ishtirokidagi so‘zlar turli dasturlarni yaratishda ham katta qiyinchilik tug‘dirayotganini IT-mutaxassislar tinmay takrorlab kelishmoqda.
4. «Sh» va «Ch» ishtirokidagi so‘zlar muammosi. Bu harflarning ikkita simvol bilan ifodalanishi ham harf terishda ortiq vaqt, matnda esa ortiqcha joy olib kelayotgan edi. Ma'lumki, o‘zbek tilida «sh» va «ch» tovushlaridan ko‘p foydalaniladi. Ayniqsa, so‘z yasashda. O‘z-o‘zidan, so‘zlarning uzayishi, «Bir tovush – bir harf» prinsipiga qurilgan kirillcha imloga nisbatan vizual noqulaylik yuzaga kelayotgan edi.
Boz ustiga, «Sh» va «Ch» harflarini ifodalashda «h» harfi «nikohlab» berilganki, bu hamyurtlarimiz o‘rtasida tushunmovchilikka sabab bo‘layotgan edi. Ya'ni bu qo‘sh belgili harflar «h» va «x» harflari ishtirok etgan so‘zlarni farqlashga ham xalaqit bergani uchun ko‘pchilik «h»dan faqat «Sh» va «Ch»ni ifodalashda foydalanib, qolgan o‘rinlarda yoppasiga «x» ishlatishga o‘tib ketgan edi. Yangi imloda «x» va «h»ni birlashtirish kerak, degan gap-so‘zlarga ham aslida mana shu hol sabab bo‘lmayaptimikan?
Demak, «Sh» va «Ch»ni «Ş» va «Ç» ko‘rinishida ifodalash «h» harfini ortiqcha «tashvish»dan xalos qiladi, o‘quvchilarga «h» va «x» harflari qay o‘rinda ishlatilishini farqlash osonlashadi. So‘zlarimizning uzunligi ham biroz bo‘lsa-da qisqaradi.
Taqdim etilayotgan alifbo loyihasini biroz tahrirlash kerak
«O‘o‘ » va «G‘g‘» harflari o‘rniga — «Ōō» va «Ḡḡ» harflari taklif qilinmoqda. Bu yaxshi, nima bo‘lganda ham, mazkur harflarning yozma ko‘rinishiga yaqinlashtirilgan.
Biroq, «Ōō» simvoli shu paytgacha foydalanishda bo‘lgan ko‘plab shriftlarda aks etsa-da, «Ḡḡ» simvoli haqida unday deb bo‘lmaydi. Mashhur xalqlardan birortasi bu harfdan foydalanmagani uchun u uchinchi dunyo mamlakatlari kodirovkasidan o‘rin olgan. «Ḡḡ» — Times, Arial kabi standart shriftlardagina akslanadi.
Lekin, o‘zbek tilida faqat ana shu standart 3-4ta shriftdan foydalanilmaydi. «Ḡḡ»ning aksariyat shriftlarda aks etmasligi dizaynerlar va turli soha xodimlariga katta qiyinchilik keltirib chiqaradi. Yangi shriftni hech kim bizga yasab bermaydi. Shuning uchun mavjud bo‘lgan, ko‘p tarqalgan, Yunikodning asosiy bazasidan o‘rin olgan simvollardan foydalanaverish kerak.
Misol uchun, «Ḡḡ» o‘rniga turkiy xalqlar foydalanadigan «Ğğ» simvolini olaverish kerak. Bexavotir. Axir, turkiy xalqlarga xos bo‘lgan «Şş» va «Çç»ni olmoqchimiz-ku.
Faqat, «Ḡḡ» o‘rniga «Ğğ» olingach, vizual birxillikka erishish uchun «Ōō» o‘rniga ham «brevisli o» — «Ŏŏ»ni qabul qilishimiz lozim.
Birinchidan, kirillcha «O‘zbekiston», «o‘zbek» so‘zlarida ham «brevisli u»dan foydalanamiz. Bu «shapka» biz uchun qadrdon, tanish. Agarda, turkiy xalqlar foydalanadigan «Öö» simvollaridan foydalanish kerak, deyilsa, mazkur harf ayrim so‘zlarni yozishda yana bir qator vizual noqulayliklarni keltirib chiqaradi.
Fikrimcha, Ŏ harfini o‘zbek tilining maxsus ramzi, logotipiga aylantirish ham mumkin. Hattoki, o‘zbek so‘mi simvolini ifodalashda ham shu harfni asos qilib olsa bo‘ladi.
Klaviatura qanaqa bo‘ladi?
Joriy alifboda standart lotincha QWERTY-klaviaturadan foydalanish mumkin. Albatta, alifbo takomillashtirilgach, o‘zbek lotin alifbosi uchun alohida klaviatura kerak bo‘ladi. Qonun qabul qilingach, Windows, iOS, Android tizimlari shunga mos klaviatura ishlab chiqishadi, albatta.
Standart QWERTY klaviaturani yasashda shu paytgacha kirillcha terilma (raskladka)dan foydalanib kelganlarning ham ko‘nikmalari va xohishlari inobatga olinsa yaxshi bo‘lar edi: nuqta, vergul, ikki nuqta, nuqtali vergul, so‘roq belgisi va № simvollarini ifodalash uchun.
Kirillcha terilmada ham 4ta harfimiz, «O‘», «Q», «G‘» va «H» ruscha klaviaturaga alohida joylashtirilgandi. Lotinchada ham «Ŏ», «Ğ», «Ş», «Ç» harflari alohida joylashtirilmoqda. Bu ayniqsa mobil qurilmalar uchun mo‘ljallangan klaviaturalarda juda oson bo‘ladi.
Tortishmaylik, yon beraylik, qabul qilaylik
Fikrimcha, takomillashayotgan alifboda joriy alifboning ko‘plab qusurlaridan xalos bo‘lingan. Albatta, har kalladan har xil fikr chiqadi. Ijtimoiy tarmoqda loyihani ko‘r-ko‘rona tanqid qilayotganlar ham bor.
Amaldagi alifbo yomon va noqulay ekanligi aniq. Yangisida keskin islohlarga qo‘l urilmagan, ko‘p ta'kidlangan asosiy qusurlar bartaraf etilgan. Qolaversa, hammaga birday ma'qul bo‘ladigan alifbo yaratish imkonsiz. Muhimi, bizni shu paytgacha qiynab kelayotgan imloviy muammolardan xalos bo‘lyapmiz. Shunday ekan, ko‘pchilikka ma'qul bo‘lsa-da, o‘zimizga o‘tirishmayotganday tuyulgan ayrim jihatlarda yon berib, loyihani qo‘llab-quvvatlashimiz kerak.
Ushbu alifbo loyihasi tasdiqlanib, yoppasiga o‘tib ketilgach, foydalanish jarayonida uning qulayligi ayon bo‘ladi. Matn yozish, onlayn lug‘atlar tuzish, heshteglar yaratishda katta qulaylik yuzaga keladi va ko‘p vaqt, mablag‘imiz tejaladi.
Shuhrat Shokirjonov,
jurnalist
Mavzuga oid
16:43 / 06.11.2024
Erdo‘g‘an turkiyzabon davlatlarni umumiy alifboga o‘tishga chaqirdi
21:34 / 24.09.2024
“Yuz yillar oldin qilinishi kerak edi” - turkiy alifbo bo‘yicha kelishuvga erishildi
21:06 / 13.09.2024
Turkiy davlatlar uchun 34 harfdan iborat umumiy alifbo taqdim etildi
15:42 / 08.07.2024