O‘zbekiston | 18:33 / 22.01.2022
31915
2 daqiqa o‘qiladi

Oybek Tursunov “Kapitalbank” affillangan shaxslari ro‘yxatidan chiqarildi

2021 yil noyabr oyidan buyon “Kapitalbank”ning 50 foiz aksiyasiga egalik qilib kelgan Oybek Tursunov 20 yanvar kuni bankning affillangan shaxslari ro‘yxatidan chiqarildi. Ayni paytda, Alisher Usmonovga tegishli kompaniya bankdagi ulushini oshirdi.

Foto: Kapitalbank

Korporativ axborotlar yagona portaliga joylangan ma’lumotlarga ko‘ra, Oybek Tursunov “Kapitalbank” ATB affillangan shaxslari ro‘yxatidan chiqarilgan.

Affillangan shaxs – tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik va/yoki jismoniy shaxslarning faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishga qodir jismoniy yoki yuridik shaxs.

Qonunchilikka ko‘ra, jamiyatning 20 foiz va undan ortiq foiz aksiyalariga yaqin qarindoshlari bilan birgalikda egalik qiluvchi jismoniy shaxs jamiyatning affillangan shaxsi deb e’tirof etiladi.

Oybek Tursunov 2021 yil noyabr oyida “Kapitalbank”ning 34,1 foiz aksiyasini sotib olib, bankdagi ulushini 50 foizga yetkazgan edi. Endilikda bankning affillangan shaxslari ro‘yxatidan chiqarilgani uning kompaniyadagi ulushi 20 foizdan kamayganini anglatadi.

Eslatib o‘tamiz, Tursunov “Kapitalbank”dagi ulushini 50 foizga yetkazganidan ko‘p o‘tmay, o‘sha oyda (2021 yil noyabr) Rossiyaning “Telekominvest” kompaniyasi ushbu bank aksiyadoriga aylangan edi.

Yanvar oyiga kelib, “Telekominvest” “Kapitalbank”ning yana 8,33 foiz aksiyasini sotib oldi va bank ustav kapitalidagi ulushini 25 foizgacha oshirdi.

“Telekominvest” MChJ – milliarder Alisher Usmonovning USM Holdings kompaniyasining shu’ba korxonasi hisoblanadi.

Tursunovning affillanganlar ro‘yxatidagi o‘rni Rossiya kompaniyalari – “Telekominvest” MChJ va “Korus” AJ tomonidan to‘ldirildi. “Korus” kompaniyasi “Kapitalbank”ning affillangan shaxslari ro‘yxatiga 2022 yil 12 yanvardan boshlab qo‘shilgan. “Korus” ham Alisher Usmonovga qarashli “Telekominvest”ga affillangan.

2022 yilning 6 yanvaridan 18 yanvariga qadar Fond birjasida “Kapitalbank” aksiyalari paketlari bilan 975,46 milliard so‘mlik 9 ta bitim (har bir bitimda 32,98 million dona aksiya yoki 8,33 foiz) qayd etilgan.

Mavzuga oid