Jahon | 15:03 / 26.07.2021
10026
3 daqiqa o‘qiladi

BMT kengashi internetdagi senzuraga qarshi rezolyutsiya qabul qildi

“Fuqarolarning internetda axborot izlash, olish va tarqatish huquqlariga daxl qiluvchi, shuningdek, internetni yopib qo‘yish va onlayn senzura kabi choralarni shubhasiz qoralaymiz, barcha davlatlarni bu kabi xatti-harakatlardan tiyilishga chaqiramiz”, – deyiladi BMT Inson huquqlari kengashi rezolyutsiyasida.

Foto: Getty Images

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari kengashi internet tarmog‘ida inson huquqlarini himoyalash to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qildi.

Rezolyutsiyada qayd etilishicha, COVID-19 pandemiyasi barcha aholi qatlamlarining internetga bog‘liqligini kuchaytirgan. Internetning axborot manbayi, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda fuqarolarning ishtirokini ta'minlovchi maydon hamda davlat xizmatlari, xususan ta'lim va sog‘liqni saqlash xizmatlarini fuqarolarga yetkazuvchi vosita sifatidagi o‘rni mustahkamlangan.

Kengashning tasdiqlashicha, odamlarning oflayn hayotdagi barcha haq-huquqlari, xususan so‘z va fikr erkinligi onlayn makonda ham birdek ta'minlanishi va himoyalanishi lozim.

“Internetdagi fundamental huquqlaridan foydalangani uchun tahdidga uchrash holatlari va barcha turdagi inson huquqlari buzilishini qoralaymiz hamda barcha davlatlarni xalqaro majburiyatlari doirasida bu masalada hisobdorlikka va samarali choralar ko‘rishga chaqiramiz”, – deyiladi BMT IHK rezolyutsiyasida.

Hujjatda internet insoniyat taraqqiyotini tezlashtiruvchi drayver-kuch sifatida e'tirof etilgan.

Rezolyutsiya, shuningdek, BMTga a'zo barcha davlatlarni raqamli maydonda fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlashga chaqiradi.

Hukumatlar internetdagi dezinformatsiya, diskriminatsiya, adovat va zo‘ravonlikka qarshi choralar ko‘rishda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarini nazardan qochirmasliklari hamda internetga kirish ochiq, ishonchli va xavfsiz bo‘lishi lozim, deyiladi BMT chaqirig‘ida.

“Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro qonunchilikni buzuvchi, xususan fuqarolarning internetda axborot izlash, olish va tarqatish huquqlariga daxl qiluvchi, shuningdek, internetni yopib qo‘yish va onlayn senzura kabi choralarni shubhasiz qoralaymiz; barcha davlatlarni bu kabi xatti-harakatlardan tiyilishga va bu kabi xatti-harakatlarni to‘xtatishga chorlaymiz”, – deya qayd etilgan rezolyutsiyada.

Ta'kidlanishicha, davlatlarning internetga doir milliy qonunchiligi va uning amaliyotga tatbiqi ularning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlariga mos kelishi, xususan so‘z va fikr erkinligi hamda fuqarolarning tinch maqsadlarda yig‘ilish huquqini ta'minlashi kerak.

BMT Inson huquqlari kengashi mazkur hujjat bilan tashkilotning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari ofisi zimmasiga vazifa yukladi. Unga ko‘ra, komissariyat dunyo bo‘yicha internetdagi cheklovlar trendini o‘rganib, sabablari va oqibatlarini tahlil qilgan holda 2 oy ichida hisobot tayyorlashi lozim.

Mavzuga oid