O‘zbekiston | 11:29 / 07.04.2021
34023
3 daqiqa o‘qiladi

Angren shina zavodi bo‘yicha tergov boshlangan - Hisob palatasi

Hisob palata raisi o‘rinbosari 156 million dollarlik tashqi qarz evaziga qurilgan, ayni paytda faoliyati muvaffaqiyatsiz deb topilayotgan Angren shina zavodi yuzasidan tergov olib borilayotganini ma'lum qildi.

Foto: «Birinchi rezinotexnika zavodi»

Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev tashqi qarz evaziga qurilgan Angren shina zavodining faoliyati muvaffaqiyatsizligi uchun javobgarlarga qanday chora qo‘rilayotgani bo‘yicha Hisob palatasiga savol bilan yuzlandi.

«156 million dollarga zavod qurilgan. Shinalar ishlab chiqarilmoqda. Eng achinarlisi, shundoqqina Andijondagi UzAuto Motors bu shinalarni sotib olmayapti. Sabab sifatida bu mahsulotlar GM kompaniyasi standartlariga sertifikatlashtirilmagani keltirilmoqda. Nahotki, bu loyihani ishlab chiqilayotganda birinchi bozorimiz bo‘lgan ichki avtomobillar sertifikat talablariga moslashish zarurligi o‘ylanmagan bo‘lsa?!

Loyiha tashabbkorlariga, uni ishlab chiqqanlarga chora ko‘riladimi yoki shunchaki 156 million dollar suvda oqib ketdi, deb ketilaveradimi? Shu bo‘yicha huquq-tartibot organlariga taqdimnoma kiritdinglarmi?» deya savol qo‘ygan deputat yig‘ilishda.

Bunga javoban, Hisob palatasi raisi o‘rinbosari Bahodir Turobov mazkur holat yuzasidan tergov boshlanganini ma'lum qilgan.

«Materiallar administratsiya topshirig‘i bilan huquqni muhofaza qilish organlariga berilgan. Bugungi kunda tegishli tergov jarayonlari olib borilyapti. Bu masalada barcha e'tirozlarimizni vazirlik va idoralarga yetkazganmiz. Hujjatlarni rasmiylashtirib materiallarni berganmiz», degan u.

Hisob palatasining ma'lumotlariga ko‘ra, Xitoy Eksimbankidan jalb qilingan 156,4 million dollar mablag‘i hisobiga barpo etilgan Angren shina zavodi hozirda atigi 15 foiz quvvatda ishlamoqda.

Zavod omborida 100 mingta shina sotilmay turibdi. Kredit to‘lovlaridan esa 3 million dollardan ortiq qarzdorlik bor.

«Tabiiyki, loyiha nega bunday muvaffaqqiyatsizlikka uchragani odamni o‘ylantiradi. Nahotki loyiha boshidan to‘g‘ri rejalashtirilmagan bo‘lsa? Yoki shuncha qarz mablag‘lari noto‘g‘ri ishlatildimi? Loyiha tashabbuskori kim? Loyihaga mas'ul bo‘lganlar qonun oldida javob beradimi? Umid qilamizki, jamoatchilik va biz deputatlarni o‘ylantirgan bu savollarga asosli javob olamiz», deya qo‘shimcha qilgan Doniyor G‘aniyev telegramdagi kanalida.

Avvalroq, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov Hisob palatasining 2020 yil uchun bayonoti bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, rezinotexnika zavodi (Bars brendi ostida shinalar ishlab chiqaradi) omborida 100 mingta shina sotilmay turibdi. «Sababi doimgidek, sifat talabiga javob bermaydi», degan deputat va so‘nggi ikki yilda UzAuto Motors 60 million dollarga yaqin shina import qilganini qo‘shimcha qilgan.

Ma'lumot uchun, Angren shina zavodiga 2017 yilda Xitoyning Poly Technologies kompaniyasi mablag‘ jalb qilgan. 2018 yil iyul oyidan zavodda ishlab chiqarish jarayoni boshlangan. Loyihaning mahalliy tashabbuskori «O‘zkimyosanoat» AJ hisoblanadi.

Mavzuga oid