Jahon | 13:52 / 29.07.2022
34183
5 daqiqa o‘qiladi

Bayden va Jinping Tayvan masalasida bir-birini ogohlantirdi

AQSh va XXR yetakchilari payshanba kuni ikki soatdan ortiq vaqt davomida telefon orqali muloqot qilishdi va boshqa masalalar qatorida Tayvan masalasida ham gaplashib, bir-biriga ogohlantirish berdi.

Foto: Reuters

Oq uy hisobotiga ko‘ra, AQSh prezidenti Jo Bayden Si Jinpingni Qo‘shma Shtatlar orol maqomini bir tomonlama tartibda o‘zgartirishga qaratilgan har qanday urinishga qat’iyan qarshi ekanidan ogohlantirgan.

Pekin esa Si Jinping muloqotda Baydenni «Yagona Xitoy» prinsipiga amal qilishga chaqirgan va amerikalik prezidentni «kim olov bilan o‘ynashsa, uning o‘zi kuyib qolishi»dan ogohlantirgan.

«Biz «Tayvan mustaqilligi» separatizmiga qat’iyan qarshimiz va Tayvan mustaqilligi kuchlariga hech qachon o‘rin qoldirmaymiz. Xitoy hukumati va xalqining «Tayvan masalasi» bo‘yicha pozitsiyasi bir xil va 1,4 mlrd nafardan ortiq xitoyliklar milliy suverenitet va Xitoy hududiy yaxlitligini himoya qilishga qat’iy ahd qilgan. Jamoat fikrini buzib bo‘lmaydi, o‘t bilan o‘ynashsangiz, kuyib qolasiz. Amerika tomoni buni yaxshi anglaydi deb umid qilaman»,— deya XXR raisining so‘zlarini keltiradi CCTV. 

XXR Tayvanni yagona Xitoy davlatining isyonkor qismi deb biladi va rasman uni kuch bilan qo‘shib olish imkoniyatini istisno etmaydi.

AQSh bir tomondan «yagona Xitoy» tamoyiliga rioya etadi va Tayvanni mustaqil davlat sifatida tan olmagan, boshqa tomondan demokratik Tayvanni harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab keladi.

AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Tayvanga tashrif buyurishga tayyorlanayotgani haqidagi xabarlar ortidan orol atrofidagi bahslar harorati yana bir bor oshdi.

Davlat departamenti Pelosi bunday rejasi haqida e’lon qilmaganini ma’lum qilgan, shu bilan birga, agar tashrif amalga oshgan taqdirda u qandaydir «jiddiy oqibatlar» keltirib chiqarishini bildirgan.

O‘tgan haftada Jo Bayden jurnalistlarga amerikalik harbiylar Pelosining Tayvanga uchmagani ma’qul ekanini aytayotgani haqida gapirdi. Boshqa tomondan, Bayden ma’muriyati vakili Xitoyning bu boradagi bayonoti «vaziyatdan chiqishga yordam bermasligi va keraksizligi» haqida aytdi.

Agar Nensi Pelosining tashrifi baribir amalga oshsa, bu so‘nggi 25 yillikda ilk amerikalik yuqori martabali mulozimning orolga kelishi bo‘ladi. Vakillar palatasi spikeri - Amerika davlatchiligi iyerarxiyasida prezident va vitse-prezidentdan keyingi uchinchi shaxs hisoblanadi.

Oq uy xabariga ko‘ra, Bayden va Sining payshanba kungi telefon muloqoti chog‘ida o‘zaro uchrashuv o‘tkazish imkoniyati ham muhokama qilingan.

Ular 2015 yilda uchrashishgan, o‘shanda Si AQShga tashrif buyurgandi, ammo o‘shanda Bayden vitse-prezident edi. Prezident sifatida u hali xitoyliklar yetakchisi bilan uchrashmagan.

BBC’ning AQSh Davlat departamentidagi korrespondenti Barbara Plettning so‘zlariga ko‘ra, tahlilchilar Bayden ham, Si ham o‘z mamlakatlari o‘rtasida ochiq ziddiyat boshlanishini istamaydi, ammo hozirgi ritorika darajasida bir-biri bilan uchrashishni ham xohlamaydi, deb hisoblamoqda.

Oq uyning mazkur telefon muloqoti to‘g‘risidagi press-relizida «ixtiloflarni mas’uliyat bilan hal qilish» hamda AQSh va Xitoy manfaatlari bir-biriga mos keladigan masalalarda hamkorlik qilish haqida yozilgan. 

Pekin o‘zining nisbatan uzunroq hisobotida ikki mamlakat manfaatlari ko‘p sohalarda bir-biriga mos kelishi aytiladi, ammo ayni paytda Qo‘shma Shtatlar munosabatlarga putur yetkazishda ayblanib, Bayden ma’muriyati Xitoyni rasman AQShning raqibi va Amerika siyosati uchun uzoq muddatli muammo deb hisoblashi eslatiladi.

BBC korrespondenti Rupert Uingfild-Heyzning qayd etishicha, xitoylik rasmiylar bu yil ham, avvalgi yillarda ham olov bilan o‘ynashish haqida tahdidli iboralarni qo‘llashgan, ammo bu amerikaliklar ularga yoqimsiz bo‘lgan qandaydir harakatga qo‘l ursa, masalan, Nensi Pelosi Tayvanga uchib kelsa, Xitoy ushbu orolga bostirib kirishga tayyorligini anglatmaydi. Bu bilan xitoyliklar agar AQSh hozirgidek siyosat yuritishda davom etsa, bu oxir-oqibat ochiq ziddiyatga olib kelishi mumkinligini aytmoqchi bo‘ladi.

Mavzuga oid