Business class | 18:37 / 26.04.2022
337730
4 daqiqa o‘qiladi

Yulduz Usmonova endi biznesda: “MY MED” klinikasiga ichkaridan nazar

Business Class loyihasining navbatdagi “nishoni” – xonanda Yulduz Usmonova ochgan “MY MED” klinikasi. San’atkor biznesga qanday kelib qolgani, klinika ochishga qancha pul ketgani, bu mablag‘ qancha vaqtda o‘zini oqlashi va markaz kimlarga mo‘ljallangani haqida batafsil – BC'ning yangi sonida tomosha qiling.

Toshkent shahri Sergeli tumanida joylashgan “MY MED” klinikasi diagnostika maqsadida ochilgan bo‘lib, bu yerda bemorlarga tashxis qo‘yiladi.

Yulduz Usmonova bu biznesini boshlash uchun “juda katta sarmoya ketgani”ni aytdi.

“Yoshlik paytlari Marg‘ilonda to‘quvchilik bilan shug‘ullanganim uchun tadbirkorlik sohasi men uchun birmuncha tanish. Bunga qaramasdan, yetarlicha bilim va tajribaga ega maslahatchiga ehtiyojim bor edi. Turmush o‘rtog‘im Mansur aka ana shu vazifani uddalay oldi. Bilsangiz, Sergeli tumanida ko‘plab qurilishlar amalga oshyapti va biz ham shu yerlarda biznes boshlash niyatida edik.

Dastlab, bu joyda tekstil mahsulotlari ishlab chiqariladigan korxona ochmoqchi bo‘lgandik. Ammo binoning 2-qavatida klinika ochish g‘oyasini turmush o‘rtog‘im anchadan buyon o‘ylab, pishirib kelayotgan ekan. Shifokorlar bilan maslahatlashib, obdon o‘ylab, klinika ochishga qaror qildik. Klinika nomidagi “M” va “Y” harflari – turmush o‘rtog‘im va mening ismim birinchi harflaridan olindi.

Sergeli tumanida na davlat va na xususiy klinikalar bo‘lgan. Odamlar davolanish uchun shahar markaziga qatnashiga to‘g‘ri kelardi. Ularning mushkulini oson qilish ustuvor maqsadlarimizdan biriga aylandi. Men klinika biznesini boshlashdan osoni bo‘lmasa kerak, deb yurardim. Ammo klinika ochguncha ona sutim og‘zimga keldi desam mubolag‘a qilmagan bo‘laman. Ilk bosqichda juda ko‘plab muammolarga duch keldik. Klinikaga munosib tibbiyot xodimlarini, uskunalarini qidirib topguncha katta mablag‘ ketib qoldi. Biznesga juda katta sarmoya ketib qolgan bo‘lsa-da, aslo pushaymon emasman”.

Biz “MY MED” klinikasi bilan tanishib chiqdik. Markaz mehmonlar qabul qilish xonasi, bolalar uchun mos dizaynga ega pediatr, zamonaviy moslamalar bilan jihozlangan ginekolog, LOR, kardiolog, nevropatolog, oftolmolog va sterilizatsiya xonalaridan iborat.

Tibbiyot klinikasini biznes desak bo‘ladimi?

“Hozirgi kunda klinika biznes ko‘rinishiga kelib qoldi. Lekin uning bosh vazifasi bu insonlar salomatligidir. Tadbirkorlar shuni bilishi kerakki, klinika biznesini boshlash uchun juda katta sarmoya kerak bo‘ladi, chunki xorijdan keltiriladigan tibbiyot moslamalari juda qimmat, tibbiyot xodimlarining maoshlari ham hisobga olinishi kerak. Masalan, “MY MED” klinikasida shifokorlarga oylik emas, qabul qilgan mijozining to‘lovidan kelib chiqqan holda foizlardan belgilangan: kim bilandir 50/50, yana bilandir boshqa shaklda kelishilgan.

Umumiy hisobda, menimcha, taxminan 1 mln dollar mablag‘ ketib qoldi. Klinika biznesini boshlamoqchi bo‘lgan odam kamida 3-5 yil daromad haqida umuman o‘ylamasligi talab etiladi”, – deydi markaz xodimlaridan biri.

Business Class loyihasining asosiy e’tibor qaratadigan jihatlari – bu biznesning raqamlarga oid ma’lumotlaridir. Boshlab olish uchun qancha sarmoya ketadi, chet eldan keltirilgan uskuna narxlari, xarajatlar va albatta, bu biznesdan qancha daromad ko‘rish mumkin degan barcha savollarga javob olishga urindik. Ko‘rsatuvning YouTube'dagi to‘liq talqinini ko‘rish orqali kerakli raqamlar bilan tanishasiz.

Business Class'ni kuzatib boring, biz biznesni ichkaridan ko‘rsatamiz. Bir-biridan qiziq kompaniyalar hali oldinda.

Ijodiy jamoa:
Eldor Abdulvohid
Nuriddin Nursaidov
Ibrohim Samatov
Afzalbek Muhammadjonov

“MY MED” bilan aloqa:

+998956503030

+998999810303

Mavzuga oid