Sport | 00:07 / 01.08.2021
58274
3 daqiqa o‘qiladi

Tokio-2020. Kurashchilar kurashga qo‘shilmoqda, Jalolov medalni naqd qilishi mumkin

Olimpiadada 1 avgust kuni qaysi o‘zbekistonlik sportchilar ishtirok etadi?

1 avgust kuni Yozgi Olimpiadaning to‘qqizinchi kungi bahslari o‘tkaziladi. Ertangi bahslarda yana 5 nafar o‘zbekistonlik sportchi 4 sport turi bo‘yicha o‘z omadini sinab ko‘radi.

Shu kuni yunon-rum kurashi jamoasi turnirdagi ishtirokini boshlaydi, -60 kg vazn toifasida Elmurat Tasmuradov va -130 kg vaznda Mo‘minjon Abdullayev gilamga chiqadi. Yunon-rum kurashi jamoasi Olimpiadaga to‘rt sportchi bilan tashrif buyurgan - Jalgasbay Berdimuratov (-77 kg) va Rustam Assakalov (-87 kg) keyingi kunlarda chiqish qiladi.

O‘zbekiston boks jamoasi yetakchisi Bahodir Jalolov chorakfinalda chiqish qiladi, u bu jangda g‘alaba qozonsa delegatsiyaga navbatdagi medalni naqd qiladi - boksda yarimfinalga chiqqanlar kamida bronza olishi aniq bo‘ladi.

Shuningdek, yengil atletikachi Darya Reznichenko uzunlikka sakrash bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etadi, og‘ir atletikachi Kumushxon Fayzullayeva (-67 kg) medal olishga harakat qiladi.

1 avgust kuni bahslarga kirishadigan sportchilar ro‘yxati va bellashuvlarning boshlanish vaqti (Toshkent vaqti bilan):
5:50. Yengil atletika. Uzunlikka sakrash. Darya Reznichenko;

7:05. Yunon-rum kurashi. -60 kg. Elmurat Tasmuradov nimchorak finalda asli o‘zbekistonlik, Ukraina vakili Lenur Temirovga qarshi;

7:15. Yunon-rum kurashi. -130 kg Mo‘minjon Abdullayev nimchorak finalda estoniyalik Artur Vititinga qarshi;

9:05. Boks. Bahodir Jalolov yarimfinal yo‘llanmasi uchun hindistonlik Satish Kumarga qarshi;

15:50. Og‘ir atletika. -76 kg. Kumushxon Fayzullayeva.

O‘zbekiston delegatsiyasi Olimpiadaning sakkizinchi kunini ham medalsiz yakunladi. 31 iyul kuni aralash jamoaviy bellashuvlar o‘tkazildi. Dastlabki bosqichda o‘zbekistonlik sportchilarga Niderlandiya terma jamoasi to‘qnash keldi. Bellashuvlar Bekmurod Oltiboyevning (+90 kg) ishonchli g‘alabasi bilan boshlangandi va to‘rt jangdan keyin o‘zbekistonliklar 3:1 hisobida oldinda edi, beshinchi jangga kelib Davlat Bobonov masalani hal qilishi mumkin edi, biroq u kutilmaganda raqibiga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Asosiy bahslarda hisob durang bo‘lgach (3:3), qo‘shimcha jang o‘tkazildi, ammo Bekmurod Oltiboyev bu safar raqibini taslim qila olmadi: O‘zbekiston vakili uchta shido olgach, Niderlandiyaga g‘alaba yozildi. Shu tariqa o‘zbekistonlik dzyudochilarning Olimpiadadagi ishtirokiga rasman yakun yasaldi.

Shuningdek, boks jamoasining ikki vakili - Shahobiddin Zoirov (-52 kg) hamda Elnur Abduraimov (-63 kg) nimchorakfinalda ishtirok etib, o‘z janglarida g‘alaba qozonishdi va chorakfinalga chiqishdi.

O‘q otish bahslarida qatnashgan Muxtasar Tohirova esa 50 metrdan 3 holatda o‘q otish dasturida jami 1155 ochko to‘plab, 37 sportchi orasida 30-o‘rinni egalladi va turnirdagi ishtirokini yakunladi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston olimpiadachilari umumiy reytingda Estoniya, Fiji hamda Irlandiya bilan birgalikda 36-40-o‘rinlarni bo‘lishib turibdi.

Mavzuga oid