«Harbiy harakatlar zudlik bilan to‘xtalishi zarur» - Abdulaziz Komilov Ukrainadagi vaziyat haqida
O‘zbekiston Ukraina hududiy yaxlitligi va suverenitetini tan oladi, Donbassdagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarni tan olmaydi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida nutq so‘zlagan tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov aytib o‘tdi.
Senatorlar Senat yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi kun tartibi doirasida Tashqi ishlar vazirligining 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axborotini eshitishdan boshladi. Ushbu masala yuzasidan tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ma’ruza qildi va O‘zbekistonning Ukrainadagi voqealarga munosabati bo‘yicha savolga javob qaytardi.
«Birinchidan, Ukraina atrofidagi vaziyat O‘zbekistonda jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Ikkinchidan, biz vaziyatga tinch yo‘l bilan yechim topish va mojaroni siyosiy-diplomatik vositalar yordamida hal qilish tarafdorimiz.
Lekin buning uchun birinchi navbatda harbiy harakatlar, zo‘ravonliklar zudlik bilan to‘xtalishi zarur.
O‘zbekiston tarixan Rossiya Federatsiyasi bilan ham, Ukraina bilan ham an’anaviy ko‘pqirrali aloqalarga ega. Biz har ikki mamlakat bilan o‘z milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettiramiz.
Bir tomondan, Rossiya – O‘zbekistonning yetakchi tashqi savdo hamkori. Biz bu mamlakat bilan strategik sherikchilik va ittifoqchilik munosabatlariga egamiz.
Ikkinchi tomondan, Ukraina bilan ham keng qamrovli yo‘nalishlarda, xususan, savdo-iqtisodiy, madaniyat, ta’lim qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlik amalga oshirilmoqda.
Mazkur mamlakat bilan ikki tomonlama savdomiz hajmi o‘tgan yili 704 million AQSh dollaridan ziyod ko‘rsatkichga yetdi. Bu 2020 yildagiga nisbatan 60 foizga oshdi degani.
Joriy yildagi hamkorligimiz kun tartibida ham qator tadbirlar, shu jumladan Toshkentda va Ukrainada bir nechta tadbirlar o‘tkazilishi rejaga kiritilgan edi.
2021 yili Toshkent va Kiyev o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri havo qatnovlari tiklandi: mojarodan oldin haftasiga
4 tadan reys amalga oshirilayotgandi.Biz bugungi og‘ir kunlarda Ukrainaga gumanitar yordam beramiz va vaziyatni inobatga olib, yordam ko‘rsatishda davom etamiz.
Davlatimiz tashqi siyosatinining tamoyillari va yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda, voqealarga munosabatimizni bildirmoqchi edim.
Avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan oladi. Biz Lugansk va Donetsk xalq respublikalarini tan olmadik», dedi Komilov.
Tashqi siyosat konsepsiyasiga asosan O‘zbekiston hech qanday harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmasligi va mamlakat qo‘shinlari xorijdagi qurolli mojarolarga jalb etilmasligi ta’kidlab o‘tilgan.
Vazir Rossiyaga qarshi G‘arb tomonidan joriy etilgan sanksiyalar O‘zbekistonga ham to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilayotganini qayd etgan.
«Shuni ham tan olish kerakki, Rossiyaga qarshi G‘arb tomonidan joriy etilgan cheklovchi choralar, sanksiyalar O‘zbekistonga ham to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladi. Hozirda mamlakatimizni bunday sanksiyalardan himoya qilishga qaratilgan va ularning salbiy ta’sirini oldini oladigan chora-tadbirlarni amalga oshirish biz uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu kunlarda davlatimiz rahbari tomonidan qanday qilib mana shu og‘ir oqibatlarni oldini olish mumkinligi bo‘yicha ko‘plab majlislar o‘tkazilmoqda», degan u.
Vazir Ukrainadagi fuqarolar evakuatsiyasi masalalariga to‘xtalgan. Uning aytishicha, bugungi kunda O‘zbekistonning 300 nafarga yaqin fuqarolari Ukrainada qolyapti.
«Senatdagi avvalgi uchrashuvlarimizda ham ish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan boshqa fuqarolarimiz, talabalarni chet davlatlarda manfaatlarini birgalikda qanday himoya qilish to‘g‘risida fikr almashganmiz va o‘tgan yillar mobaynida prezidentimiz tashabbuslari bilan juda katta qarorlar qabul qilindi, xalqaro shartnomalar imzolandi.
Shu voqealar boshlanishidan oldin biz shunday og‘ir vaziyat bo‘lishi mumkinligini sezgandik. Eng avvalo, elchixonada xodimlarning oilalarini, yosh farzandlarini qaytarishga harakat qildik.
Ukraina va Polshadagi elchixonalarimizga ko‘maklashish uchun Turkiyadagi diplomatlarimiz, shuningdek, Toshkentdan Tashqi ishlar vazirligi xodimlaridan iborat bir necha guruhlarni yubordik. Hammamiz birgalashib, mana shu evakuatsiya jarayonida vatandoshlarimizni, fuqaroalarimizni vatanga qaytarishga harakat qildik.
Bu jarayonda bizga Polsha prezidenti janob Duda juda katta yordam berdi. Uning o‘zi barcha harakatlarimizni nazoratga olib, bizga minnatdorlik bildirdi. Nega deganda, o‘z paytida biz ularning fuqarolari Afg‘onistondan Polshaga qaytishiga juda katta yordam berdik.
Bugungi kunda taxminan 6 mingga yaqin fuqarolarimiz eson-omon qaytarib olib kelindi. Bu yerda eng katta qiyinchilik shundan iborat bo‘ldiki, ochig‘ini aytganda, xavfsizlik nuqtayi nazaridan fuqarolarni bir hududdan ikkinchisiga, bir shahardan boshqasiga olib borish bo‘ldi. Lekin biz kerakli avtotransport vositalarini ijaraga oldik. Polsha Tashqi ishlar vazirligi va hukumati, Ukrainadagi hamkorlar bilan kelishib, 6 mingga yaqin fuqarolarni olib keldik.
Bugungi kunda 300ga yaqin fuqarolarimiz Ukrainada qolmoqda. Ular bilan muloqotdamiz, barchalariga yordam berilmoqda. Shu bilan birga, xavfsizlik masalasi murakkab xarakter kasb etmoqda. Yaqin orada qolgan vatandoshlarimizni ham yurtimizga qaytarish masalasi hal qilinadi.
Ma’lumki, o‘z vaqtida biz Suriya, Iroq, Afg‘oniston kabi mamlakatlarga adashib borib qolgan fuqarlarimizni qaytarib olib kelgandik. Masalan, Suriyada asosiy muammo bir mintaqadan ikkinchisiga o‘tishda edi. Zero, davlat bo‘linib ketgan, har bir hududda mahalliy guruhlar o‘z hukmronligini o‘rnatgan bo‘lib, ularning har biri bilan kelishgan holda, vatandoshlarimizni sog‘-salomat olib kelgandik.
Ochig‘ini aytganda, Ukrainadan yurtdoshlarimizni olib kelish ham oson bo‘lgani yo‘q. Ushbu mamlakatda harbiy harakatlar ketmoqda, odamlar halok bo‘lmoqda, harbiy kuchlar jalb etilgan. Mazkur qiyinchiliklarga qaramay, 6 mingga yaqin fuqaromizni sog‘lik-salomatlikda olib keldik», degan Abdulaziz Komilov.
Mavzuga oid
09:00
Kiyev: Tramp inauguratsiyasigacha «tinchlik rejalari» haqidagi gaplar asossiz
08:19
Bayden respublikachilarni Ukrainaga yordam berishga ko‘ndirmoqchi
21:05 / 10.11.2024
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
20:11 / 10.11.2024