Jamiyat | 12:55 / 14.07.2021
52669
3 daqiqa o‘qiladi

Yuzlab yoshlar rossiyalik bloger chaqirig‘i bilan Amir Temur xiyobonida to‘plandi

13 iyul kuni Amir Temur xiyobonida 150−200ga yaqin fuqarolar to‘plangan. Toshkent shahar IIBBning ma'lum qilishicha, bunga «Subo» taxallusli rossiyalik blogerning obunachilariga pul tarqatish haqidagi e'loni sabab bo‘lgan. To‘planganlar IIV va MG maxsus bo‘linmalari tomonidan tarqatib yuborilgan.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi 13 iyul kuni kechqurun Amir Temur xiyobonida ko‘plab fuqarolar to‘plangani va ularning majburiy tarqatilayotgani aks etgan videolar yuzasidan izoh berdi.

Ma'lum qilinishicha, 13 iyul kuni soat 22:30larda Toshkentga ijtimoiy tarmoqlarda «Subo» nomi bilan tanilgan 22 yoshli bloger – Rossiya fuqarosi Mamedov Subxan Murad o‘g‘li tashrif buyurgan. Bloger avvalroq o‘z sahifasida tez orada Toshkentda bo‘lishi va obunachilari bilan uchrashib, ularga pul tarqatishini ma'lum qilgan. Shuning uchun Toshkent shahridagi Amir Temur xiyobonida uni kutib olish uchun 200ga yaqin yoshlar yig‘ilgan.

O‘zbekistondagi epidemiologik vaziyat va karantin cheklovlari sababli to‘planganlar ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya maxsus bo‘linmalarini jalb qilgan holda tarqatib yuborilgan.

Internetda tarqalgan va bloger o‘zining sahifasiga qo‘ygan videolardan ham to‘planganlarni tarqatish uchun qo‘shimcha kuch vositalar chaqirilgani aks etgan.

Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatining Kun.uz ’ ga ma'lum qilishicha, bloger Toshkentga kelishida unga IIV xodimlari hamrohlik qilishmagan.

«Bloger xiyobonda obunachilari tomonidan o‘rab olingan vaqtda himoya qilish va shikast yetkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Milliy Gvardiya va ichki ishlar organlari xodimlari uni odamlar orasidan olib chiqib ketishgan. Ushbu blogerga va uning sheriklariga tan jarohati yetkazilmagan», deydi IIBB rasmiysi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, tartibsizliklar vaqtida yig‘ilganlarni tarqatib yuborish bilan cheklanilgan, hech kimga nisbatan ma'muriy bayonnomalar tuzilmagan. Bundan tashqari, IIV vakillari rossiyalik bloger bilan profilaktik suhbat ham o‘tkazgan.

Toshkent shahar IIBB fuqarolardan bunday mazmundagi chaqiriqlarga uchmasliklarini va karantin qoidalariga rioya etgan holda ommaviy ravishda to‘planmasliklarini so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 200-1-moddasiga ko‘ra, ommaviy tadbirlar o‘tkazish qoidalarini buzish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdorga esa — o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid