O‘zbekiston | 19:28 / 25.03.2021
78512
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya O‘zbekiston bilan aviaqatnovlarni tiklamoqda

1 apreldan Rossiya 6 davlat - O‘zbekiston, Germaniya, Venesuela, Suriya, Tojikiston va Shri-Lanka bilan aviaqatnovlarni tiklaydi. RIA Novosti xabariga ko‘ra, bu haqda Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Tatyana Golikova Rossiya tezkor shtabining yig‘ilishida ma'lum qilgan.

1 apreldan haftada bir marta Moskva-Toshkent yo‘nalishida parvoz amalga oshirilishi kutilmoqda.

«Bo‘lib o‘tgan muhokama natijasiga ko‘ra, mamlakatlardagi epidemiologik vaziyatni hisobga olib hamda hukumat rahbari Mixail Mishustin bilan kelishgan tarzda 2021 yilning 1 aprelidan Venesuela (haftasiga ikki marta Moskva-Karakas), Suriya (haftasiga bir marta Moskva-Damashq), Tojikiston (haftasiga bir marta Moskva-Dushanbe), O‘zbekiston (haftasiga bir marta Moskva-Toshkent) va Shri-Lanka (haftasiga bir marta Moskva-Kolombo) bilan o‘zaro xalqaro reyslarni qayta tiklash bo‘yicha qaror qabul qilindi», deyilgan xabarda.

«Aeroflot» aviakompaniyasi ma'lumotiga ko‘ra, ushbu yo‘nalish uchun chipta narxlari 300 AQSh dollaridan boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi aviaqatnovlar karantin cheklovlari tufayli 2020 yilning 16 martida to‘xtatilgandi.

2020 yilning mart oyi boshida Transport vazirligi O‘zbekiston Rossiya bilan aviaqatnovlarni tiklash ustida ish olib borayotganini ma'lum qilgandi.

Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda koronavirus bilan bog‘liq sanitariya-epidemiologik vaziyat to‘g‘risida talab etilgan barcha ma'lumot o‘rnatilgan tartibda Rossiya hukumatiga taqdim etilgani, ayni paytda ularning javobi kutilayotganini aytgandi.

Mavzuga oid