Jahon | 10:29 / 03.12.2021
18109
3 daqiqa o‘qiladi

Foto: Merkel tantanali ravishda kuzatildi

Angela Merkel Germaniya kansleri lavozimi bilan rasman xayrlashdi. Shu munosabat bilan Berlinda “temir frau” sharafiga harbiylar tomonidan Der Große Zapfenstreich - “Kechki shafaq” deb nomlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Foto: AP

Ushbu marosim Merkelning hukumat tepasidagi 16 yillik faoliyatidan keyin ketishidan oldin muhim tadbir hisoblanadi. Siyosatchi rasman o‘z lavozimini 8 dekabrda tark etadi. Shu kuni bundestagda yangi kansler nomzodi bo‘yicha ovoz berish bo‘lib o‘tadi.

Ta'kidlanishicha, “Kechki shafaq” har bir germaniyalik fuqaro harbiylar tomonidan taqdirlanishi mumkin bo‘lgan eng oliy hurmat belgisi hisoblanadi. Ushbu marosim tarixi XVI asrga borib taqaladi, biroq nemis kanslerlarini bunday kuzatish an'anasi Germaniya kansleri Gelmut Kol o‘z lavozimidan kuzatib qo‘yilgan 1998 yildan beri amal qilib keladi.

Merkelni kuzatish marosimi koronavirusga qarshi cheklovlar sababli cheklangan doirada o‘tgan. Unda 200ga yaqin kishi, jumladan Merkel boshqaruvi vaqtida vazir lavozimlarini egallagan 52 kishi ishtirok etgan.

67 yoshli Merkel o‘z nutqida barchaga hamkorlik va ishonch uchun minnatdorlik bildirdi. U kansler lavozimidagi eng yodda qoluvchi lahzalarni, 2008 yilgi moliyaviy inqiroz, 2015 yilgi migratsiya inqirozi va pandemiyani eslab o‘tdi.

Hannibal Hanschke / Reuters / Scanpix / LETA

“Temir frau” bo‘lg‘usi kansler Olaf Shols va uning hukumatiga omad hamda barcha muammolarning yechimini topa olishini tilagan.

Merkelning nutqidan keyin harbiy orkestr bir nechta, jumladan siyosatchining o‘zi tanlagan 3 ta kompozitsiyani ijro etgan.

Fabrizio Bensch / Reuters / Scanpix / LETA
Fabrizio Bensch / Reuters / Scanpix / LETA

Merkelning o‘rnini parlament saylovlarida g‘alaba qozongan Sotsial-demokratik partiya a'zosi — 63 yoshli Olaf Shols egallaydi. Shols oxirgi 3 yil davomida Merkel hukumatida vitse-kansler va moliya vaziri lavozimini egallab kelgan. Uning nomzodi 8 dekabrda tasdiqlanishi kutilmoqda. Bu holatda Merkelga kansler lavozimida qolish bo‘yicha Gelmut Kolning rekordini takrorlash uchun bor-yo‘g‘i 2 hafta yetmaydi.

Angela Merkel Germaniyani 2005 yil 22 noyabrdan beri boshqarib kelgan.

Mavzuga oid