O‘zbekiston | 14:46 / 06.01.2022
39458
3 daqiqa o‘qiladi

Murod Xonto‘rayev o‘limi bo‘yicha ochilgan ish tugatildi. Gentra’ga yetkazilgan zarar sug‘urta hisobidan qoplanadi

Avtohalokat qurboni bo‘lgan O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Murod Xonto‘rayevning o‘limi bo‘yicha ochilgan jinoiy ish hodisada jinoyat tarkibi bo‘lmagani uchun harakatdan tugatilgan. YTH ishtirokchisi bo‘lgan Gentra rusumli avtomobilga yetkazilgan zarar Xonto‘rayevning BMW mashinasi sug‘urtasidan qoplanadi.

Foto: IIB YHXB axborot xizmati

Toshkent viloyati IIBB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan olib borilgan dastlabki tergov harakatlari davomida Murod Xonto‘rayev amaldagi “Yo‘l harakati qoidalari”ning 3, 4, 73, 77 hamda 79-bandlari talablarini qo‘pol ravishda buzgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, marhum MMA jangchisi:

  • “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida"gi qonun talablariga amal qilmagan;
  • yo‘l harakati qatnashchilari, xususan, Gentra rusumli avtomashina harakatlanishiga xavf tug‘dirgan;
  • o‘zi bilan bir yo‘nalishda oldinda harakatlanib ketayotgan avtomashina orqasidan hamda chap tomonlama (beton to‘siqqa nisbatan) xavfsiz oraliq masofa saqlamagan;
  • harakatlanish vaqtida aniqlay olishi imkoniyatidagi xavf yuzaga kelganda transport vositasining tezligini u to‘la to‘xtashni ta’minlaydigan darajada kamaytirishi yoki to‘siqni boshqa harakat qatnashchilari uchun xavf tug‘dirmagan holda aylanib o‘tish choralarini ko‘rmagan;
  • aholi punktlaridan tashqarida yengil avtomobilga ruxsat etilgan tezlikni soatiga 100 kilometrdan oshirgani natijasida faqat o‘zi og‘ir tan jarohati olib vafot etgan.

Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi xulosasiga ko‘ra, Murod Xonto‘rayev YTH oqibatida vafot etgani, u bilan birga bo‘lgan yoki YTHning boshqa ishtirokchilariga o‘rtacha, og‘ir jarohat yetmagani hamda o‘lim holati kuzatilmagani sababli sportchining o‘zi aybdor deb topilgan. Shu munosabat bilan jinoyat ishi JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan harakatdan tugatilgan.

Eslatib o‘tamiz, 1987 yilda tug‘ilgan Murod Xonto‘rayev 2021 yilning 19 iyul kuni o‘zining boshqaruvidagi BMW avtomobilida avtohalokatga uchrab vafot etgandi. Hodisa Bo‘stonliq tumani, Qoronqul qishlog‘i hududidan o‘tgan 4R6 “Bektemir-Chorbog‘” avtomobil yo‘lining 68-kilometrida sodir bo‘lgan.

O‘limidan oldin MMA jangchisi o‘zi bilan bir yo‘nalishda, oldinda harakatlanib ketayotgan Gentra rusumli avtomashinaning orqa chap burchagiga to‘qnashgan. Natijada sportchi boshqaruvni yo‘qotib, mashina ag‘darilgan, haydovchi Murod Xonto‘rayev olgan jarohatlari oqibatida hodisa joyida vafot etgandi.

Avtomashina old o‘rindig‘ida bo‘lgan yo‘lovchi 1995 yilda tug‘ilgan Jasurbek Anarboyev ham YTH oqibatida jarohat olgan, biroq uning jarohati yengil bo‘lib chiqqandi.

Xonto‘rayev MMAdagi professional faoliyatini 2013 yilda boshlagan, xalqaro arenalarda natija ko‘rsatib, «Osiyo ayig‘i» laqabi bilan mashhur bo‘lgan. U jami 15ta jang o‘tkazib, shundan 12tasida g‘alaba qozongan, uchta jangda mag‘lub bo‘lgan, yana bir jang natijasi bekor qilingan.

Mavzuga oid