O‘zbekiston | 18:36 / 26.07.2022
13371
2 daqiqa o‘qiladi

«Hali «Tolibon»ni tan olish masalasi ko‘tarilayotgani yo‘q» - Abdulaziz Komilov

Komilov Afg‘oniston hukumatini yaqin kelajakda tan olish masalasi hozir kun tartibida yo‘qligini, lekin boshqa davlatlar bilan munosabatlarning normallashuvi bunga yo‘l ochishini ta’kidladi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov 26 iyul kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya doirasida jurnalistlar bilan muloqot qildi va Afg‘oniston muvaqqat hukumati xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishi ehtimoli haqidagi savolga javob qaytardi.

U ushbu tadbir ancha ijobiy o‘tgani, Afg‘onistondagi o‘yinchilar o‘rtasida ham aloqalar yaxshilanganini ta’kidladi.

«Afg‘onistonda NATO davlatlari va ikkinchi tarafning munosabatlari juda murakkab edi. Bugun munosabatlar ancha yaxshilanganiga guvoh bo‘ldik. Muzlatilgan resurslardan foydalanish masalasi barcha tomonidan ko‘tarildi. O‘ylaymanki, bu borada yaxshi tomonga o‘zgarishlar bo‘lyapti. Oldingi kun tartibi orqada qoldi, bugun asosiy masala Afg‘onistonning iqtisodiy taraqqiyoti va unga bog‘liq loyihalar mavjud. Biz yangi Afg‘oniston qurilishi modelini muhokama qilyapmiz.

Bugun «Kelinglar, ertaga «Tolibon»ni tan olamiz», degan masala ko‘tarilmadi. Lekin o‘zgarishlar ijobiy, boshqa davlatlar bilan aloqalarni normallashtirib borish «tan olish» masalasidagi yo‘lning bir qismi», deya Komilovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

«Tolibon»ni qaysi davlat birinchi tan olishi borasidagi savolga javoban, Abdulaziz Komilov hazil tariqasida hozircha tan olishga navbat yo‘q, deya javob berdi.

Mavzuga oid