Nogironlar «sig‘mayotgan» bosh kent. Unutilganlar muammosi unutilmasligi kerak
Mamlakatning bosh shahri Toshkent nogiron insonlar yashashi, harakatlanishi uchun qanchalik qulay? Bu savolga javob olish maqsadida nogironlik aravachasida harakatlanuvchi qahramonimiz bilan poytaxt ko‘chalarida kichik tajriba o‘tkazdik.
Toshkent yo‘llari nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay emasligi, shaharda to‘siqsiz muhit yaratilmaganiga hamma ham e’tibor beravermaydi. Chunki aksar salomat odamlar barchamiz kabi teng huquqlarga ega nogironlar haqida yilda bir-ikki marta, nogironlarni ko‘rgandagina o‘ylashi mumkin. Ko‘chalarda esa nogironlarni deyarli uchratmaysiz. Yo‘q, nogironlar kamligi uchun emas, ularga ko‘chalarda harakatlanish uchun sharoit yo‘qligi sabab.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘istonda amaldorlar yo‘l quruvchilari bilan birga nogironlar aravachasiga o‘tirib, ko‘chalar nogironlar uchun qanchalik qulayligini ko‘zdan kechirishi tasvirlangan video odamlar orasida keng muhokama qilindi.
Biz ham mana shu videodan ilhomlanib, mansabdor shaxslar bilan bo‘lmasa-da, bir necha yillardan beri aravachada harakatlanuvchi qahramonimiz Farrux Abdurahmonov bilan poytaxt ko‘chalarida bo‘ldik.
15 yildan buyon aravachada harakatlanayotgan suhbatdoshimizning aytishicha, shu vaqtgacha Toshkent ko‘chalari nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirilmagan: «Men yordamchimsiz ko‘chaga chiqa olmasdim. Ayolim ham deyarli tashqariga chiqmaydi, chunki u ham aravachada yuradi va ko‘chaga chiqishi uchun 3-4 kishi yordam berishi kerak», deydi qahramonimiz.
Farrux Abdurahmonov bilan turli manzillarda bo‘ldik. Ilk tajriba Yashnobod tumani Farg‘ona yo‘li ko‘chasida Islom ota masjidiga yetmay joylashgan yerusti o‘tish yo‘lida bo‘ldi.
Mazkur yo‘l o‘tkazgichi deyarli standartlarga mos ravishda qurilgan, unga zinalar va panduslar o‘rnatilgan. Ammo afsuski, aravachada harakatlanadigan insonning chiqishi uchun qulay emas. Nogiron inson birovning yordamisiz yo‘lning narigi tarafiga o‘ta olmaydi. Farrux Abdurahmonov bu pandusga 3 daqiqa 47 soniya deganda chiqa oldi. Shunda ham yolg‘iz o‘zi emas, boshqa insonning ko‘magi bilan.
«Bu pandusning usti yopilmagan, nogironlar qor yoki yomg‘irda undan chiqolmaydi, sirpanchiq bo‘lib qoladi. Shuncha pul sarflagandan ko‘ra, muammoni bitta lift bilan hal qilsa bo‘lardi. Nogiron inson bu pandusga chiqqandan ko‘ra, yo‘lni kesib o‘tishni ma’qul ko‘radi», deydi suhbatdosh.
Keyingi manzil xalq tilida «Ganga» deb ataladigan Sebzor va Abdulla Qodiriy ko‘chalari kesishmasidagi yerusti o‘tish yo‘li bo‘ldi. Avvaliga liftda ko‘tarilmoqchi bo‘ldik, ammo eshik qulflangandi. Keyin surishtirsak, ancha oldin liftlar bu o‘tkazgichning ikki tomonidan ham olib tashlangan, sabablari esa noma’lum. Ayni vaqt lift uchun ajratilgan joy kichik tadbirkorlik sub’yektiga aylantirilgan.
Buning ustiga o‘rnatilgan eskalatorlar ham ishlamayapti. Mahalliy aholining ta’kidlashicha, bir tomondagi eskalator bir necha oydan buyon ishlamaydi, ikkinchisi esa goh ishlab, goh ishlamaydi. Afsuski, bu holat faqat mazkur manzilda emas, boshqalarida ham tez-tez kuzatiladi.
Toshkentdagi yerusti yo‘l o‘tkazgichlarining aksariyat eskalatorlari nima sababdan ishlamayotgani yuzasidan shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi vakiliga yuzlandik. Boshqarma vakili Rasuljon Yo‘ldoshevning ta’kidlashicha, ehtiyot qismlar yo‘qligi sabab eskalatorlar ishlamayapti. U aynan «Ganga»dagi eskalator tez kunda ta’mirlanishini aytdi.
Boshqarma mas’ullari ishni tashkil qilayotganda mazkur muammolar yuzaga kelish ehtimolini inobatga olgan yoki yo‘qligi aniq emas. Nosozliklar bosqichma-bosqich bartaraf etilishi va’da qilingan, ammo aynan qachonligi ham noma’lum. Anig‘i shuki, piyodalar ancha vaqtgacha eskalatorlardan to‘laqonli foydalana olmaydi.
Yerosti yo‘lida ham sharoit yo‘q
«Ganga»dagi yerosti yo‘lida ham sharoit yaratilmagani yaqqol ko‘rinib turibdi. Undagi shvellerdan yasalgan panduslar nogironlik aravachasining g‘ildiraklari sig‘adigan darajada o‘rnatilmagan, buni tasvirlarda ham ko‘rish mumkin.
Panduslarning juda qiya qilib o‘rnatilgani istalgan aravachaning pastga tushishiga to‘sqinlik qiladi. Nahotki qurilishda bu jihatlar inobatga olinmagan bo‘lsa?
Moslashmagan avtobus va bekatlar
Qahramonimiz bilan avtobus bekatlarida ham bo‘ldik. O‘tib ketayotgan avtobus va taksilarning hech biri uni ilg‘agani ham yo‘q. Jamoa transportida harakatlanuvchi qimmatbaho Mercedes avtobusi pandus tushirishini kutdik, ammo bunday bo‘lmadi. Umuman, avtobuslar na bekatga yaqin joyda to‘xtadi, na konduktor tushib imkoniyati cheklangan yo‘lovchiga yordam berdi.
Yunusobod tumani Ahmad Donish ko‘chasida yangi yerusti o‘tkazgichi qurilmoqda. U yerda imkoniyati cheklanganlarga qanday sharoit yaratilayotgani bilan qiziqdik. Zinalar qad rostlagan, qurilish davom etmoqda, lekin hech qanday pandus yoki uning o‘rnini bosuvchi lift, eskalator uchun joy ham tashlanmagan. Nima uchun yangi qurilayotgan obektlarda ulardan nogironlar ham foydalanishi inobatga olinmaydi?
Mavzu yuzasidan O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov bilan suhbatlashdik. Uning ta’kidlashicha, deyarli har kuni yo‘llardagi muammolar bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushadi.
«Shahar ko‘chalarini aylansak, nogironligi bor odamlarni uchratavermaymiz. Bu ular Toshkentda yashamayapti degani emas, shunchaki yetarli darajada to‘siqsiz muhit yaratilmagani uchun nogiron insonlar ko‘chaga chiqmaydi. Toshkent shahrining o‘zida rasman 45 ming nafar imkoniyati cheklangan inson bor, norasman esa ularning soni 70 mingdan ko‘proq. Biz nogironlarni uyiga qamab o‘tiribmiz, chunki ko‘chaga chiqaman desa, hech narsa unga moslashmagan, oddiy dorixonaga ham kirolmaydi.
Agar to‘siqsiz muhit yaratmasak, nogironligi bor shaxslar birorta huquqlaridan foydalanolmaydi. Chunki ular hech qayerga chiqolmaydi.
To‘siqsiz muhit talablari qonunchilikda bor, bu qonunning qabul qilinganiga 30 yildan oshdi, nima sabab bunga rioya qilinmayapti? Shuning ildizini topishimiz kerak», deydi assotsiatsiya rahbari.
«Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 9-moddasiga ko‘ra, tegishli obektlarning loyihalari nogironlar jamoat tashkilotlari bilan kelishib olinishi kerak. Ammo bu ish qog‘ozda bor, amalda esa bee’tibor qolib ketmoqda.
Xo‘sh, nima sabab qurilish obektlari hanuzgacha imkoniyati cheklanganlar uchun moslashmagan? Bu savol bilan Qurilishda texnik me’yorlash markazi bosh mutaxassisi Durdona Rahimovaga yuzlandik. Uning ta’kidlashicha, bunga buyurtmachi tashkilot yaxshi ishlamayotgani eng katta sabablardan biri hisoblanadi.
«Loyihalashtirish topshirig‘ining barcha majburiyatlari buyurtmachiga yuklatilgan. Buyurtmachi bu topshiriqqa nimani yozsa, loyihachi shularni loyihalashtirib beradi, shu asosda quruvchi uni qurib beradi. Bu yerda quruvchini ayblash noto‘g‘ri. Chunki unga ham tayyor mahsulot keladi.
Bugungi kunda 366 ta ShNQ (shaharsozlik normalari va qoidalari) bo‘lsa, shuning 50 foizidan ortig‘iga yangilik kiritilmoqda. Ishlab chiqayotgan ShNQga qo‘shimcha ravishda yana bittasi, ya’ni loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, tartibga solish, tasdiqlash bor. Mana shunda hamma narsalar majburiyat sifatida kiritib ketilmoqda.
Agar ishlab chiqqan normamizni qonun tomonidan mustahkamlab qo‘ysak, qaysidir tashkilotlarni ko‘paytirib, tekshirib o‘tirishning ham hojati qolmaydi. Chunki bu o‘z-o‘zidan ishlaydigan narsa», deydi Durdona Rahimova.
Umuman olganda, bu borada muammolar juda ko‘p. Ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar ham belgilangan. Ularning ijrosi ta’minlanishi shart, chunki nogironlar ham shaharlarda, mamlakatning barcha ko‘chalarida erkin harakatlana olishi, o‘zini jamiyatning bir qismi ekanini his qilishi kerak. Shundoq ham taqdirning qattiq zarbasiga uchragan bu insonlar yakkalanib qolmasligi lozim. Toshkentning “kattalari” ham nogironligi bor insonlar muammosiga befarq emas deb umid qilamiz.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Tasvirchilar: Asadbek Kuryazov,
Abduqodir To‘lqinov, Javohir G‘ayratov.
Montaj ustasi: Asadbek Kuryazov.
Mavzuga oid
16:35 / 23.12.2024
1 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent metropoliteni ish jadvali 2 soatga uzaytiriladi
18:02 / 21.12.2024
Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
13:54 / 19.12.2024