Jahon | 18:58 / 20.07.2021
34719
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning eng boy odami dunyoni yuqoridan ko‘rib qaytdi

Amazon asoschisi, amerikalik Jyeff Bezos o‘z kemasida orbitaga chiqqan tarixdagi ikkinchi milliarderga aylandi. Bir hafta oldin britaniyalik Richard Brenson ham shaxsiy uchog‘ida koinotga borib kelgandi. Keyingi navbat Ilon Maskda bo‘lishi mumkin. Shu tariqa, insoniyat kosmik turizmga qadam qo‘ymoqda.

Bugun, 20 iyul kuni dunyoning eng badavlat kishisi Jyeff Bezos o‘zi asos solgan Blue Origin kompaniyasining New Shepherd kemasida kosmosga muvaffaqiyatli parvozni amalga oshirdi.

AQShning Texas shtatida amalga oshgan parvoz mahalliy vaqt bilan tong soat 09:10da (Toshkent vaqti bilan 18:10) boshlanib, 10 daqiqa-yu 18 soniya davom etdi.

Bu vaqt davomida raketa to‘rt kishi joy olgan kapsulani quyi orbitaga olib chiqdi. Shundan so‘ng avvaliga raketa belgilangan nuqtaga qaytib qo‘ndi, ma'lum muddat vaznsizlik holatida bo‘lgan kapsula birozdan keyin parashyut yordamida yerga qaytib tushdi. Har ikkala qo‘nish ham muvaffaqiyatli bo‘ldi.

Jyeff Bezos bu parvozni 20 yildan ortiqroq kutdi: u Blue Origin kompaniyasiga 2000 yilda asos solgan. “Apparat tayyor, ekipaj shay holatda, jamoamiz shunchaki qoyilmaqom. Hammamiz barchasi a'lo bo‘lishiga ishonchimiz komil”, – dedi Bezos parvozdan oldin.

Kema ekipaji milliarderdan tashqari uning ukasi Mark; aviakosmik sanoat faxriysi – kosmik parvozlar bo‘yicha tarixdagi birinchi ayol instruktor, 82 yoshli Uolli Fank va niderlandiyalik 18 yoshli student Olive Deymandan iborat bo‘ldi. Olivega kosmosga uchish chiptasini milliarder otasi auksionda sotib olib bergan.

Foto: CNN

Xorij OAVlari entuziast-milliarderlar o‘rtasida fazoni zabt etish poygasi boshlanganini yozmoqda. Bundan bor-yo‘g‘i 9 kun oldin britaniyalik Richard Brenson o‘zining Virgin Galactic kompaniyasi kemasida dengiz sathidan 90 km balandlikka chiqqandi, bugun Bezos uni kamida 10 km masofaga ortda qoldirdi.

Ma'lumot uchun, Xalqaro aviatsiya federatsiyasi kosmosning boshlanish chegarasini dengiz sathidan 100 km deb hisoblaydi, biroq NASA buni 80 km deb qabul qilgan.

Fazoga yo‘l oluvchi milliarderlar ro‘yxatini Tesla va SpaceX kompaniyalari asoschisi Ilon Mask ham to‘ldirishi mumkin. O‘tgan yili uning “Falkon-9” raketasi astronavtlarni Dragon kemasida Xalqaro kosmik stansiyaga olib chiqqan, bu ilk xususiy parvoz sifatida tarixga kirgandi.

Maskning o‘zi hozircha kosmosga chiqmagan. U Virgin Galactic'ning kosmosga yaqin orada amalga oshiradigan parvozlaridan biri uchun chiptaga depozit pulini to‘lab qo‘ygan, bu haqda shu oy boshida Richard Brenson ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid