O‘zbekiston | 18:53 / 23.07.2021
13886
3 daqiqa o‘qiladi

«Hokimliklarda fuqarolarning kunlik qabuli yo‘lga qo‘yilishi shart» – Shavkat Mirziyoyev

Endi O‘zbekistondagi viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklarida fuqarolar qabuli avvalgi kabi bir oyda bir emas, har kuni o‘tkaziladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ma'lum qildi.

«Birinchi galda, odamlarimizni murojaat qilishga eng ko‘p majbur qilayotgan tizimli muammolar va ularni keltirib chiqaruvchi sabablarni mahallaning o‘zida bartaraf etish asosiy vazifa bo‘lishi kerak. 

Viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari bir haftada ikki kunni fuqarolarni qabul qilish va ularning murojaatlarini hal qilishga ajratadi. 

Ko‘pchilik viloyat hokimlarining qabul kuni har oyning to‘rtinchi shanbasi, ya'ni bir oyda bir marta qilib belgilangan. Ertadan boshlab, barcha viloyat, tuman va shahar hokimliklarida fuqarolarning kunlik qabuli yo‘lga qo‘yilishi shart. 

Shuningdek, aholi to‘g‘ridan to‘g‘ri tun-u kun murojaat qilishi uchun bir hafta muddatda har bir viloyat, tuman va shahar hokimlarining virtual qabulxonalari va ijtimoiy tarmoqlarda alohida sahifalari tashkil etilsin», degan prezident.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yilning 6 oyida Xalq qabulxonalariga bandlik va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha kelib tushgan 100 mingta murojaatni to‘liq hokimlik kuchi bilan hal qilish imkoni mavjud.

«Misol uchun, Past Darg‘omda tashkil etilgan Mahallabay ishlash markazi 117ta mahallada xatlov o‘tkazib, 4 ming nafar ishsiz bo‘lgan fuqarolarni aniqlagan va ularni kasb va tadbirkorlikka o‘qitish, biznes loyihalarini tayyorlash, kredit va subsidiya olishga ko‘maklashish orqali 3,3 ming nafarini band qilgan. Natijada, bugungi kunda aholi bandligini ta'minlash darajasi Past Darg‘omda 85 foizni tashkil etmoqda.

Yoki, bu borada Andijonda ham o‘ziga xos yangi tajriba yaratildi. Jumladan, Andijon viloyatida ikki oy ichida 169ta mahallada 30 mingta xonadon a'zolarining bandligi ta'minlandi. 

Bunday tashabbuslarni har bir viloyat, tuman va shahar hokimi ko‘tarib chiqishi, bu orqali xalqni rozi qilishi kerak», degan davlat rahbari.

Vazirlik va idoralar o‘z yo‘nalishida eng ko‘p kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilib, ularga aniq yechimlar topishi shartligi ta'kidlandi.

«Har bir vazir bir hafta muddatda tizimli muammolarni hal etish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilashi shart.

Misol uchun, tibbiyot sohasidagi murojaatlarning qariyb yarmini tashkil etayotgan order tartibini bekor qilib, ochiq va shaffof tizimni yo‘lga qo‘ysak, kamida 10 mingta shikoyat kamayadi», deydi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid