Iqtisodiyot | 16:47 / 17.10.2021
46574
7 daqiqa o‘qiladi

To‘rt karra qimmatlagan loyiha va «kambag‘al» o‘zbeklar – blogerlarning hafta mavzulari

Yakunlangan haftada o‘zbek internet segmentida blogerlar bir qancha qiziq mavzularni qalamga olishdi. Kun.uz shunday mavzular bo‘yicha yozilgan postlarni to‘pladi.

1 trln 723 mlrd so‘mlik loyiha va vazir qarindoshlari

Davletov.uz kanali Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishiga aloqador shaxslar haqida yozdi.

«O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi uchun taxminan 1 trillion 723 mlrd so‘m sarflanishi ko‘zda tutilmoqda ekan. Markaziy bank kursi bilan hisoblaganda 161,5 mln dollarni tashkil qiladi.

Qurilish bilan «Trest-12» aksiyadorlik jamiyati shug‘ullanmoqda. Mazkur kompaniyaning ulushiga Toshkent shahar hokimligi bilan birga qurilish vaziri Botir Zokirovning qarindoshlari qisman egalik qiladi», — deya kuzatuvlarini ma'lum qildi u.

«Ayrim takrorlanuvchi xulosalar: agar Nigeriya bo‘lmasak»iqtisodchi Otabek Bakirov ham yuqoridagi mavzu haqida fikrlarini yozib qoldirdi.

«Davletov.uz qiymati 1 trillion 723 milliard so‘mlik Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi qurilish vaziri Botir Zokirov bilan affillangan «Trest-12» aksiyadorlik jamiyatiga topshirilgani haqida yozdi. Oqshom Gazeta.uz bu axborotni qo‘shimcha ma'lumotlar bilan to‘ldirdi. Loyiha qiymati u boshlangandan buyon 4 karra qimmatlagan», — deb yozdi u.

Iqtisodchi qurilish sohasida bir qator o‘zgarishlar qilish kerakligini ta'kidladi.

«Birinchidan, qurilish ishlarini loyiha-smeta ishlari bilan baravar olib borishni butunlay to‘xtatish lozim. Prezident yo hukumat qarori degan lazeykani ham qoldirmaslik zarur. Tasdiqlangan loyiha yo‘qmi, loyihachida ham, buyurtmachida ham, pudratchida ham hech qanday mas'uliyat va javobgarlik bo‘lmaydi. Demak, cheksiz-chegarasiz o‘g‘irlash, o‘zlashtirish mumkin bo‘ladi. Loyiha qiymati karrasiga oshaveradi.

Ikkinchidan, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan va keyinchalik davlat ixtiyorida qoladigan obektlarni homiylik hisobidan qurishni to‘xtatish kerak. Qonun yo‘li bilan. Bu sxema milliardlarni o‘marib millionlarni sadaqa qiladigan muttaham oligarxlarning sxemasi. Aldov sxemasi. Bu yerda moral masalasi ham bor: o‘g‘ridan pul olib masjid qurmaslik kerak.

Uchinchidan, tijoriy bo‘lmagan, ijtimoiy ahamiyatga ega obektlarning qiymatini ma'qullash moliyalashtiriladigan manbaga qarab parlament va tegishli kengashlardan tasdiqlanishi lozim. Mayli, bu jarayonga bir necha oylar ketsin. E'tibor bering, Islom sivilizatsiyasi markazi qiymati konsolidatsiyalashgan budjetimizning 1 foizini tashkil etadi. Masalan, solishtirish uchun, fanni rivojlantirish dasturlariga budjetimizda bundan 10 barobar kamroq xarajat mo‘ljallangan. Qurilayotgan obektlar nomma-nom, loyihama-loyiha parlament va kengashlar tasdig‘idan o‘tmasa, ijro organi va hokimlar bilgan noma'qulini yeyaverishadi», — deb yozdi u.

Hafta davomida o‘zbek blogosferasida iqtisodchi Behzod Hoshimovning  O‘zbekistonda ko‘pchilik o‘zini nisbiy ravishda kambag‘al deb o‘ylashi haqidagi maqolasi ham alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. 

«Menda o‘zbekistonliklarning nisbiy boyliklari haqida fikrlar bor. O‘zbekistonda ko‘pchilik o‘zini nisbiy ravishda kambag‘al deb o‘ylaydi. Masalan, “Men qiynalgan oilada katta bo‘lganman”, deydi bir tanishim. Keyin qiziqsam, yoshligida otasida mashina bo‘lgan ekan. Mashina degani katta boylik emas, lekin uning yoshligida mashinasi bor xonadon mamlakatdagi eng boy uy xo‘jaliklariga kirar edi, chunki o‘sha payt mamlakatda 500 mingdan sal ko‘p avtomobil bor edi.

Yoki boshqa misol, maktabingizda hozir suv bo‘lsa, demak, siz 1/3 suvsiz maktablarga bormagansiz. Agar 20 yil oldin maktabingizda suv bo‘lgan bo‘lsa, siz o‘rtacha maktabda o‘qimagansiz va hokazo va hokazo. Lekin bu mening shaxsiy kuzatuvlarim. Ya'ni o‘zbekistonliklar, o‘zlari nisbatan boy bo‘lsalar-da, o‘zlarini nisbatan kambag‘al deb o‘ylashlari qiziq edi. Bu ko‘pgina mamlakatlarda kuzatiladigan fenomen tengsizlikka ham juda qiziq qarashga olib keladi. Ya'ni ko‘p boy (nisbiy) o‘zbekistonliklar o‘zlarini kambag‘al deb o‘ylaydilar va agar to‘g‘ri taqsimlansa, ularda o‘sha adolatli taqsimlovni foyda ko‘ruvchisi deb o‘ylaydilar. Bu, albatta, xavfli. Mening kuzatuvlarimga dalil borligidan juda ham taajjublandim.

Mashhur amerikalik iqtisodchi Trizman yangi maqolasida O‘zbekiston haqida alohida to‘xtalgan.

Iqtibos:

«O‘zbekistonliklarning atigi 3 foizida ikkinchi uyi mavjud, lekin ikkinchi uyi bor o‘zbekistonliklarning deyarli 2/3 qismi daromadlarini milliy o‘rtacha darajadan past deb hisoblashar ekan.

Shu qismi menga nihoyatda qiziq bo‘ldi. Ya'ni eng boy o‘zbekistonliklarning 60 foizdan ko‘pi o‘zini o‘rta daromaddan past pul oladi deb o‘ylashadi. Shu joyi qiziq. Ya'ni o‘zbekistonliklarda real o‘rta daromadlar haqida tushunchalar juda-juda yuqori. Qaytaraman, O‘zbekiston sharoitida, bir emas, ikkita uyi bor insonlarning aksariyati, o‘zlarini o‘rtacha daromadli odam deb o‘ylashmas ekan. Bu narsa ko‘p Yevropa mamlakatlarida ham mavjud ekan, ularda ikkinchi uyi bor odamlarning qariyb 40 foizi ham, o‘zlarini o‘rtachadan kam daromad olaman deb hisoblaydi», deb yozdi u telegramdagi kanalida.

«Zametki ekonomista» kanali asoschisi, iqtisodchi Botir Qobilov e'tibordan chetda qolayotgan kutubxonalar mavzusida yozdi va bu mavzu muhokamalarga sabab bo‘ldi. 

«Kanalimning nomiga sodiq qolgan holda navbatdagi kuzatuvim:

O‘zbekistonda kutubxonalarning (axborot resurs markazlari) soni:

2000 yilda: 6027 ta

2020 yilda: 400 ta

Bulardan, shaharlarda:

2000 yilda: 1013 ta

2020 yilda: 361 ta

qishloqlarda:

2000 yilda: 5014 ta

2020 yilda: 39 ta (!!)

Ya'ni 20 yilda kutubxonalarimizning soni 93 foizga (!) qisqargan. Bundan xulosani o‘zingiz qilavering.

Kutubxona bu faqatgina kitoblar saqlanadigan va faqat o‘sha kitoblarni o‘qish uchun boriladigan oddiy bino emas. Ular hatto faqat bilim olinadigan joy ham emas. Fuqarolik jamiyati rivojlanishida, kutubxonalarning, ayniqsa, jamoat kutubxonalarining o‘rni beqiyos», — deb yozdi u.

Mavzuga oid