O‘zbekiston | 20:19 / 26.07.2021
39687
1 daqiqa o‘qiladi

Irrigatsiya instituti rektori O‘ktam Umrzoqov vafot etdi

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektori Umrzoqov O‘ktam Pardayevich bugun, 26 iyul kuni vafot etdi.

Kun.uz manbalariga ko‘ra, 69 yoshli professor Moskvada koronavirusdan davolanayotgan edi.

Iqtisod fanlari doktori, professor O‘ktam Umrzoqov Respublika oliy ta'lim kengashi raisi ham edi.

Kun.uz olimning yaqinlariga, xususan farzandi, bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqovga ta'ziya bildiradi.

Marhumning janozasi ertaga, 27 iyul kuni Toshkentda o‘qiladi.

Ma'lumot uchun, O‘ktam Umrzoqov 1952 yil 20 avgustda tug‘ilgan. 1974 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tamomlagan, shundan keyin deyarli butun mehnat faoliyatini ushbu oliygohga bag‘ishlagan. Institutda o‘qituvchi, kichik ilmiy xodim, laboratoriya mudiri, fakultet dekani va prorektor lavozimlarida ishlagan; 2017 yildan institut rektori, 2019 yildan  Respublika oliy ta'lim kengashi raisi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Mavzuga oid