O‘zbekiston | 05:53 / 04.12.2021
9334
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Xitoyga quruq meva eksportini ko‘paytirmoqchi

Foto: east-fruit.com

O‘zbekiston Xitoyga ko‘plab turdagi qadoqlangan quruq meva eksportini ko‘paytirish ustida ishlamoqda. Bu haqda O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasi Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Xitoy qayta ishlangan meva-sabzavotlar, mayiz va dukkakli mahsulotlar iste'moli bo‘yicha jahonda yetakchilardan hisoblanadi. Mamlakat meva-sabzavotga bo‘lgan ortib borayotgan talabni qondirish maqsadida xorijiy mamlakatlardan ko‘p miqdorda quritilgan meva va yong‘oq import qiladi.

O‘zbekiston Xitoyga yeryong‘oq, grek yong‘og‘i, quritilgan o‘rik, uning danagi, mayiz va boshqa bir qancha quritilgan mevalarni yetkazib beradi. Xususan, O‘zbekistonning Xitoy mayiz importidagi ulushi 40 foizni tashkil qilib, bu Xitoyning import sheriklari orasidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Biroq xitoylik importchilar ushbu mayizlarni mamlakati hududida qayta ishlash maqsadida asosan 10-25 kg.lik qutilarda, qadoqlanmagan holda sotib oladi.

Xitoyda qayta ishlab qadoqlangan mahsulotlar bozori rivojlanib bormoqda. Bunday turdagi mahsulotlar yuqori gigiyena standartlariga javob berishi hamda iste'molchilarning turli ehtiyojlarini qondira olishi tufayli xaridorlar tomonidan ijobiy kutib olinadi.

O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasi tomonidan tegishli idoralar bilan hamkorlikda Xitoyning yirik shaharlarida olib borilgan reklama tadbirlari O‘zbekistonda tayyorlangan tayyor mahsulotlarni yirik Xitoy bozoriga olib chiqish imkonini bergan. Xususan, Xitoy kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma asosida Toshkentda faoliyat yuritadigan «Cherry-pick Production» MChJ O‘zbekistonning VITA BOOM brendi ostida har biri 200 grammdan qadoqlangan turli xildagi yong‘oq va quritilgan mevalarni Xitoyga yetkazib berishni boshladi. Tayyor mahsulotlarni xaridorga sotishni tezlatish maqsadida «Uzbekistan Airways» tomonidan sinov partiyasi yetkazib berilgan.

Elektron savdo maydonchalari iste'molchilarga mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarining sifati bilan bog‘liq xavotirlarning mavjudligi tufayli xalqaro savdo belgisiga ega xorijiy mamlakatlarda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotib olishga imkon yaratadi. Elektron savdo maydonchalari ishlab chiqaruvchilar uchun kengroq qamrov va samarali marketing imkoniyatlarini ham taqdim etadi.

Ayni damda «Made in Uzbekistan» yozuvi ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Xitoyning mashhur elektron savdo maydonchalariga joylashtirish ishlari olib borilmoqda. O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasiga ko‘ra, bu O‘zbekistonda faoliyat olib boruvchi quritilgan meva va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar uchun mahsulotlarini jahonning eng yirik bozori hisoblangan Xitoyga yetkazib berish bo‘yicha yangi imkoniyatlar ochadi.

Mavzuga oid